Milliy markaz vakili maktabda uchrashuv o‘tkazdi

21-may kuni Toshkent shahar, Yashnobod tumanidagi 307-maktabda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan hamkorlikda “Rahbar va yoshlar” mavzusida ma’rifiy uchrashuv o‘tkazildi. Unda Milliy markaz direktorining matbuot kotibi, axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi, matbuot xizmati rahbari, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist G‘ulom Mirzo ishtirok etdi.

Maktab o‘qituvchilari va asosan bitiruvchi sinflar o‘quvchilari qatnashgan ushbu jonli muloqotda dastavval yoshlarning kasb-hunar tanlashi masalasi haqida so‘z bordi. Bunda, xususan, shiddat bilan o‘zgarayotgan yuksak texnologiyalar davri o‘zgarishlarini hisobga olish, shaxsiy qiziqish va dunyoqarashlardan kelib chiqish, yanada muhimi, tanlanadigan kasb-hunarlarning inson manfaatlariga imkon qadar ko‘proq xizmat qilishini nazarda tutish muhimligi uqtirildi.

Uchrashuv davomida «Kitob — ma’rifat manbai» nomli aksiya ham o‘tkazildi. Ma’rifiy tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 15-yanvarda qabul qilingan “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi o‘rtasida kitob o‘qishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etildi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining 30-yilligiga bag‘ishlangan ushbu tadbirda kitob mutolaasida gap ko‘p ekani ta’kidlandi. Shu ma’noda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonda 2026 – 2030-yillarda aholining kitobxonlik darajasi oshirish asosiy maqsad etib belgilangani bejiz emas.

Maktab kutubxonasiga Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi nomidan 60 ta adabiy-badiiy kitob topshirildi. Shuningdek, ma’rifiy uchrashuvda faollik ko‘rsatgan o‘quvchi-yoshlarga ham kitoblar taqdim etildi.

Maktab direktorining ma’naviy–ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Muattarxon Turg‘unova Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markaziga amaliy hamkorlik uchun minnatdorlik bildirdi.

Milliy markaz tashabbusi bilan maktab kutubxonasida “Konstitutsiya va inson huquqlari” burchagi tashkil etilgan. Bu, o‘z navbatida, nafaqat o‘quvchilar, balki o‘qituvchilar ham o‘z huquqiy bilimlarini oshirishlari uchun qulay imkoniyat tug‘dirmoqda.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech