Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari inson huquqlari masalalariga yaqin nuqtayi nazardan yondashadi
14-may kuni Toshkentda Xitoyning Inson huquqlarini rivojlantirish jamg‘armasi bilan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi o‘zaro hamkorlikda tashkil etgan “Xitoy — Markaziy Osiyo – 2026” inson huquqlarini rivojlantirish forumi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonning davlat tuzilmalari, ekspert va ilmiy hamjamiyatlari, ishbilarmon doiralari hamda ommaviy axborot vositalarining 100 dan ortiq vakili ishtirok etdi.
Forumning ochilish marosimida Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari rivojlanayotgan davlatlar sifatida barqaror rivojlanish hamda inson huquqlarini ilgari surish masalalarida o‘xshash yondashuvlarga ega ekani ta’kidlandi.
– Xitoyda “Uzoqdagi qarindoshdan yaqin qo‘shni yaxshi”, deya ko‘p takrorlashadi. Bu e’tirofni Xitoyning Inson huquqlarini rivojlantirish jamg‘armasi vitse-prezidenti va bosh kotibi Li Xunkuy o‘z tabrik so‘zida alohida qayd etdi.
“So‘nggi yillarda Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi har tomonlama hamkorlik misli ko‘rilmagan yuksak darajaga ko‘tarildi. O‘tgan yili bo‘lib o‘tgan “Xitoy – Markaziy Osiyo” ikkinchi sammitida XXR Raisi Si Szinpin va Markaziy Osiyodagi besh davlat rahbarlari o‘zaro hurmat, ishonch, manfaatdorlik va qo‘llab-quvvatlashga asoslangan “Xitoy – Markaziy Osiyo” ruhini ilgari surishga, shuningdek, yanada yaqinroq Xitoy – Markaziy Osiyo taqdiri mushtarak hamjamiyatini birgalikda qurishga bir ovozdan qaror qildi”, – dedi Xitoy delegatsiyasi rahbari.
Notiq ta’kidlaganidek, bu galgi Forum uchun “Yuqori sifatli rivojlanish orqali inson huquqlari sohasidagi taraqqiyotni birgalikda rag‘batlantirish” mavzusi tanlangani bejiz emas. Bunday yondashuv Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlarining hamkorlik orqali taraqqiyotga ko‘maklashish, inson huquqlari rivojlanishining yangi ufqlarini birgalikda ochish yo‘lidan og‘ishmay borishini qo‘llab-quvvatlaydi.
“Rais Si Szinpin qayd etganidek, Xitoy modernizatsiyasining negizida xalq farovonligi yotibdi. Biz insonlarning baxtli hayoti – eng ulug‘ insoniy huquq deb hisoblaymiz”, — dedi Li Xunkuy. U Xitoy va Markaziy Osiyoning besh davlati rivojlanayotgan mamlakatlar va modernizatsiya yo‘lidagi hamkorlar ekanini ta’kidladi.
“Inson huquqlarini rivojlantirishga oid yondashuvlarimiz va ularni amalga oshirish yo‘llarimizda o‘xshashliklar ko‘p. Biz olti mamlakat xalqlarining umumiy farovonlikka intilishlariga munosib javob qaytarishimiz, taraqqiyot amaliyotiga inson manfaatlarini ko‘zlaydigan yondashuvni joriy etishimiz kerak”, — dedi Xitoy Inson huquqlarini rivojlantirish jamg‘armasi bosh kotibi.
“Qashshoqlikni kamaytirish, bandlik, ta’lim, tibbiyot kabi sohalarga e’tibor qaratib, amaliy hamkorlikni mustahkamlash zarur. Toki yanada ko‘proq odamlar baxt, ishonch va xavfsizlikni his qilsin hamda inson huquqlari rivojlanishi samaralaridan bahramand bo‘lsin”, — deb ta’kidladi notiq.
Shuningdek, u yashil transformatsiyani ilgari surish va inson huquqlari rivojlanishining yangi sahifasini birgalikda yozish zarurligini qayd etdi. Qulay ekologik muhit – eng adolatli ijtimoiy ne’mat va xalq farovonligining eng muhim tarkibiy qismidir.
“Biz “yashil”, kam uglerodli rivojlanish modernizatsiyaning asosiy elementi hamda inson huquqlarini ilgari surish uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan barqaror taraqqiyotning yagona yo‘li ekanini tobora ko‘proq anglab yetmoqdamiz”, — dedi Li Xunkuy.
U, shuningdek, zamonaviy dunyoda texnologiyalarning o‘rni hamda shu munosabat bilan inson huquqlarini rivojlantirishning yangi salohiyatini ochish muhimligini ta’kidladi. Shu bilan birga, insonga yo‘naltirilganlik va texnologiyalarni inson manfaatlari yo‘lida qo‘llash tamoyiliga amal qilish, raqamli boshqaruvni takomillashtirish hamda texnologik jarayon insonning erkin va har tomonlama kamol topishiga xizmat qilishini, raqamli dividendlar esa barcha xalqlar uchun ochiq bo‘lishini ta’minlash zarur.
Inson huquqlarini rivojlantirishda, — deya ta’kidladi Li Xunkuy, — haqiqiy ko‘p tomonlamalikni yoqlash, inson huquqlari masalalarining siyosiylashtirilishiga qarshi chiqish hamda inson huquqlari sohasidagi global boshqaruvni takomillashtirishni birgalikda ilgari surish muhim.
– Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy uchun inson huquqlari masalalari aholining munosib turmush darajasini ta’minlash, qashshoqlikni qisqartirish, ta’lim, sog‘liqni saqlash va zamonaviy texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish bilan chambarchas bog‘liqdir. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov o‘z tabrik so‘zi avvalida shu fikrlarni alohida ta’kidladi.
Akmal Saidovning fikricha, bugungi kunda yuksak darajadagi rivojlanish insonning munosib hayot kechirishini ta’minlashning zaruriy sharti sifatida tobora ko‘proq e’tirof etilmoqda. Bandlik, ijtimoiy himoya, zamonaviy ta’lim olish, tibbiy yordam va xavfsiz atrof-muhitdan bahramand bo‘lish masalalari inson huquq va erkinliklarining ro‘yobga chiqishiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi hamda ko‘p jihatdan jamiyat barqarorligini belgilaydi. Shu ma’noda, inson huquqlarini ilgari surishni rivojlanish vazifalaridan ajratgan holda ko‘rib chiqish mumkin emas.
Milliy markaz direktori Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoy uchun rivojlanish hamda inson huquqlari masalalari tobora chambarchas bog‘lanib borayotganini qayd etdi. Aynan shuning uchun ham inson kapitalini mustahkamlash, bilim va texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, oila, yoshlar va aholining zaif qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, insonning munosib va xavfsiz hayoti uchun shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan vazifalar diqqat markazida turibdi.
A. Saidov o‘z nutqida bugungi kunda Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari inson huquqlari masalalariga mintaqadagi umumiy taraqqiyot vazifasining bir qismi sifatida o‘xshash nuqtayi nazardan yondashayotganini alohida ta’kidladi.
Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun Forum ishtirokchilarini qutlar ekan, Xitoy va Markaziy Osiyo o‘rtasida inson huquqlari sohasidagi hamkorlikdan manfaatdor bo‘lgan barchaga samimiy minnatdorlik izhor etdi.
«Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlarini umumiy tog‘u daryolar birlashtirib turadi. Xalqlarimizning qalbi bir-biriga yaqin. Ikki ming yildan ziyod vaqt davomida Buyuk ipak yo‘li mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik uchun mustahkam poydevor yaratdi. So‘nggi o‘ttiz yildan ortiq vaqt mobaynida Xitoy va Markaziy Osiyoning besh davlati o‘rtasida yuksak darajadagi strategik sheriklik munosabatlari o‘rnatildi», — dedi diplomatik vakolatxona rahbari.
«Inson huquqlari butun insoniyat umumiy qadriyatlarining muhim tarkibiy qismidir. Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari “Global Janub” toifasiga kiradi va bizning oldimizda iqtisodiyotni rivojlantirish hamda aholi turmushini yaxshilashdek umumiy vazifalar turibdi. Mamlakatlarimiz o‘rtasida inson huquqlari masalalari bo‘yicha keng konsensusga erishilgan. Biz inson manfaatlari ustuvor bo‘lgan taraqqiyot konsepsiyasiga sodiqmiz, yashash va rivojlanish huquqini insonning eng asosiy, birinchi darajali huquqlari deb bilamiz», — dedi Xitoy elchisi.
U, shuningdek, Xitoy va O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi yaqin hamkorligi muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. O‘tgan yili Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining faol ko‘magida XXR Raisi Si Szinpinning inson huquqlarini hurmat qilish va ta’minlashga oid asarining o‘zbek tilidagi nashri chop etildi. «Ushbu voqea hamkorligimiz tarixida muhim bosqich bo‘ldi», — deya qayd etdi Yuy Szyun.
Qozog‘iston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining alohida topshiriqlar bo‘yicha elchisi Alua Nadirkulova o‘z nutqida ta’kidlaganidek, “Xitoy – Markaziy Osiyo – 2026” inson huquqlarini rivojlantirish forumi mintaqada va uning tashqarisida ko‘p tomonlama hamkorlik, o‘zaro anglashuv, madaniy xilma-xillikka hurmat hamda inson huquqlarini ilgari surishga bo‘lgan umumiy sadoqatni mustahkamlashga hissa qo‘shadigan muhim muloqot maydoniga aylandi.
“Markaziy Osiyo va Xitoyni o‘zaro hurmat, ishonch va strategik sheriklikka asoslangan ko‘p yillik hamkorlik bog‘lab turadi. Bizning hamkorligimiz savdo, ta’lim, madaniy almashinuv va mintaqaviy rivojlanish kabi keng qamrovli yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi. Biz Xitoyning inson huquqlari va barqaror rivojlanish sohasidagi yutuqlarini, shuningdek, barcha davlatlar o‘rtasidagi muloqot va hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan xalqaro maydonlardagi faoliyatini yuqori baholaymiz”, — dedi Qozog‘iston delegatsiyasi rahbari.
U Xitoyning o‘ta qashshoqlikka barham berishda ulkan natijalarga erishganini, 2020-yilga kelib qariyb 800 million kishini kambag‘allikdan chiqarganini alohida ta’kidladi. Bu natija inson huquqlarini barqaror ravishda ilgari surish uchun iqtisodiy va ijtimoiy huquqlar naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi.
Alua Nadirkulova Forum ishtirokchilarini o‘z mamlakatining so‘nggi yutuqlari, xususan, yaqinda umumxalq referendumi orqali qabul qilingan va joriy yilning iyul oyida kuchga kiradigan Qozog‘istonning yangi Konstitutsiyasi bilan tanishtirdi. “Davlat rahbari Qosim-Jo‘mart Toqayev amalga oshirilayotgan islohotlar avvalo inson huquqlarini ilgari surish, fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini ta’minlash hamda mustahkamlashga qaratilganini ta’kidladi”, — dedi notiq.
Shuningdek, Alua Nadirkulova Qozog‘iston tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlagani uchun Xitoy va O‘zbekistonga samimiy minnatdorlik bildirdi.
Bu o‘rinda, xususan, Olmaotada “BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) bo‘yicha mintaqaviy xabini tashkil etish to‘g‘risida”gi rezolyutsiya, shuningdek, Qozog‘iston tomonidan BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga taqdim etilgan rezolyutsiya loyihalari – Markaziy Osiyoning “Har bir bolaning tinchlik va bag‘rikenglik tamoyillariga asoslangan ta’lim olish huquqini kafolatlash” nomli birinchi rezolyutsiyasi hamda “Oiladagi zo‘ravonlikka barham berish” masalasiga doir rezolyutsiya qo‘llab-quvvatlangani haqida so‘z bormoqda.
Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligining alohida topshiriqlar bo‘yicha elchisi Forumda bugungi kunda inson huquqlari sohasidagi kun tartibi tobora keng qamrovli tus olayotganini ta’kidladi. U nafaqat erkinliklarni himoya qilish masalalarini, balki barqaror rivojlanish, ijtimoiy farovonlik, raqamli transformatsiya, ekologik xavfsizlik kabi muhim yo‘nalishlarni ham qamrab olmoqda.
Turkmaniston Ombudsmani Apparatining xususiy sektorda inson huquqlarini himoya qilish masalalari bo‘limi bosh maslahatchisi Allanur Qodirov o‘z ma’ruzasida tabiiy huquqning asosiy unsuri sifatida insonning ekologik huquqlari haqida so‘z yuritdi.
«Bugungi kunda, globallashuv jarayonlari hayotning barcha jabhalarini qamrab olgan bir paytda, insonning ekologik huquqlari tabiiy huquqning asosiy unsuri sifatida hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda. Ularni himoya qilish va ularga rioya etish endilikda jamiyatning eng muhim vazifalaridan biri sifatida qaralmoqda», — deya ta’kidladi notiq.
Allanur Qodirovning qayd etishicha, zamonaviy Turkmaniston xalqaro maydonda ekologik farovonlikka qaratilgan tashabbuslarni tez-tez ilgari surmoqda. Bular qatoriga Iqlim texnologiyalari bo‘yicha mintaqaviy markaz ochish taklifi ham kiradi. Taxminan 80 million aholi istiqomat qiladigan, noyob tabiiy resurslar va bioxilma-xillikka ega, ayni paytda jiddiy ekologik tahdidlar zonasida joylashgan mintaqa uchun BMTning bunday ixtisoslashtirilgan markazini tashkil etish tashabbusi bugungi kunda yaqqol istiqbollarga ega.
Notiq Turkmaniston Ombudsman devonining faoliyati davlat majburiyatlari va ularning amaliy ijrosi o‘rtasidagi muhim bog‘lovchi bo‘g‘in ekanini, Devon ekologik huquqlar himoyasini mamlakatdagi inson huquqlari monitoringining umumiy tizimiga integratsiya qilayotganini ta’kidladi. Bundan tashqari, Devon ekologiya kun tartibini amalga oshirish masalalari bo‘yicha xalqaro institutlar, jumladan BMT va YEXHT agentliklari bilan faol hamkorlik qilmoqda.
Qirg‘iziston Respublikasi Ombudsman (Aqiyqatchi) institutining yopiq muassasalarga preventiv tashriflarni amalga oshirish bo‘limi boshlig‘i Emilbek Ajibekovning ta’kidlashicha, bugungi kunda, ayniqsa, global muammolar, shiddatli texnologik taraqqiyot va xalqaro kun tartibining o‘zgarishi sharoitida inson huquqlarini himoya qilish, inson qadr-qimmatini ta’minlash, ijtimoiy adolat va barqaror rivojlanish masalalari birgalikdagi sa’y-harakatlarni talab etmoqda. Aynan shuning uchun ham “Xitoy — Markaziy Osiyo” hamkorlik shakli alohida dolzarblik va ahamiyat kasb etadi.
U Qirg‘iziston Respublikasi Ombudsman (Aqiyqatchi) instituti inson va fuqarolarning huquq hamda erkinliklariga rioya etilishi ustidan parlament nazoratini olib boruvchi mustaqil konstitutsiyaviy organ ekanini qayd etdi. “Faoliyatimizda yopiq muassasalarda, ya’ni ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish, qiynoq va shafqatsiz muomalaning boshqa shakllarini oldini olish, shuningdek, inson qadr-qimmati va qonuniylik tamoyillariga rioya etishga alohida e’tibor qaratamiz”, — dedi notiq.
Emilbek Ajibekov bu borada Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoy o‘rtasida milliy prevensiya mexanizmlarini takomillashtirish, jinoyat-ijroiya tizimini insonparvarlashtirish, inson huquqlari monitoringida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish hamda aholining zaif qatlamlarini himoya qilish kafolatlarini mustahkamlash masalalarida amaliy tajriba almashish muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Shu bois Forum mintaqaviy muloqotni mustahkamlash, ilg‘or tajribalar bilan o‘rtoqlashish va inson huquqlarini himoya qilishning dolzarb masalalari bo‘yicha birgalikdagi yondashuvlarni ishlab chiqishning muhim mexanizmi sifatida ko‘rilmoqda.
Tojikiston Respublikasi Prezidenti Ijroiya apparatining Inson huquqlari kafolatlari boshqarmasi bosh mutaxassisi Parviz Olimzoda Forumdagi nutqida ta’kidlaganidek, inson huquqlari masalasi zamonaviy jamiyat taraqqiyotida alohida o‘rin tutadi va ularga rioya etilishi barqaror rivojlanishni mustahkamlashga yordam beradi.
“Demokratik Tojikiston har qanday qonun talabi aqida emasligini, u vaziyat o‘zgarishi va jamiyat rivojlanishi bilan o‘zgarishi kerakligini tan oladi. Respublika Konstitutsiyasining 5-moddasida shunday deyilgan: “Inson, uning huquq va erkinliklari oliy qadriyat hisoblanadi. Ular davlat tomonidan tan olinadi, ularga rioya etiladi va ular himoya qilinadi”. Konstitutsiyaning 10-moddasi esa respublika huquq tizimida konstitutsiyaviy normalarning oliy kuchga ega ekanligini tan olgan holda, Konstitutsiya normalariga boshqa huquq manbalaridan ustunlik beradi”, — dedi tojikistonlik notiq.
Parviz Olimzoda mamlakatda inson huquqlari sohasida muhim natijalarga erishilganini, xususan, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish darajasining yuqoriligi, zarur milliy qonunchilik bazasining yaratilgani, o‘lim jazosini qo‘llashga moratoriy joriy etilgani, shuningdek, inson huquqlari bo‘yicha milliy institut tashkil etilganini alohida ta’kidladi. Biroq, hali qilinadigan ishlar ko‘p. Uning fikricha, “Bu boradagi maqsadli va doimiy sa’y-harakatlar Tojikiston Respublikasi o‘z faoliyatini insonning, uning huquq va erkinliklarining yuksak qadriyati mas’uliyatini anglash asosida izchil rivojlantirib borayotganidan dalolat beradi”.
Forum yakunlari bo‘yicha Yakuniy hujjat — mintaqa mamlakatlari o‘rtasida inson huquqlarini rivojlantirish va himoya qilish sohasidagi kelgusi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini aks ettiruvchi “Toshkent tashabbusi” qabul qilindi.
Forum doirasida, shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan Xitoyning Inson huquqlarini rivojlantirish jamg‘armasi o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolandi. Hujjatni tashkilotlar rahbarlari – Akmal Saidov va Li Xunkuy imzoladi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
Ўзбекча
English
Русский