Yangi O‘zbekistonda oilani himoya qilishning xalqaro standartlarga javob beradigan mustahkam huquqiy poydevori yaratildi

19-may kuni poytaxtimizda “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan “Yangi O‘zbekistonda farovon oila modeli: milliy tajriba, ilmiy tahlil va innovatsion yondashuvlar” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi. Anjuman Xalqaro oila kuni va “Oilamiz – kelajagimiz” oyligi doirasida tashkil etildi.

Konferensiyada asosiy e’tibor Yangi O‘zbekistonda oila institutining barqaror rivojlanishini ta’minlash, zamonaviy huquqiy-institutsional mexanizmlar, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlari negizida farovon oila modelining ilmiy-nazariy hamda amaliy asoslarini takomillashtirish masalalariga qaratildi. Anjuman global transformatsiya jarayonlarida milliy oilaviy qadriyatlarni saqlash va mustahkamlash, demografik barqarorlikni ta’minlash, reproduktiv salomatlikni muhofaza qilish hamda gender tenglik va oila–ish muvozanatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan innovatsion yondashuvlarni ilmiy muloqot maydonida birlashtirish imkonini berdi.

Xalqaro anjumanda 10 dan ortiq xorijiy ekspert, oila sohasida faoliyat yuritayotgan 80 dan ziyod olim, tegishli vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi. Shuningdek, 20 nafar milliy hamda 12 nafar xorijiy va xalqaro tashkilotlar ekspert va mutaxassislari o‘z ma’ruza va taqdimotlari bilan qatnashdi.

Konferensiyaning ochilishida, jumladan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, BMT Inson huquqlari qo‘mitasi a’zosi akademik Akmal Saidovning  videomurojaati tinglandi. A.Saidov Yangi O‘zbekistonda 10 million 200 mingta oila mavjudligiga e’tiborni qaratar ekan, oila jamiyatning oddiy bir bo‘g‘ini emas, balki davlatning poydevori, milliy o‘zlikning asosi va barqaror rivojlanishning muhim tayanchi ekanligini alohida qayd etdi.

A.Saidov ta’kidlaganidek, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida oila "jamiyatning tabiiy va asosiy bo‘g‘ini" deb e’lon qilingan bo‘lib, u davlat himoyasida bo‘lish huquqiga ega. Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt, Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya, Oila huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi konvensiya – bu xalqaro-huquqiy vositalarning barchasi oilani himoya qilish bo‘yicha milliy qonunchilikning poydevorini tashkil etadi.

Bugungi kunda ushbu xalqaro mezonlar davlatimizning huquqiy tizimida o‘z mujassamini topgan. Xususan, 2023-yilda yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida oila huquqlari kafolatlari sezilarli darajada mustahkamlandi.

Asosiy Qonunimizning 42-moddasida homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlangan. O‘z navbatida, Konstitutsiyamizning 58-moddasida jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda xotin-qizlar va erkaklarning teng huquq hamda imkoniyatlari mustahkamlangan.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston tizimli islohotlarni amalga oshirib, oilani himoya qilishning xalqaro standartlarga javob beradigan mustahkam huquqiy poydevorini yaratdi. Asosiy yutuqlar orasida quyidagilarni alohida ko‘rsatish o‘rinli, ya’ni:

  • 2019-yilda "Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida"gi qonun qabul qilinishi natijasida – himoya orderlari, jabrlanganlarga bepul yuridik, psixologik va tibbiy yordam joriy etildi; 2023-yilda Jinoyat kodeksining 126-1-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishlar asosida uydagi zo‘ravonlik jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi ko‘zda tutildi, jinsiy shilqimlik va ta’qib uchun ham javobgarlik joriy etildi. Ushbu chora-tadbirlar BMTning Ayollarga nisbatan kamsitishlarga barham berish qo‘mitasi (CEDAW) tavsiyalariga bevosita mos keladi.

  • 2024-yilda qabul qilingan "Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida"gi qonun bilan jismoniy jazolar taqiqlandi, bolalar uchun himoya orderlari joriy etildi hamda bolalarga bepul huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatish kafolatlandi. Qonunni ishlab chiqishda BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi mulohazalari inobatga olindi.

  • 2025-yil 1-martdan boshlab yolg‘iz onalar/otalarga 3 yoshgacha bo‘lgan bola uchun bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravarigacha miqdorda to‘lov tarzidagi moliyaviy yordam joriy etildi. Kam ta’minlangan oilalardan bo‘lgan yolg‘iz onalar bolalar bog‘chasiga borish uchun yordam olishlari, shuningdek, kam ta’minlangan oilalardan bo‘lgan talaba qizlar o‘qish uchun to‘lov, stipendiyalar va grantlar olishlari mumkin.

Farovon oila – nafaqat davlat siyosatining maqsadi, balki mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tizimli va qamrovdor islohotlar muvaffaqiyatining asosiy mezonidir, – dedi pirovardida A.Saidov. – Oila mustahkam bo‘lsa, davlat mustahkam va xalqimiz farovon bo‘ladi, millatimiz ravnaq topib, Vatanimiz barqaror taraqqiyotga erishadi. So‘nggi yillardagi islohotlar samaralari shuni ko‘rsatmoqdaki, O‘zbekiston to‘g‘ri yo‘nalishda – xalqaro standartlar asosida va o‘z tajribasiga tayangan holda izchil harakat qilmoqda.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech