Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori  BMTning Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili bilan  uchrashdi

9-iyun kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov bilan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili Maxir Safarli o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha huquqiy himoya masalalari yuzasidan mutaxassisi Baljan Oshakbayeva ham ishtirok etdi.

Tomonlar o‘zaro muloqot asnosida qochoqlar, boshpana izlovchi shaxslar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar huquqlarini himoya qilish sohasidagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari haqida fikrlashdilar. Shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi o‘rtasida 2026-yilga mo‘ljallangan Qo‘shma ish rejasi imzolandi. Mazkur hujjatda kelgusi davr uchun hamkorlikdagi faoliyatning ustuvor yo‘nalishlari, jumladan, milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish, aholi xabardorligini oshirish va salohiyatini mustahkamlash, shuningdek, tegishli toifadagi shaxslar huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro standartlarni ilgari surish belgilab olindi.

Tomonlar konstruktiv hamkorlikni yanada rivojlantirish va erishilgan kelishuvlarni samarali amalga oshirishga tayyorligini bildirdilar.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech