Xotin-qizlar qadr-qimmatini ulug‘lash  – Yangi O‘zbekistonda davlat siyosatining ustuvor mezoni

8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni

 

Joriy yilda ham xotin-qizlarning ushbu qutlug‘ bayrami fayzli Ramazon oyida bo‘lib o‘tayotgani uning ezgu ruhi va mazmunini yanada oshirmoqda. Zero, O‘zbekiston Prezidenti ta’biri bilan aytganda, muqaddas dinimiz ham muhtarama onalarimiz, dilbar opa-singillarimiz, munis qizlarimizga hamisha yaxshilik qilishga, ularning izzat-hurmatini joyiga qo‘yishga buyuradi.

Mamlakatimizda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani natijasida oilaga, ayol zotiga bo‘lgan munosabat tobora yuksalib, muhtarama onalarimiz, suyukli rafiqa, opa-singil va salohiyatli xotin-qiz hamkasblarimizga hurmat-ehtirom ko‘rsatish hayotimizning ma’no-mazmuniga, asosiy maqsadiga aylangan.

Ushbu sohadagi ishlar, xususan, ayollar huquqlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari takomillashtirilib, ayollarni himoya qilishning institutsional asoslari mukammallashtirilmoqda. Aholining gender tenglik va ayollar huquqlari to‘g‘risida xabardorligini oshirish, huquqni qo‘llash amaliyotida ayollar huquqlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash uchun mas’ul mansabdor shaxslarni tegishli huquqiy normalar asosida o‘qitish kabi muhim yo‘nalishlarda izchil ish olib borilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasi 75-yubiley ses­siya­sida qayd etganidek, "Biz uchun gender tenglik siyo­sati ustuvor masalaga aylandi. Xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi o‘rni tobora kuchaymoqda".  Bu haqda fikr yuritganda, mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini kengaytirishga, oilalar farovonligini ta’minlashga oid milliy tajriba – O‘zbekiston modeli amalga oshirilayotganini alohida ta’kidlash lozim.

Davlatimiz rahbari BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqida mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayoti va ishbilarmonlik sohasida ayollarning rolini tubdan oshirishga qaratilgan ishlarning kelgusida ham qat’iy davom ettirilishini ta’kidlagani bejiz emas. Chunki bu – davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.

Shu asosda sohaga doir xalqaro standartlarga mos milliy qonunchilik takomillashtirilib, yurtimizda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoyalash yuzasidan 40 dan ziyod normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Bu borada, ayniqsa, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan xotin-qizlarning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy faolligini oshirish, onalik va bolalikni himoya qilish, gender tenglikni qaror toptirish, ayollarning huquq va manfaatlarini ta’minlashga doir keng ko‘lamli chora-tadbirlar o‘z natijasini berayotgani alohida tahsinga loyiq.

Yaqinda, 2026-yil 16-fevralda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish» yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va «O‘zbekiston-2030» strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmoni  qabul qilindi. Bu hujjat jamiyatimiz tomonidan qizg‘in kutib olingani bejiz emas.

Ma’lumki, “O‘zbekiston–2030” strategiyasining 25-maqsadi oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini kuchaytirish, xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy faolligini oshirish va gender tenglikni ta’minlashdan iborat. Prezidentimiz Farmoni bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston-2030» strategiyasini “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi bo‘yicha amaliy tadbirlar rejasida bu borada bir qator vazifalar belgilab berilgan.

Xususan, 2026-yil davomida Kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriylarda 200 nafar ko‘p bolali (to‘rt va undan ortiq), kam ta’minlangan oilalardan bo‘lgan ayollar bepul sog‘lomlashtiriladi. Xotin-qizlarni mehnat bozorida raqobatbardosh kasb-hunar turlariga o‘qitish orqali bandligini ta’minlashga ko‘maklashish hamda ular o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadiga xizmat qiladigan tegishli chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Shuningdek, 1091 ta mahallada xususiy sektorlarni jalb qilgan holda xotin-qizlar bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazlari davlat-xususiy sheriklik asosida yoki kasb-hunar o‘rgatish faoliyati bilan belgilangan tartibda shug‘ullanuvchi tashabbuskor tadbirkorlar binolarida tashkil etiladi.

Axborot texnologiyalari sohasida 100 ming nafar xotin-qizning savodxonligi oshiriladi. Har bir hududda xotin-qizlarni kasanachilik asosida band qilgan lider tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash dasturi ishlab chiqilib, ularning xorijiy davlatlarda tajriba almashishi tashkil etiladi.

Gender tenglik bo‘yicha amaldagi qonunchilik normalarini amaliyotga joriy etishda mavjud muammolar o‘rganiladi. Ularni bartaraf etish choralari ko‘riladi.

Bundan tashqari, xotin-qizlar o‘rtasida bir qancha tanlovlar tashkil etilishi ko‘zda tutilmoqda. Avvalo, “Hududning eng yaxshi 100 ta innovatsion loyihalari” tanlovi o‘tkaziladi. Shuningdek, kashtachi va dizaynerlar o‘rtasida o‘tkazish rejalashtirilgan “Ipak kashta jilosi” respublika tanlovi milliy merosni asrash, kashtachilik san’atini targ‘ib qilish, ishsiz ayollarni daromad topishga o‘rgatish, ko‘rgazmalarda ishtirok etishiga ko‘maklashish maqsadida ijobatga xizmat qilishi tayin.

 “O‘zbekiston–2030” strategiyasida onalar va bolalar o‘limini qisqartirish, sog‘lom bolalikni ta’minlash masalasi ham alohida maqsadlardan biri (16-maqsad) etib belgilangan. Binobarin, mazkur Strategiyani “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi bo‘yicha amaliy tadbirlar rejasining 31-bandida tug‘ish yoshidagi va homilador ayollarga hamda bolalarga 7 turdagi vitaminlar, yod va foliy kislotasini bepul tarqatish ishlarini davom ettirish ko‘zda tutilgani juda muhim.

Bunda joriy yil yakunigacha, birinchidan, barcha homilador va 1,5 million nafar bola emizuvchi ayollar yod preparati bilan, ikkinchidan, 5,9 million nafar 35 yoshgacha tug‘ish yoshidagi ayollar ko‘rsatmaga muvofiq temir va foliy kislotasi preparati bilan bepul ta’minlanadi. Bu ishlarning barchasi Davlat byudjetidan ushbu maqsadlar uchun ajratilgan mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi.

Shuni ham qayd etish joizki, Prezidentimiz 2025-yil 26-dekabrda Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga taqdim etgan Murojaatnomasida xotin-qizlarning qadr-qimmatini joyiga qo‘yish, farzandlarimizni himoya qilish – qadim-qadimdan erkaklar uchun sha’n va g‘urur masalasi bo‘lib kelgani haqida alohida to‘xtaldi. Lekin jamiyatimizda ayollar va bolalarning turli zo‘ravonliklarga uchrayotgani buyuk tarix, yuksak ma’naviyat va ma’rifatga ega bo‘lgan, oilani muqaddas deb biladigan xalqimizga aslo yarashmaydi, deb uqtirdi.

So‘nggi ikki yilda ayollar va bolalarga nisbatan oilaviy zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha 2 mingdan ziyod jinoyat aniqlangani o‘ta achinarlidir. Murojaatnomada ta’kidlanganidek, “Hech qachon unutmaylik, oilaviy zo‘ravonlik – bu faqat oilaning ichki ishi emas, bu – butun jamiyatga tegishli masala. Ayolni o‘z muammosi bilan yolg‘iz tashlab qo‘yishga hech kimning haqqi yo‘q!”

Shu ma’noda, davlatimiz rahbari ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha respublika muvofiqlashtiruvchi kengashi oldiga dolzarb vazifa qo‘ydi. Bu o‘rinda Muvofiqlashtiruvchi kengash barcha davlat idoralari va keng jamoatchilikni safarbar qilgan holda, bunday salbiy holatlarga barham berish bo‘yicha samarali ishlaydigan tizim yaratishi zarurligi haqida so‘z bormoqda.

 Prezidentimizning 2026-yil 16-fevraldagi Farmoni bilan tasdiqlangan Davlat boshqaruvi va sud-huquq tizimini takomillashtirish, jamiyatda birdamlikni ta’minlash orqali uni yuksaltirish bo‘yicha ustuvor islohotlar dasturining 14-bandida ayni shu tizimni yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq ustuvor vazifalar belgilandi. Dastur asosida, xususan:

birinchidan, ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha ko‘rinishlariga barham berish maqsadida javobgarlik choralari kuchaytirilib, 14 yoshga to‘lmagan shaxslarga nisbatan sodir etilgan jinsiy jinoyatlar uchun umrbod ozodlikdan mahrum etishgacha bo‘lgan jazo choralari belgilanadi;

ikkinchidan, voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilgan jinsiy va zo‘ravonlikka oid jinoyatlarni tergov qilishni prokuratura organlari vakolatiga o‘tkaziladi;

uchinchidan, voyaga yetmagan shaxslar va xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik bilan bog‘liq ishlarni tergov qilish va ko‘rish maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan tergovchi va sudyalar tomonidan amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yiladi;

to‘rtinchidan, oila va xotin-qizlar maskanlarida yosh nikohlanuvchilar uchun maxsus o‘qitish dasturlarining samaradorligini oshirish, shu jumladan, fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida psixolog, huquqshunos va boshqa mutaxassislarni jalb qilish orqali oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikka qarshi kurashish choralari ko‘riladi.

Bugungi kunda yurtimiz xotin-qizlari – o‘z xonadonining fayzu farishtasi bo‘lgan ayollarimiz jamiyat va davlat hayotining barcha sohalaridagi islohotlarda ham faol ishtirok etmoqda. Yangi O‘zbekistonda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, oila institutini har tomonlama mustahkamlash bo‘yicha eng quyi bo‘g‘in – mahalla va xonadongacha kirib boradigan vertikal tizim yaratilgani tufayli ham muhim samaralar qo‘lga kiritilmoqda.

Mahallalarda xotin-qizlar faoli lavozimi joriy etilgani va unga davlat xizmatchisi maqomi berilgani, ayollar mehnati to‘liq yoki qisman qo‘llanilishi taqiqlanadigan mehnat sharoiti noqulay bo‘lgan ishlar ro‘yxati bekor qilingani kabi yangiliklar diqqatga sazovordir. Bunday muhim omillar Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida xotin-qizlarimiz alohida o‘rin tutishini yaqqol anglatib turibdi.

Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining 60-maqsadida reproduktiv yoshdagi va homilador ayollar, bolalar uchun yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha dolzarb masalalar qamrab olingan bo‘lsa, 69-maqsadi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlashga qaratilgan. O‘z navbatida, Taraqqiyot strategiyasining 85-maqsadi doirasida ayollar orasidagi ishsizlik darajasini 2 barobar kamaytirish, 80 mingdan ziyod ishsiz xotin-qizni davlat hisobidan kasb-hunarga o‘qitish, xotin-qizlarni tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimizning  2022  yil  7  martdagi  “Oila  va  xotin-qizlarni  tizimli qo‘llab-quvvatlashga  doir  ishlarni  yanada jadallashtirish  chora-tadbirlari  to‘g‘risida”gi  farmoni  bilan  2022-2026-yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish bo‘yicha milliy dastur tasdiqlandi. Mazkur hujjat  bilan  xotin-qizlarning  ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy huquqlarini ta’minlashga  qaratilgan  qator  chora-tadbirlar belgilab  olindi  va  amaliy  ijrosi  ta’minlanayapti.

Mehnat kodeksi va boshqa tegishli normativ-huquqiy hujjatlarga xotin-qizlar uchun taqiqlangan kasbiy faoliyat sohalarini qisqartirish, qonunchilikdagi gender-asimmetrik qoidalarni bartaraf etishga qaratilgan qo‘shimchalar va o‘zgartishlar kiritildi. Xotin-qizlar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlashning institutsional asoslari yanada mustahkamlandi.

Ushbu dasturiy hujjatlarning ijrosi Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar rejasi, Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya, Barqaror rivojlanish maqsadlari kabi xalqaro shartnomalar doirasidagi majburiyatlarimizni bajarishga ham ko‘maklashmoqda. Yana bir muhim hujjat – 2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasi gender tenglikka erishish strategiyasi ham hayotga keng tatbiq etilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, yangi tahrirdagi Konstitutsiya asosida mamlakatimizda xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, davlat va jamiyat boshqaruvidagi o‘rni va nufuzini yanada oshirish, ularning o‘z salohiyatini namoyon etishlari uchun sharoitlarni kengaytirish, gender tenglik, oila, onalik va bolalikni himoya qilish borasidagi ishlar yangi bosqichga ko‘tarilib bormoqda.

 

Farida XAKBERDIYEVA,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi

Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘limi bosh mutaxassisi

Powered by GSpeech