Kutubxona – umr kitobining ko‘rkam muqovasi

Bugun sayyoramizdagi behisob kutubxonalarda go‘zal va sururli, yorqin va mazmunli ne-ne umrlar tarannum etilgan qanchadan-qancha hayotiy qissalaru muhtasham kitoblar jamlangan. Ushbu kitoblarni imkon qadar ko‘proq o‘qish va uqish, mutolaadan zavq va ilhom olish bilan cheklanib qolmay, shu negizda tafakkur qilish, yangi dunyolarni kashf etish farog‘atiga ne yetsin.

23-aprel — Butunjahon kitob va mualliflik huquqi kuni munosabati bilan o‘tkazilgan turli ma’rifiy tadbirlar haqidagi ma’lumotlarni o‘qir ekanman, xayolimdan shu fikrlar kechdi. Har yili butun dunyoda nishonlanadigan ayni xalqaro sana, kitoblar – avlodlar va madaniyatlar o‘rtasidagi ko‘prik ekanini e’tirof etgan holda, YUNESKO tomonidan 1995-yilda joriy etilgan.

Ma’lumki, YUNESKO hamda kitob sanoatining asosiy tarmoqlari – nashriyotlar, kitob do‘konlari va kutubxonalarni o‘zida birlashtirgan xalqaro tashkilotlar 2001-yildan beri Butunjahon kitob va mualliflik huquqi kunini nishonlash doirasida Jahon kitob poytaxtini tanlab keladi. Tanlangan shaharlar nafaqat o‘z mamlakatida, balki uning tashqarisida ham barcha yoshdagi insonlar va butun jamiyat orasida kitob va mutolaani targ‘ib qiladi.

Bugungi kunga qadar YUNESKO 26 ta Jahon kitob poytaxtini aniqlagan: 2001-yilda Madrid bilan boshlangan bu ro‘yxatga 2026-yilda Rabot shahri qo‘shildi.

YUNESKO tashabbusi bilan 2002-yilda yana bir ulkan ma’rifiy qadam qo‘yildi – zamonaviy Iskandariya kutubxonasi bilim ahliga o‘z eshiklarini ochdi. Bu haqda so‘z borganda,  dastavval, barcha bilimlarni bir joyga to‘plash istagi odamlarda qadim zamonlardayoq mavjud bo‘lganini ta’kidlash lozim.

Binobarin, universal bilimlar xazinasini yaratish orzusini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan ilk urinish miloddan avvalgi III asrda Iskandariya kutubxonasiga asos solinishi misolida namoyon bo‘lgan. Keyinchalik yong‘inlar va nizolar oqibatida u yo‘q bo‘lib ketgan. Shukrki, I asr boshida mazkur ma’rifat xazinasi qaytadan qad rostladi.

Internet va tezkor axborot asri, raqamli texnologiyalar jadal rivojlanayotgan hozirgi davrda ham kutubxonalar o‘z qadrini yo‘qotmadi. Muhimi, kutubxonalar bir qarashda oddiy ko‘rinadigan, aslida bebaho bo‘lgan kitoblarni ishonchli saqlash, astoydil tiklash va kelgusi avlodlarga izchil yetkazishda davom etmoqda.

Italiyalik mashhur adib Umberto Eko ta’biri bilan aytganda, “Kutubxonaning asosiy vazifasi – inson borligini hatto xayoliga ham keltirmagan, ammo aynan u uchun o‘ta muhim bo‘lib chiqishi mumkin bo‘lgan kitoblar bilan tanishishni osonlashtirishdir”. Ammo, afsuski, dunyoda kitobxonlik darajasi pasayib bormoqda.

Jumladan, AQSHning Florida universiteti va London universiteti kolleji tomonidan o‘tkazilib, “iScience” jurnalida e’lon qilingan tadqiqotga ko‘ra, so‘nggi 20-yil ichida shunchaki zavq uchun kitob o‘qiydiganlar ulushi 40 foizdan ko‘proqqa kamaygan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunga raqamli medianing keng tarqalishi, iqtisodiy bosimning kuchayishi, bo‘sh vaqtning qisqarishi, shuningdek, kitoblar va kutubxonalardan foydalanish imkoniyatlaridagi tengsizlik kabi omillar ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Shuningdek, “YouGov” sotsiologik kompaniyasi o‘tkazgan “Amerikaliklarning 2025-yildagi kitobxonlik odatlari” nomli tadqiqotga ko‘ra, AQSHdagi voyaga yetganlarning 40 foizi 2025-yil davomida bitta ham kitob o‘qimaganini, 19 foizi esa 10 ta yoki undan ko‘p kitob mutolaa qilganini ma’lum qilgan. Shu bilan birga, tadqiqot ishtirokchilarining 46 foizi bosma kitoblarni, 24 foizi elektron kitoblarni, 23 foizi esa audiokitoblarni afzal ko‘rishini bildirgan.

Kitobxonlar orasida eng ommabop janr detektiv va kriminal adabiyot (21%) bo‘lib, undan keyingi o‘rinni tarixiy kitoblar (18%) egalladi. Poeziya esa eng kam talabgir janr bo‘lib chiqdi — atigi 4%. Shuningdek, 65 va undan katta yoshdagilar boshqa yosh guruhlariga qaraganda ko‘proq kitob o‘qishi aniqlandi.

Amerika noshirlari assotsiatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, AQSHda kitob savdosi umuman olganda barqarorligicha qolmoqda: 2025-yilda qariyb 707 million nusxa bosma kitob sotilgan. Tadqiqotchilar kattalar uchun mo‘ljallangan badiiy adabiyotga talab ortayotganini, shu bilan birga so‘nggi yillarda nashriyotlar daromadida elektron kitoblar ulushi kamayganini, audiokitoblardan tushayotgan daromad esa uzoq muddatli istiqbolda sezilarli darajada o‘sganini qayd etmoqda.

Milliy savodxonlik jamg‘armasi ma’lumotlariga qaraganda, 8 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘smirlarning atigi 32,7 foizi kitob mutolaasidan zavq oladi. Bu ko‘rsatkich 2005-yildan buyon eng past darajaga tushgan.

Shu yosh toifasida har kuni kitob o‘qiydiganlar ulushi esa 18,7 foizni tashkil etdi. Bu so‘nggi 20-yildagi eng quyi ko‘rsatkichdir. Shu bilan birga, 5 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘smirlarning 89,7 foizi uyida shaxsiy kitobiga ega ekani, biroq har o‘ninchi bola (10,3 foiz) o‘zining shaxsiy kitobiga ega emasligi aniqlangan.

Bolalar orasida kitobga egalik qilish darajasi 5–8 yoshlilar guruhida yuqoriroq (92,2%) bo‘lsa, 8–18 yoshlilar guruhida 89,4 foizgacha pasaygan. Ayniqsa, 8–18 yoshli o‘smirlar o‘rtasida kitobga egalik qilish ko‘rsatkichi so‘nggi o‘n yildagi eng past darajaga yetgani ta’kidlangan.

Ayni chog‘da, Butunjahon kitob va mualliflik huquqi kuni munosabati bilan dunyoning boshqa mamlakatlarida ham kitobxonlik madaniyatini kuchaytirish zarurligi yana bir bor alohida ta’kidlangani bejiz emas. Zero, kitoblar halim-hamon bilim, tafakkur va ma’naviy o‘sishning eng muhim manbai bo‘lib qolmoqda.

Aslida ham, kitoblar insonni yangi g‘oyalar va turli qarashlar bilan tanishtiradi, tanqidiy fikrlashni shakllantiradi va bag‘rikenglik, tinchlik kabi qadriyatlarni mustahkamlaydi. Bu fazilatlar, o‘z navbatida, barqaror va taraqqiy etgan jamiyat uchun asos bo‘ladi.

Raqamli texnologiyalar davrida kitob o‘qishning ahamiyati kamaygani yo‘q, aksincha, yanada muhimlashdi. Shuning uchun dunyoning aksariyat taraqqiyparvar mamlakatlari qatori O‘zbekistonda ham yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni ommalashtirish, foydali adabiyotlarni o‘qish imkoniyatini kengaytirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilangani ayni muddaodir.

E’tibor bering: yaqinda Saudiya Arabistonining Jizon mintaqasi mamlakatda kitobxonlik bo‘yicha yetakchi hudud sifatida qayd etildi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, aholining katta qismi yil davomida kamida bitta kitob mutolaa qilgan. Yangi kitob yarmarkasi va ma’rifiy tashabbuslar ushbu natijalarga turtki bergan omillardan biri sifatida ko‘rilmoqda.

Binobarin, O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan 2026 – 2030-yillarda aholining kitobxonlik darajasini izchil oshirib, yurtimizda 1 odam o‘qiydigan kitob sonini yiliga o‘rtacha 10 ta kitobga yetkazish vazifa etib belgilandi. Ya’ni, marra yuqori qo‘yildi.

Modomiki, Yangi O‘zbekistonda “Kitobsevar millat” umummilliy g‘oyasini ro‘yobga chiqarishga qat’iy bel bog‘lagan ekanmiz, demak qonida ma’rifat va kitobxonlik fazilatlari azaldan jo‘sh urgan  o‘zbekistonliklar uchun ushbu marra ham cho‘t emas. Davlatimiz rahbari e’tirof etganidek, “Dunyodagi har qaysi davlat, har qaysi xalq birinchi navbatda o‘zining intellektual salohiyati, yuksak ma’naviyati bilan qudratlidir. Bunday yengilmas kuch manbai esa avvalo insoniyat tafakkurining buyuk kashfiyoti – kitob va kutubxonalarda”.

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech