KOINOT VA KONSTITUTSIYA
12-aprel – Jahon aviatsiya va kosmonavtikasi kuni
Koinot va Konstitutsiya – ushbu ikki tushunchaning o‘zaro bog‘liqligi nimada? Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz matnida “koinot” so‘zi uchraydimi?
Lingvistik tahlilga ko‘ra, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida “xalq” so‘zi eng ko‘p, ya’ni 70 marotaba, “davlat” so‘zi – 43, “inson” so‘zi – 35 marotaba qo‘llangani holda, “koinot” so‘zi bir marta ham qayd etilmagan. Ammo, bu holat koinot va Konstitutsiya tushunchalari o‘rtasida hech qanday aloqadorlik yo‘q, deganini anglatmaydi, albatta.
Koinotning Konstitutsiyaga aloqadorligi haqida akademik Akmal Saidovning “O‘zbekiston Konstitutsiyasi tarixi” kitobida bir qancha qiziqarli ma’lumotlar qayd etilgan. Shulardan ayrimlariga to‘xtalamiz.
Gap shundaki, Yevropa Ittifoqi Konstitutsiyasining oltin g‘ilofga solingan nusxasi 2005-yil aprel oyida koinotga olib chiqilgan. Ushbu Konstitutsiya “Soyuz TMA-6” fazoviy kemasida “Boyqo‘ng‘ir” kosmodromidan Xalqaro kosmik stansiyaga asosiy ekspeditsiya tarkibida parvoz qilgan Yevropa kosmik agentligining italiyalik fazogiri Roberto Vittori tomonidan fazoga yetkazilgan.
Konstitutsiya insonga – u qayerda ekanidan qat’i nazar – keraklidir. Ayni shu jihati bilan ham Konstitutsiya – shunchaki ramz emas, balki bebaho timsol.
Koinotga nafaqat Konstitutsiyalar, balki muqaddas kitoblar ham “parvoz qilgan”. Xususan, “Mir” orbital majmuasi va Xalqaro kosmik stansiyaga “Bibliya” va “Qur’on” nusxalari bir necha bor olib chiqilgan.
Amerikalik astronavtlar esa 1969-yil 20-iyulida Oyga qo‘nganida, ushbu sayyora sathida AQSH bayrog‘ini o‘rnatgan. Shuningdek, 1975-yilda “Apollon” – “Soyuz” loyihasi sinov parvozining oxirgi bosqichida “Soyuz” fazogirlari tomonidan orbitaga olib chiqilgan BMT bayrog‘i har ikki fazavoiy kema tutashganidan so‘ng “Apollon” ekipajiga Yer sayyorasining timsoli sifatida topshirilgan. Parvoz yakunida tarixiy bayroq BMTning o‘sha paytdagi Bosh kotibi Kurt Valdxaymga taqdim etilgan va hozirgacha ushbu xalqaro tashkilot Bosh qarorgohida saqlanmoqda.
Bularning barchasi bejiz emas. Binobarin, koinotga parvozning o‘zi g‘oyatda noyob voqea hisoblanadi. Fazoga har qanday parvoz – bu parvozni amalga oshirgan birgina insonning shaxsiy kashfiyoti va erishgan yutug‘igina emas, ayni chog‘da, butun insoniyat zabt etgan ulkan marradir.
Xalqimiz 2023 yilgi referendumda ovoz bergan yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 53-moddasida shunday normalar mustahkamlab qo‘yildi: “Har kimga ilmiy, texnikaviy va badiiy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlanadi. Intellektual mulk qonun bilan muhofaza qilinadi. Davlat jamiyatning madaniy, ilmiy va texnikaviy rivojlanishi haqida g‘amxo‘rlik qiladi”.
Ushbu konstitutsiyaviy normalar yurtimizda Yangi O‘zbekistonning taraqqiyotiga bemisl hissa qo‘shadigan, Vatanimiz dong‘ini dunyoga taratadigan, xalqimizning yorug‘ kelajagini ta’minlaydigan har tomonlama yuksak iste’dodli farzandlar, xususan, fozil munajjimlar va donish falakiyotshunoslar, mohir aviasozlar va jasur fazogirlar kamol topishi uchun mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Xususan, Yangi O‘zbekiston kosmik texnologiyalar sohasida yangi bosqichga qadam qo‘ymoqda. Avvalambor, Prezidentimiz Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga taqdim etgan navbatdagi Murojaatnomada mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor kosmik sohada sun’iy yo‘ldosh va mamlakatimiz fuqarosi bo‘lgan birinchi o‘zbek kosmonavtini fazoga uchirish bo‘yicha sa’y-harakatlar boshlangani ma’lum qilindi.
Yaqinda Prezident huzurida o‘tkazilgan taqdimotda mamlakatimiz 2028-yilda ilk ilmiy sun’iy yo‘ldoshini fazoga uchirishni rejalashtirayotgani qayd etildi. Mazkur loyihaning Mirzo Ulug‘bek nomi bilan atalishi va u nafaqat kosmik texnologiyalarni rivojlantirish, balki milliy-ilmiy maktabni shakllantirish va yosh mutaxassislarni tayyorlashga ham xizmat qilishi kutilmoqda. Shu bilan birga, Yangi O‘zbekistonning birinchi milliy kosmonavtini qisqa muddatli kosmik parvozga tayyorlash ishlari ham boshlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, Astronomiya instituti rahbari Shuhrat Egamberdiyevning e’tirof etishicha, o‘zbekistonlik fazogirning kosmosga uchirilishi, kosmosda bajarib keladigan tajribalarning ilmiy ahamiyatidan qat’i nazar, yurtimiz nufuzining xalqaro miqyosda keskin oshishiga hissa qo‘shishi shubhasiz. Sun’iy yo‘ldosh esa, birinchi navbatda, mamlakat iqtisodiyoti tarmoqlarini rivojlantirish va yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilishi kerak. Ayniqsa, u aloqa, qishloq xo‘jaligi, jumladan, paxta va bug‘doy yetishtirish jarayoni, muhim inshootlarning holatini monitoring qilib borish kabi yo‘nalishlarda qo‘l keladi.
Ma’lumki, Mirzo Ulug‘bek XV asrning buyuk olimi va davlat arbobi, astronom, matematik va dono hukm dor sifatlarini uyg‘unlashtirgan shaxs bo‘lgan. Markaziy Osiyoning buyuk musulmon olimlari an’anasini davom ettirib, Samarqandda o‘sha davrning eng yirik observatoriyalaridan birini barpo etgan va u yerda mashhur yulduzlar jadvali va “Ziji Ko‘ragoniy”ni tuzgan. Shoh va olim ajdodimizning astronomiya sohasidagi ishlari, xususan, yulduzlar va sayyoralarning aniq koordinatlarini o‘lchashi jahon astronomiya fani taraqqiyotiga katta ta’sir ko‘rsatgan.
Shu o‘rinda 12-aprel – Jahon aviatsiya va kosmonavtikasi kunining ta’sis etilishi tafsilotlariga muxtasar to‘xtalishni lozim topdik. Ayni xalqaro sananing tarixi mashhur fazogir Yuriy Gagarin 1961-yil 12-aprelda “Vostok” fazoviy kemasida dunyoda birinchi bo‘lib Yer orbitasi bo‘ylab parvozni amalga oshirgan olamshumul voqeaga borib taqaladi. Zero, o‘sha parvoz insoniyatning koinotni o‘rganish tarixida yangi davrni boshlab berdi.
Bu haqda qanchadan-qancha filmlar ishlandi, kitoblar chop etildi va maqolalar yozildi. Ana shu ko‘plab manbalarning negizidagi asl voqelikka bir nazar solaylik: 1961-yil 12-aprel kuni Moskva vaqti bilan soat 09:07 da «Boyqo‘ng‘ir» kosmodromidan ichida Yuriy Gagarin o‘tirgan «Vostok» fazoviy kemasining uchishiga start berildi.
Parvoz muvaffaqiyatli amalga oshdi va koinotga qo‘yilgan ilk qadam bashariyatning buyuk yutug‘iga aylandi. Chindan ham, inson zotining yer atmosferasidan yuqoriga – ochiq koinotga chiqishi tom ma’noda ulkan voqelik edi. Gagarinning o‘sha ilk parvozidan buyon qirqqa yaqin mamlakatning 400 nafardan ortiq fazogiri koinotga parvoz qildi.
Kosmonavtlar kuni bayrami 1962-yildan boshlab faqat sobiq SSSRda nishonlab kelingan. Ushbu sanani xalqaro bayram kuni sifatida nishonlash tashabbusi ikkinchi fazogir – German Titovning taklifi bilan BMTga kiritilgan.
Shu tariqa dastavval 1968-yili bo‘lib o‘tgan Xalqaro aviatsiya federatsiyasining 61-Bosh konferensiyasida 12-aprel – Jahon aviatsiyasi va kosmonavtikasi kuni deb e’lon qilingan. O‘z navbatida, BMT Bosh Assambleyasining Yuriy Gagarin parvozi 50-yilligi munosabati bilan 2011-yil 7-aprelda qabul qilingan rezolyutsiyasiga muvofiq, inson koinotga parvoz qilgan ayni sana jahon miqyosida keng nishonlab kelinmoqda.
BMT rezolyutsiyasida, shuningdek, koinotni o‘zlashtirishda butun insoniyatning umumiy manfaatlarini ro‘yobga chiqarish, kosmosni faqat tinchlik maqsadlarida tadqiq qilish, barcha davlatlarning kosmik tadqiqotlardan teng manfaat ko‘rilishini ta’minlash kerakligi alohida qayd etilgan.
Yuriy Gagarin o‘zining shonli parvozidan keyin, 1961-yildan – 1968-yilgacha bo‘lgan davrda yurtimizga olti marta kelgan va har gal katta tantanalar bilan kutib olingan. Chunki Gagarin parvozi, umuman, XX asrda koinot zabt etilishi bilan bog‘liq kashfiyot va natijalarda O‘zbekistonning o‘ziga xos hissasi bor.
Afsuski, bu sohada fidokorlik ko‘rsatgan yurtdoshlarimizning xizmatlari, ilmiy ishlari va ixtirolari bilan bog‘liq qimmatli ma’lumotlar sohaga aloqador muzey hamda arxivlarda saqlanayotganini ko‘pchilik haligacha bilmaydi. Aslini olganda, insoniyatning olis tarixida fazoni o‘rganish borasida ulug‘ ajdodlarimiz hamisha peshqadam bo‘lganlar.
Xususan, ommaviy axborot vositalarida e’tirof etilganidek, 1957-yilda ilk bor sun’iy yo‘ldosh yerning gravitatsion yo‘ldoshini tark etdi. Mana shu buyuk kashfiyotda Abu Ali ibn Sino bobomizning hissasi bor. Chunki kosmik kemaning ishlash prinsipi impuls saqlanish qonuniga asoslangan. Demak, kosmosga chiqayotgan har bitta fazoviy kemada Ibn Sinoning, bunday kemalarning ichida ishlayotgan har uskunaning ishlash prinsipida Al-Xorazmiyning g‘oyasi yotibdi.
Zamonaviy kosmonavtika sohasi oyoqqa turishida ham vatandoshlarimiz salmoqli hissa qo‘shgan. Akademik Shuhrat Egamberdiyev “Koinotni zabt etgan vatandoshlarimiz yoxud Yuriy Gagarinni birinchi bo‘lib kutib olgan o‘zbek” nomli maqolasida bu jarayonning ba’zi muhim tafsilotlari haqida atroflicha to‘xtalgan.
Olimning e’tirof etishicha, Gagarinni parvozdan so‘ng birinchi bo‘lib kutib olish va uni hukumat rahbarlari bilan uchrashuvgacha kuzatib borish aynan yurtdoshimiz – sobiq ittifoq aviatsiyasi va kosmonavtikasiga katta hissa qo‘shgan muhandis-polkovnik, aviakonstruktor Ota Bahromovga topshirilgan ekan. O.Bahromov 1955 yildan Moskva shahridagi kosmonavtlarning xavfsizligi, qutqaruv va hayotini ta’minlash vositalari konstruktorlik byurosini boshqargan bo‘lib, aynan u rahbarlik qilgan byuroda fazoga uchish uchun germetik kabina-kapsulalar yaratilgan.
Kosmonavtika sohasiga muhim hissa qo‘shgan yana bir iste’dodli vatandoshimiz – texnika fanlari doktori Rashid Otaxonov masofaga rangli tasvirlarni uzatish va qabul qilish usullarining nazariy asoslarini ishlab chiqqan. R. Otaxonovning 1983-yilda yaratgan “Koder-dekoder-5” qurilmasi “Salyut-7”, “Soyuz-9”, “Soyuz-10” va “Soyuz-11” orbital kosmik kemalarida sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan.
O‘sha paytdan boshlab kosmonavtlar hatto ochiq kosmosda ishlayotgan holatda ham parvozni boshqarish markazidan rangli formatdagi yo‘riqnomalarni olish imkoniyatiga ega bo‘lgan. Bu esa ular faoliyati samaradorligini keskin oshirgan.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Shavkat Vohidov bosh konstruktori bo‘lib ishlagan Toshkent mashinasozlik-konstruktorlik byurosining dastlabki muvaffaqiyatli ishlanmasi – 1976-yili Oy apparati “Luna-24”da o‘rnatilgan GZU “LB-09” tuproq olish qurilmasi bo‘lgan. Uning yordamida Oy sathida 2,7 metr chuqurlikda quduq qazilgan.
Osmon jismlarini burg‘ilash chuqurligi bo‘yicha bu rekord hanuzgacha eng yaxshisidir. Qazib olingan Oy tuprog‘i qadoqlanib, qaytish moduli yordamida Yerga keltirilgan. Keyinchalik ushbu byuroda Mars va uning tabiiy yo‘ldoshi Fobosda foydalanish uchun penetratorlarning eksperimental namunalari hamda Fobosga uzoq vaqt xizmat qiluvchi avtomatik stansiyani o‘rnatish tizimi ishlab chiqilgan. Venera sirtidagi ishlar uchun tuproq olish qurilmasi ham yaratilgan.
Akademik Sh.Egamberdiyev faxr bilan ta’kidlaganidek, vatandoshlarimiz bevosita kosmosga ham parvoz qilgan. Bu o‘rinda, albatta, Bo‘stonliq o‘g‘loni – sobiq ittifoqning ikki karra qahramoni, general-mayor Vladimir Jonibekov va o‘zbek xalqining yana bir farzandi, uchuvchi-kosmonavt Solijon Sharipov haqida so‘z bormoqda.
Vladimir Jonibekov sobiq ittifoqdagi kosmonavtlar orasida eng ko‘p – 5 marta fazoga parvoz qilgan tajribali kosmonavtdir. Kosmosda 145 kun 15 soat 58 daqiqani o‘tkazgan. Prezidentimiz 2022 yili V.Jonibekovni 80 yoshga to‘lishi sharafiga “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotladi.
O‘z navbatida, Solijon Sharipov O‘zbekiston Respublikasining “Buyuk xizmatlari uchun” va Amir Temur ordenlari hamda NASAning “Kosmik parvoz uchun” medali bilan taqdirlangan. Millatdoshimiz o‘zini akademik Shavkat Vohidovning shogirdi deb biladi.
Bu ikki fazogirning faoliyati bilan bog‘liq birgina ibratli dalil: 2018-yilda “Obod qishloq” dasturi doirasida Jizzax viloyatining Mirzacho‘l tumanidagi Gagarin shahrida amalga oshirilgan ulkan o‘zgarishlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan Vladimir Jonibekov va Solijon Sharipov bu yerda koinot bo‘yicha muzey barpo etishni taklif qilgan. Ushbu tashabbusni Prezident Shavkat Mirziyoyev qo‘llab-quvvatladi va “Kosmonavtika muzeyi” 2021-yil aprelda – sayyoramizning birinchi kosmonavti parvozining 60-yilligi nishonlangan kunda tantanali ochildi.
Shuni ham ta’kidlash joizki, davlatimiz rahbarining 2019-yil 30-avgustdagi Farmoniga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi huzurida «O‘zbekkosmos» agentligi tashkil etildi. O‘tgan davrda bu sohada me’yoriy-huquqiy hujjatlar tayyorlash, infratuzilma yaratish bo‘yicha muayyan ishlar qilindi.
O‘zbekiston Prezidenti 2022-yil 23-noyabr kuni kosmik faoliyatni rivojlantirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishishi asnosida qayd etganidek, bugungi kunda kosmosdan foydalanish miqyosi shunchalik kengki, hali bu borada o‘rganadigan jihatlarimiz ko‘p. Masalan, 2020-yilda dunyoda kosmik xizmatlar bozorining umumiy hajmi 400 milliard dollarga yaqinlashgan. Bunda asosiy o‘rinni yerni masofadan zondlash, aloqa yo‘ldoshlari, navigatsiya xizmatlari egallamoqda. Kelajakda kosmosdan foydalanish ehtiyoji yanada ortib boraveradi.
Shu bois, Prezidentimiz ko‘rsatmasiga muvofiq, kosmik tarmoqni rivojlantirishning 5-yillik konsepsiyasi va “yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi. Ularda yerni masofadan zondlash, telekommunikatsiya sun’iy yo‘ldoshlari milliy guruhini yaratish, ilmiy-ishlab chiqarish markazini tashkil etish, kadrlar tayyorlash, aerokosmik startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha belgilangan maqsadlar izchillik bilan ro‘yobga chiqarilmoqda.
Shunday qilib, so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonni bunyod etish asnosida mamlakatimiz hayotining boshqa barcha sohalari qatori milliy koinot infratuzilmasini yaratishga ham jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Bu ilg‘or sohani rivojlantirish uchun davlatlar o‘rtasida va xususiy hamkorlar ishtirokida xorijiy investorlarni jalb etishga urg‘u berilayotgani juda muhim.
G‘ulom MIRZO
Ўзбекча
English
Русский