MANFAATLAR TO‘QNASHUVI –  INSON, JAMIYAT VA DAVLAT HUQUQLARI HAMDA MANFAATLARIGA GA PUTUR YETKAZISHDIR

Manfaatlar to‘qnashuvi nima degani? Ushbu huquqiy tushunchaning ma’no-mohiyatini imkon qadar sodda mazmunda ifodalaydigan bo‘lsak, manfaat – sizu bizning haq-huquqlarimiz. Chunki har bir to‘g‘ri narsa ham, har bir kishining halol yo‘l bilan qo‘lga kiritgan huquqi yoki mulki ham «haq» deyiladi. Buning ko‘plik shakli «huquq»dir.

Shuning uchun avvalboshda “haq” haqida 3 ta misol keltiramiz.

Birinchi misol – XX asr boshlariga taalluqli. Akademik shoirimiz G‘afur G‘ulom asari asosida tasvirga olingan “Shum bola” badiiy filmidan o‘sha tanish sahnani eslaylik. Ya’ni, filmning bosh qahramoni Qoravoy yolg‘onchiligi uchun boyning xonadonida xizmat qilish imkonidan mahrum etilgach, sobiq “ish beruvchi”siga qarab:

– Haqqimni bering, boy ota! Haqqim nima bo‘ladi? – deya baralla da’vo qiladi. Voqeaga guvoh bo‘lib turgan xizmatkorlar orasidan yoshi ulug‘lari haq egasi – Qoravoyning to‘g‘ri talab qo‘yayotganligini boyga pisanda qiladilar. Natijada boy o‘sha “yetim va juldirvoqi bola”ning haqiga xiyonat qilmasdan, unga bir qop (xom va chirigan bo‘lsa ham) olma beradi.

Ikkinchi misol – XVII asrda yashab o‘tgan ajdodlarimiz hayoti bilan bog‘liq. Rivoyat qilishlaricha, ulug‘ o‘zbek shoiri, tasavvuf adabiyotining yetuk namoyandasi Boborahim Mashrabning onasi unga homiladorligida qo‘shnilarining uzumidan so‘ramasdan uzib yemoqchi bo‘ladi. Shu payt ona qornidan: onajon, luqmayi haromni yemang, bog‘ning egasini rozi qilib, keyin uzumini yeng, degan ovoz chiqqan ekan.

Qissadan hissa: hali tug‘ilmagan Mashrab haromdan – o‘zganing haqidan hazar etgan!

Uchinchi misol – Payg‘ambarimiz Muhamad Mustafo (s.a.v.) yashagan milodiy VI-VII asrlarga oid. Tarixiy hikoyatga ko‘ra, bir kuni hazrati Ali Fotima roziyallohu anhoni tushlarida ko‘rsalar, u zot jannat eshigida turganmishlar. Hazrati Ali: «Ey Fotima, nega jannatga kirmay turibsan?» deb so‘rabdilar. Fotimai Zahro onamiz javoban shunday debdilar: «Qandoq kiray, hali jannatga ruxsat yo‘q: sababi bir kishining haqi bo‘ynimda ekan. Yo Ali, qo‘shni xotindan tikish uchun bir ignani so‘rab olgan edim, qaytarib berishni unutibman. O‘sha ignani tezda egasiga qaytarib bering – o‘shandagina men jannatga kiraman». Yana bir tush ko‘rdilar qarasalar, Fotima onamiz jannatda bir baland taxt ustida o‘tiribdilar. Oldilarida hurlar saf-saf bo‘lib, qo‘l qovushtirib turgan ekanlar...

Bir tasavvur qilaylik, Fotima  roziyallohu anho onamizday zot – Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning qizlari bitta igna uchun qanchalik tashvishga tushganlar.

Ushbu uchta misol VI – XX asrlar oralig‘i, ya’ni qariyb asrni o‘zida qamragan ulkan bir davrga mansub. Ularda o‘zganing haqiga xiyonat qilmaslik, bugungi yangi ibora bilan aytganda, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik masalasiga nechog‘lik jiddiy e’tibor qaratilganligini ko‘rish va anglash qiyin emas.

Hadisi sharifda: “Mo‘min kishi birovning haqiga xiyonat qilmaydi”, deyilgan. Binobarin, shu kabi muhim axloqiy mezonlar «Avesto»da, qadimgi turkiy tosh bitiklar va boshqa yozma manbalarda azaldan o‘z ifodasini topgan. Xususan, «Avesto»da halol mehnat komillikning asosiy mezoni sifatida talqin etilgan.

Ayniqsa, 1991-yili davlat mustaqilligiga erishgan O‘zbekistonda inson, jamiyat, xalq va davlat manfaatlari konstitutsiyaviy asosda himoya qilinishi qat’iy mustahkamlab qo‘yildi. Xususan, 1992-yil 8-dekabrda qabul qilingan Konstitutsiyamizning 2-moddasiga ko‘ra, “Davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi. Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’uldirlar”.  

Ushbu ustuvor normalar 2023-yil 30-aprelda yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiya matnida ham o‘zgarishsiz qoldirildi. Ayni chog‘da, Bosh Qomusimizning inson manfaatlariga oid normalari yanada takomillashtirildi. Jumladan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 21-moddasiga ko‘ra, “Inson o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, jamiyat hamda davlatning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga putur yetkazmasligi shart”.

Inson, xalq, davlat manfaatlariga putur yetkazmaslik, demakki manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik – har kimning insoniy fazilatlari, xususan, halolligi bilan bevosita bog‘liq. Halol kishi xiyonat, g‘irromlik kabi illatlardan xoli bo‘lib, u to‘g‘ri va halol, pokiza va vijdonan yashaydi, birovlarning haqiga zarracha ham xiyonat qilmaydi. Bunday insonlar halol bilan haromni farqlaydi, faqat o‘z mehnati evaziga tirikchilik qiladi, harom-xarishdan jirkanadi, haromxo‘rlikni gunohi azim va axloqsizlik deb biladi.

Halollikning ziddi – korrupsiya illatidir. Zero, “korrupsiyaga qarshi madaniyat” shakllanmagan jamiyatda adolatsizlik va jinoyatlar odat tusiga aylanadi. Shu sababli ham har bir demokratik davlat o‘z rivojlanish konsepsiyasida ushbu illatga qarshi kurashishga qaratilgan choralarni ko‘zda tutadi.

Bu borada O‘zbekistonda izchil va samarali tashabbuslar amalga oshirilgani juda muhim. Istiqlolning o‘tgan davrida korrupsiyaga qarshi kurashishga oid xalqaro hujjatlar ratifikatsiya qilingani, milliy qonunchilik ishlab chiqilgani, davlat organlariga yuklatilgan vazifalarni bajarishda kelib chiqadigan korrupsiyaviy xatarlarni baholash tizimi joriy etilgani, byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish va shu kabi boshqa bir qancha loyihalar amalga oshirilgani shular jumlasidandir.

Korrupsiya darajasini baholash bo‘yicha xalqaro tashkilotlarning reyting natijalari O‘zbekistonda bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligini ko‘rsatmoqda. Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi ijobiy ishlar bilan bir qatorda,  ushbu sohada to‘liq foydalanilmayotgan imkoniyatlar va e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan masalalar ham mavjud.

Shu bois O‘zbekiston Prezidenti o‘z chiqishlarida korrupsiyaga qarshi kurash masalasiga qayta va qayta to‘xtalmoqda. Xususan, 2024-yilda imzolangan “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun bilan davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining faoliyatida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish bo‘yicha cheklovlar, manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni davlat tomonidan tartibga solish, manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi axborotni oshkor etishga va manfaatlar to‘qnashuvini aniqlashga doir choralar belgilandi.

Qonunning 3-moddasida “manfaatlar to‘qnashuvi” tushunchasiga shunday ta’rif berildi:

Manfaatlar to‘qnashuvi – shaxsning shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorligi uning o‘z lavozim yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta’sir ko‘rsatayotgan yoxud ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari, qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan (mavjud manfaatlar to‘qnashuvi) yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan (ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi) vaziyat”.

Sodda qilib aytganda, manfaatlar to‘qnashuvi — davlat organi xodimining shaxsiy manfaatlari uning o‘z xizmat vazifalarini xolisona va qonuniy bajarishiga ta’sir ko‘rsatadigan vaziyatdir. Bunda o‘sha mansabdor shaxs yoki davlat xizmatchisi o‘z shaxsiy manfaatlarini o‘ylab, zimmasidagi mansab yo xizmat majburiyatlarini to‘g‘ri va xolis bajarishdan chalg‘ishi bilan bog‘liq holat nazarda tutilmoqda.

Shuni ham ta’kidlash joizki, ushbu Qonun davlat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat muassasalari, davlat unitar korxonalari, davlat maqsadli jamg‘armalari, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz miqdorda va undan ortiq bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlariga nisbatan to‘liq tatbiq etiladi.

Qonun qisman, ya’ni davlat xaridlari sohasida joriy etiladigan tashkilotlar ham ko‘zda tutilgan. Qolaversa, mazkur Qonun talablari ushbu tashkilotlardagi barcha xodimlarga ham tatbiq etilavermaydi.

Gap shundaki, faqat davlat organlari va boshqa tashkilotlarda mehnat shartnomasi (kontrakt) asosida yoxud saylab qo‘yiladigan yoki tayinlanadigan lavozimlarda mehnat (xizmat) faoliyatini amalga oshirayotgan boshqaruv xodimlarigina mazkur Qonun ta’sir doirasiga tushadi. Bunday toifadagi xodimlar sirasiga texnik xodimlar, xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar, mutaxassislar, ishchilar va ishlab chiqarish xodimlari kirmaydi.

Manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan holda qabul qilingan qarorlar yoki tuzilgan bitimlar sud tartibida haqiqiy emas deb topiladi. Bunday qaror yoki bitim haqiqiy emas deb topilgan taqdirda, yetkazilgan zarar aybdor shaxslardan undirib olinadi.

Achinarli tomoni shundaki, manfaatlar to‘qnashuvi davlat tashkilotlarida xolislikka soya soluvchi va korrupsiyaga yo‘l ochib beruvchi omillardan hisoblanadi. Manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish va ularning kelib chiqish holatlarining oldini olish uchun davlat boshqaruvida xolislik va adolat prinsiplarini qat’iy ta’minlash talab etiladi.

Shu ma’noda, Prezidentimiz 2025-yil 26-dekabrda taqdim etilgan Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida korrupsiyaga qarshi kurashda keskin va qat’iy pozitsiyani e’lon qilar ekan, 2026-yilni korrupsiyaga qarshi kurashda “favqulodda holat” yili sifatida belgilab bergani alohida e’tiborga sazovor.

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech