KASHFIYOTLARNI QADRLAYLIK
26-aprel – Xalqaro intellektual mulk kuni
Intellektual mulk — bu inson aql-zakovati, ijodiy mehnati va mahorati natijasida yaratilgan mahsulotlarga bo‘lgan huquqdir. Sodda qilib aytganda, bu «g‘oyalar va ijod ustidan egalik huquqi» demakdir.
Bu tizim ijodkor va ixtirochilarni himoya qiladi. Agar siz biror yangilik yaratsangiz, hech kim sizdan ruxsat olmay turib undan foydalana olmaydi yoki u orqali pul topolmaydi. Bu esa odamlarni yangi g‘oyalar ustida ishlashga rag‘batlantiradi.
Quvonarlisi, mamlakatimizda intellektual mulk nafaqat himoya qilinmoqda, balki faol yaratilmoqda.
2025-yilning II choragi yakunlariga ko‘ra, ixtirochilik sohasida yuqori natijalar qayd etildi. Foydali modellarni ro‘yxatdan o‘tkazishda Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti (4 ta), Toshkent davlat texnika universiteti (3 ta) va Andijon davlat universiteti (3 ta) yetakchilik qilmoqda. Shuningdek, Andijon mashinasozlik, Buxoro muhandislik-texnologiya, Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash hamda Mineral resurslar institutlari tomonidan ham salmoqli ilmiy ishlanmalar ro‘yxatga olindi.
Har yili 26-aprelda butun dunyo bo‘ylab Xalqaro intellektual mulk kuni keng nishonlanadi. Ushbu sana insoniyat tafakkuri mahsuli bo‘lgan ixtirolar, badiiy asarlar, tovar belgilari hamda dizaynlarning jamiyat taraqqiyotidagi beqiyos o‘rnini e’tirof etish maqsadida belgilangan. Bugungi shiddat bilan rivojlanayotgan dunyoda mamlakatlarning qudrati nafaqat tabiiy boyliklari, balki inson kapitali va uning mahsuli bo‘lgan intellektual mulki bilan o‘lchanmoqda.
Bu kun 2000-yilda Jahon intellektual mulk tashkiloti (JIMT) Bosh assambleyasi tomonidan ta’sis etilgan. Aynan shu sananing tanlanishi bejiz emas. Chunki 1970-yilning 26-aprelida JIMTni tashkil etish to‘g‘risidagi konvensiya kuchga kirgan. Har yili ushbu sana ma’lum bir global shior ostida nishonlanib, intellektual mulkning inson hayotidagi ahamiyati targ‘ib qilinadi.
Intellektual mulkni kundalik hayotimizning ko‘zgusi sifatida e’tirof etishimiz mumkin.
Zero, intellektual mulk shunchaki huquqiy termin emas.
Bu bizning hayot sifatimizni belgilovchi omildir. Misol sifatida biz quyidagi omillarni ko‘rishimiz mumkin.
-
Salomatlik: biz iste’mol qilayotgan dori-darmonlarning xavfsizligi va samaradorligi.
-
Texnologiya: biz foydalanayotgan texnika vositalarining tejamkorligi va qo‘limizdagi smartfonlarning imkoniyatlari.
-
Madaniyat: biz tinglayotgan musiqa, tomosha qilayotgan ilm va mutolaa qilayotgan kitoblarimizning qadri.
Bugungi tezkor zamonda insonning aql-u zakovati bilan turmush tarzimizni yengillashtirishga qaratilgan ko‘plab ixtirolar yaratildiki, ularsiz ijtimoiy hayotni tasavvur qilib bo‘lmaydi. Umuman olganda, intellektual mulkning bugungi kundagi o‘rni, ahamiyati, shu bilan birga, unga bo‘lgan talab ham kuchaymoqda.
Shu bois intellektual mulkka bo‘lgan ehtiyoj va uning qadri yildan-yilga oshib bormoqda. Yaratilayotgan intellektual mulk obyektlarini himoya qilish hozirda eng dolzarb masalalardan biriga aylandi. Ayniqsa, telekommunikatsiya va internet tarmoqlarining jadal rivojlanishi natijasida mualliflik asarlaridan noqonuniy foydalanish holatlari tobora ortib bormoqda. Bu esa ijodkorlar va huquq egalarining qonuniy manfaatlariga jiddiy zarar yetkazib, ularning mehnati yetarlicha qadrlanmasligiga olib kelmoqda.
Shu nuqtayi nazardan, bugungi kunda soha mutaxassislari oldida bir qator muhim vazifalar turibdi. Eng avvalo, mualliflarning o‘z mehnati natijasidan moddiy va ma’naviy naf olishini ta’minlash orqali huquqiy kafolatlarni mustahkamlash zarur. Ayniqsa, iqtisodiyoti rivojlanayotgan mamlakatlarda ixtirochilik va ijodkorlikni rag‘batlantirish uchun qulay ijodiy muhit yaratish muhim ahamiyat kasb etadi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda intellektual mulk sohasiga davlat darajasida alohida e’tibor qaratilib, bu borada keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Xususan, mamlakatimiz Prezidentining hamda Vazirlar Mahkamasining mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni himoya qilishga qaratilgan qator qarorlari qabul qilindi. Bu hujjatlar sohada huquqiy asoslarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Bundan tashqari, O‘zbekiston mualliflik huquqi sohasida o‘nga yaqin xalqaro shartnoma va konvensiyalarga qo‘shilib, milliy mahsulotlarni xalqaro miqyosda himoya qilish imkoniyatlarini kengaytirdi. Shu bilan birga, «Intellektual mulk — jamiyatning bebaho boyligi» tamoyili asosida sohani raqamlashtirish va xalqaro standartlarga moslashtirish ishlari izchil olib borilmoqda.
Adliya vazirligining kontrafakt mahsulotlar katalogi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning yakuniga ko‘ra vazirlik va hududiy adliya organlari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida bozorlardagi ko‘plab noqonuniy holatlarga chek qo‘yildi.
Xususan, 18 nomdagi oziq-ovqat mahsulotlari, 8 nomdagi shaxsiy gigiyena va parfyumeriya mahsulotlari, 5 nomdagi dori vositalari hamda 4 nomdagi trikotaj mahsulotlari bo‘yicha kontrafakt mahsulotlar aniqlanib, ularning noqonuniy aylanmasiga nisbatan tegishli choralar ko‘rildi.
So‘nggi vaqtlarda raqamli makonda mualliflik huquqlarining buzilishi, ayniqsa, kino va musiqa asarlaridan ruxsatsiz foydalanish holatlari bo‘yicha Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddasi bilan bayonnomalar rasmiylashtirilib, sud qaroriga asosan aybdorlarga nisbatan jarima jazolari tayinlanyapti.
Jumladan, shoirlarning ruxsatisiz ularning she’rlari asosida qo‘shiq ijro etgan bir qator xonandalarga nisbatan ham choralar ko‘rildi.
Har qanday intellektual mehnat mahsuli qonun himoyasidadir. Bu kabi huquqiy choralar jamiyatda mualliflik madaniyatini shakllantirish va ijodkorlarning qonuniy manfaatlarini himoyalashga xizmat qiladi.
Ushbu xalqaro kunni nishonlash orqali ijodkorlar mehnatini qo‘llab-quvvatlash va ularning huquqlarini munosib himoya qilish, innovatsiyalarni rag‘batlantirish vositasida yangi texnologiyalar yaratilishi uchun qulay huquqiy va iqtisodiy muhitni shakllantirish maqsad qilingan. Shuningdek, jamiyatda intellektual mulkka nisbatan hurmat madaniyatini oshirish ko‘zda tutilgan.
Intellektual mulk kuni faqat soha mutaxassislarining bayrami emas. Bu kelajakni o‘zgartirishga qodir bo‘lgan har bir ijodkor shaxs, izlanuvchi olim va tadbirkorning bayramidir. Keling, atrofimizdagi yangi g‘oyalarni qadrlaylik va ularni himoya qilish orqali umumiy taraqqiyotimizga hissa qo‘shaylik!
Hamidullo MO‘MINOV,
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi bo‘lim
boshlig‘i.
«Postda» gazetasining 2026-yil 23-aprel kungi 17 (4763)-soni
Ўзбекча
English
Русский