«Yashil makon»da yashash uchun “Yashil” universitet va “yashil texnikumlar”da o‘qiladi
15-aprel – Xalqaro ekologik bilimlar kuni
Sayyoramizda kun sayin keskinlashib borayotgan ekologik muammolarni bartaraf etish uchun insonlarning ekologik bilimi yuqori bo‘lishi lozim. Shu bois har yili 15-aprelda dunyoning ko‘plab mamlakatlarida Xalqaro ekologik bilimlar kuni nishonlanadi.
Rio-de-Janeyro shahrida 1992-yili o‘tkazilgan BMT konferensiyasining atrof-muhit muammolari muhokamasi chog‘ida ushbu xalqaro sanani insoniyatning hayoti va barqarorligi uchun butun dunyoda ekologik bilimlarni targ‘ib etish kuni sifatida nishonlash taklif etilgan. Bundan asosiy maqsad sayyoramiz ahlining ekologik bilimini boyitish g‘oyasini ilgari surish, aholida tabiatga bo‘lgan mehr va e’tiborni kuchaytirish, jamiyatning ekologik xavfsizligi haqida jamoatchilik xabardorligini oshirishdir.
Ekologik bilimlar — inson va tabiat o‘rtasidagi murakkab munosabatlarni tushunishga yordam beradigan nazariy va amaliy bilimlar majmuasi. Bu bilimlar insonning tabiatga bo‘lgan ijobiy munosabati, ya’ni tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ifloslanishni kamaytirish, bioxilma-xillikni saqlash va ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.
Aslida, atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari nafaqat ekologlar, balki har bir fuqaroning kun tartibida bo‘lishi darkor. Nega deganda, ekologik savodxon inson o‘z hayot tarzi orqali atrof-muhitga kamroq zarar yetkazadi, qayta ishlash, energiyani tejash, toza muhitni saqlash kabi faoliyat jarayonlariga oqilona ishtirok etadi.
Shu ma’noda, Yangi O‘zbekistonda ekologiya sohasining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilgani alohida tahsinga sazovor. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda tabiiy resurslar, jumladan, suv havzalari va yer osti zaxiralarini muhofaza qilish bo‘yicha talablar mustahkamlandi.
Asosiy qonunimiz Muqaddimasida e’tirof etilganidek, biz «mamlakatimizning bebaho tabiiy boyliklarini ko‘paytirishga hamda hozirgi va kelajak avlodlar uchun asrab-avaylashga hamda atrof-muhit musaffoligini saqlashga astoydil ahd qilib», ushbu Konstitutsiyani qabul qilganmiz.
Bosh qomusimizning 49-moddasi to‘laligicha ekologiya va atrof-muhit himoyasiga oid normalardan iborat. Xususan, ushbu moddaning birinchi bandida: «Har kim qulay atrof-muhitga, uning holati to‘g‘risidagi ishonchli axborotga ega bo‘lish huquqiga ega», deb qayd etilgan.
So‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonning uchta strategik dasturi – 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi, 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi ishlab chiqildi. Birinchisi to‘la bajarilgan va qolgan ikkitasi hayotga teran tatbiq etilayotgan ushbu dasturilamal strategiyalarda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalasiga har doimgidan ko‘ra yuz karra ko‘proq e’tibor berilgan.
Qolaversa, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi ijrosi doirasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadigan faollar safi 2021-yildan e’tiboran “Ekologiya huquqi himoyachisi” nominatsiyasi g‘oliblari hisobiga kengaydi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, davlatimiz rahbari tomonidan 2025-yil yurtimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilingani bu borada g‘oyat muhim qadam bo‘ldi. Prezidentimizning 2025 yil 7-fevraldagi Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi doirasida yurtimizda ekologik barqarorlikka erishish, “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish, tarmoq va sohalarning uyg‘un “yashil transformatsiya”sini amalga oshirish hamda iqtisodiy o‘sishning yangi, “yashil rivojlanish” modelini tatbiq etish bo‘yicha qator muhim vazifalarni amalga oshirish belgilab olindi.
Bu vazifalar orasida, albatta, ekologik bilimlarni oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar alohida o‘rin tutadi. Davlat dasturi doirasida, jumladan:
-
ta’lim muassasalarida “Ekologik burchaklar” ochish;
-
maktabgacha ta’lim tashkilotlarida “Ekologik yo‘lakchalar” tashkil etish;
-
mamlakat miqyosida ekologik madaniyatni oshirishga qaratilgan turli ommaviy targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish;
-
“Yoshlar oyligi” doirasida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilishga bag‘ishlangan turkum tadbirlarni amalga oshirish;
-
“Ekologiya bilimdonlari” ko‘rik-tanlovini o‘tkazish;
-
Ekologik muammolar va ularning yechimlariga bag‘ishlangan “Ekooromgoh-2025”ni tashkil etish kabi ko‘plab amaliy chora-tadbirlar izchillik bilan hayotga tatbiq etilagani diqqatga loyiqdir.
O‘z navbatida, O‘zbekiston Prezidenti 2025-yil 2-iyunda “«Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida hamda o‘rmonlarni boshqarish tizimida islohotlarni izchil davom ettirish, yashil hududlarni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni qabul qildi. Farmondan ko‘zlangan maqsad «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasidagi tadbirlar samaradorligini oshirish, o‘rmonlar va yashil hududlar maydonini kengaytirish, ulardan samarali foydalanish va cho‘llanishga qarshi kurashish ishlarini tizimli amalga oshirish, shuningdek, mazkur yo‘nalishlarda yagona davlat siyosatini yuritish va muvofiqlashtirishdir.
Bu borada Prezidentimizning 2026-yil 25 marta qabul qilingan “«Yashil makon» umummilliy loyihasi samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni navbatdagi muhim qadam bo‘lganini ta’kidlash lozim. Ushbu hujjat «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida respublikada yashil maydonlarni kengaytirish, mamlakatimizning har bir hududida botanika va dendrologiya bog‘larini tashkil qilish hamda mavjud yashil bog‘larni samarali boshqarish tizimini joriy etish orqali ularni saqlash, zararkunandalarga qarshi kurashish tizimini yaratish hamda mahalliy iqlim sharoitiga mos ko‘chatlarni ilmiy asoslangan holda yetishtirishni rivojlantirish maqsadi ijobatiga qaratilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2026-yil 1-aprel kuni “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish tadbirida ishtirok etib, Milliy dendrologiya bog‘ini barpo etishga start berdi. Poytaxtimizda 108 gektar maydonni qamragan Milliy dendrologiya bog‘idagi “Yashil” universitet hududida “Ilm – loyiha – amaliyot” zanjiri asosida barpo etilayotgan “in-vitro” laboratoriyasi, Dorivor o‘simliklar hamda Urug‘chilik va seleksiya markazlari ham shu yilning o‘zida ishga tushiriladi.
Eng muhimi, so‘nggi besh yildan buyon “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilib, har yili 200 million tup ko‘chat ekib kelinmoqda. O‘tgan davrda 2 ming gektardan ziyod maydonda 942 ta yashil bog‘ va yashil jamoat parklari, 47 ta massivda “Yangi O‘zbekiston bog‘lari” barpo etildi.
Yurtimizning tog‘, cho‘l va adir hududlarida 256 ming gektar o‘rmon tashkil qilindi. Orolning qurigan tubida 2 million gektar maydonda yashil qoplamali himoya o‘rmonzorlari yaratildi. Shamol va qum-chang bo‘ronlarining zararli ta’sirini oldini olish maqsadida 33 ta tumanda 60 kilometrli “yashil belbog‘” hosil qilindi.
Shu tariqa qisqa davrda mamlakatimizda yashillik darajasi 8 foizdan 14,2 foizga oshdi. Joriy yil mart oyida Prezidentimiz imzolagan yangi Farmonga muvofiq, 2030-yilga qadar mamlakatimizda umumiy yashillik darajasini 30 foizga, jon boshiga to‘g‘ri keladigan yashil hududlarni 10 kvadrat metrga yetkazish bo‘yicha katta marra belgilandi.
Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev 23-mart kuni ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan ustuvor umummilliy loyihalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Atmosfera havosining sifatini yaxshilash, shahar va hududlarda yashil maydonlarni kengaytirish, ekologik ta’lim va madaniyatni yuksaltirish, shuningdek, cho‘llanishga qarshi kurashishning ilmiy va amaliy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslar ko‘rib chiqildi.
Taqdimot asnosida “Ekomadaniyat” umummilliy loyihasi doirasida ekologik ta’lim, ilm-fan va targ‘ibotni bir-biriga bog‘lagan holda yangi tizim yaratish rejalashtirilganligi haqida ham axborot berildi. Mazkur sohada xalqaro standartlarga mos mutaxassislar yetishmayotgani, aholi o‘rtasida ekologik ong va barqaror odatlar hali yetarli darajada shakllanmagani, innovatsiya va iqlim texnologiyalarini amaliyotga joriy qila oladigan kadrlar taqchilligi mavjudligi qayd etildi.
Shu munosabat bilan 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab 14 ta hududda “yashil texnikumlar” tashkil etilib, ular “Green University” tizimiga akademik hamkorlik asosida biriktiriladi. Loyihaga ko‘ra, tayyorlanadigan o‘quvchi va talabalar soni yil sayin oshirilib, 2028-2029 o‘quv yiliga borib, 10 ming nafarga yetkaziladi.
Bakalavriat va magistraturada atrof-muhit va barqaror boshqaruv, yashil iqtisodiyot, atrof-muhit muhandisligi, iqlim o‘zgarishi, cho‘llanishga qarshi kurashish, barqaror shaharsozlik, barqaror energiya almashinuvi kabi yangi yo‘nalishlar ochiladi. Ta’lim jarayonida dual tizim joriy qilinib, nazariy bilim bilan amaliyot uyg‘unlashtiriladi. Universitet ta’lim tizimini rivojlantirish, ilmiy-innovatsion loyihalar va targ‘ibot ishlari uchun katta miqdorda mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan.
Aholi orasida ekologik madaniyatni oshirish uchun “10 ming qadam piyoda” tashabbusini tiklash, “Sog‘lom turmush tarzi” platformasini ishga tushirish, shuningdek, Samarqand shahrida GEF-8 assambleyasi va “Eco Expo Central Asia 2026” xalqaro ko‘rgazmasini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Muxtasar aytganda, atrof tabiiy muhitga zarar yetkazish insoniyatni ayanchli oqibatlarga giriftor qiladi. Ayni paytda buning jabrini tortyapmiz ham. Shunday ekan, kelajak avlodlar oldida javobgarligimizni chuqur anglagan holda – hechdan ko‘ra kech bo‘lsa-da – ona tabiatga bo‘lgan munosabatimizni o‘zgartirishimiz, ya’ni uni sevishimiz va asrab-avaylashimiz shart. Buning uchun esa, shubhasiz, ekologik bilimlarimizni muntazam oshirib borishga qat’iy bel bog‘lashimiz farzu qarzdir.
G‘ulom MIRZO
Ўзбекча
English
Русский