Bolalarga g‘amxo‘rlik – eng ezgu amal
12-iyun – Jahon bolalar mehnatiga qarshi kurash kuni
Hozirgi kunda dunyoda qariyb 138 million nafar bola majburiy mehnat domiga tortilgan bo‘lsa, ulardan 54 million nafari hayot va sog‘liq uchun o‘ta xavfli sharoitlarda ishlashga majbur etilmoqda.
Bu raqamlarni Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) Bosh direktori Jilber Ungbo kuni kecha e’lon qildi. Uning ta’kidlashicha, majburiy mehnatga jalb etilgan bolalar taqdiri bilan bog‘liq bugungi vaziyat toqat qilib bo‘lmaydigan darajada og‘ir bo‘lib, jahon hamjamiyati ushbu holatga tezkor chora ko‘rishi talab etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga qaraganda, 2026-yil 1-yanvar holatiga, mamlakatimizdagi jami bolalar soni 11 million 630 ming 879 nafarni tashkil etgan. Shundan – 6 million 30 ming 736 nafari o‘g‘il bola va 5 million 600 ming 143 nafari qiz bolalardir.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, «Dunyoda isbot talab qilmaydigan bir haqiqat bor: har qanday mamlakat taraqqiyoti sog‘lom va bilimli avlodga bog‘liq. Shu bois, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida sog‘lom, bilimli, teran fikrli, vatanparvar yoshlarni tarbiyalash uchun barcha sharoitlarni yaratishimiz shart va zarur». Davlat rahbarining ushbu fikrlari keyingi yillarda hayotimizga tobora keng tatbiq etilmoqda.
Eng muhimi, Yangi O‘zbekistonda bola huquqlarini tizimli va har tomonlama ta’minlash borasida muayyan ibratli tajriba to‘plandi. Bola huquqlari kafolatlarini mustahkamlash bo‘yicha bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Avvalambor, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida bola huquqlari mustahkam kafolatlandi.
Konstitutsiyamizning 44-moddasiga ko‘ra: “Sud qarori bilan tayinlangan jazoni ijro etish tartibidan yoxud qonunda nazarda tutilgan boshqa hollardan tashqari majburiy mehnat taqiqlanadi. Bolalar mehnatining bolaning sog‘lig‘iga, xavfsizligiga, axloqiga, aqliy va jismoniy rivojlanishiga xavf soluvchi, shu jumladan, uning ta’lim olishiga to‘sqinlik qiluvchi har qanday shakllari taqiqlanadi”.
Asosiy qonunimizda ushbu normalarning aks etgani, bir tomondan, majburiy mehnatga qarshi kurash yo‘lidagi yutuqlarimizni tasdiqlab, bu jabhada istiqbolda amalga oshiradigan ishlarimiz bardavom bo‘lishini konstitutsiyaviy darajada muhrlagan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, ayni omil O‘zbekistonning xalqaro imijiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Zero, mazkur konstitutsiyaviy normalar bolalarimizni mehnatning og‘ir shakllaridan himoya etib, ularning barkamol bo‘lib voyaga yetishiga xizmat qiladi.
Yana bir muhim jihat: ushbu konstitutsiyaviy normalar Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) konvensiyalarida belgilangan tartib va talablar milliy qonunchiligimizga singdirilganidan yaqqol dalolatdir. Bu haqda fikr yuritganda, 12-iyun – Jahon bolalar mehnatiga qarshi kurash kuni ham aynan XMT tomonidan ta’sis etilganini alohida qayd etish lozim.
Mazkur muhim xalqaro sanaga asos solish g‘oyasi 1997-yili Amsterdam va Osloda bo‘lib o‘tgan bolalar mehnatining eng yomon ko‘rinishlariga qarshi kurash hamda bolalar mehnati bo‘yicha xalqaro konferensiyadan so‘ng tug‘ilgan. Shu negizda bolalar mehnati bilan bog‘liq muammolarga butun bashariyat e’tiborini qaratish maqsadida XMT ilk bor 2002-yili Jahon bolalar mehnatiga qarshi kurash kunini o‘tkazdi.
Shundan buyon bolalar mehnatiga qarshi kurashish uchun o‘z kuchlarini birlashtirgan hukumatlar, ish beruvchilar, ishchilar tashkilotlari, fuqarolik jamiyati vakillari, shuningdek, dunyodagi millionlab odamlar har yili 12-iyun kunini keng nishonlaydi. E’tiborlisi, so‘nggi yigirma to‘rt yil ichida dunyo bo‘ylab bolalar mehnatini kamaytirishda sezilarli muvaffaqiyatlarga erishildi.
XMTga a’zo davlatlar bolalar mehnatining eng yomon ko‘rinishlarini, iloji boricha, tezroq bartaraf etishni maqsad qilgan. Bunga erishish uchun har qaysi davlat bu borada ham faoliyat doirasini kengaytirishi, ham siyosiy irodasini mustahkamlashi talab etiladi.
O‘zbekiston XMTning bir qator konvensiyalarini ratifikatsiya qilgan. Mamlakatimizda majburiy mehnatga barham berish yo‘nalishida tegishli komissiyalar faoliyat olib boradi.
Ayniqsa, BMT bolalarni himoya qilish bo‘yicha sa’y-harakatlar salmog‘i borasida alohida o‘rin tutishini ta’kidlash darkor. Xususan, 1959-yilda BMT tomonidan Bola huquqlari deklaratsiyasi, 1989-yilda Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qabul qilindi. Bu Konvensiya jahon mamlakatlari tomonidan eng ko‘p ratifikatsiya qilingan xalqaro shartnomaga aylandi.
O‘zbekiston Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga 1992-yil 9-dekabrda qo‘shilgan va 2008-yilda mazkur Konvensiyaning ikki fakultativ protokolini ratifikatsiya qilgan. O‘tgan yillar mobaynida mamlakatimiz BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasiga muvofiq qabul qilingan majburiyatlariga sodiqligini namoyon qilib kelmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017-yili BMT Bosh Assambleyasining sentyabrdagi 72-sessiyasida va 2021-yili BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 46-sessiyasida so‘zlagan nutqlarida O‘zbekistonda majburiy mehnat va bolalar mehnatining har qanday shakllariga barham berish choralari ko‘rilishi to‘g‘risida ta’kidlagani bejiz emas. Binobarin, mamlakatimizda majburiy mehnat va bolalar mehnatiga qarshi kurashishning tashkiliy mexanizmlari yaratildi. Bolalar mehnatiga barham berishning qonunchilik asoslari kuchaytirildi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda bolalar huquqlarini ta’minlashga doir 40 dan ortiq qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilinib, ular asosida bolalarning ma’naviy, intellektual, jismoniy va axloqiy jihatdan kamol topishiga ko‘maklashishning huquqiy mexanizmi yaratildi. Qabul qilinayotgan qonunlar aynan “Bolaning eng yaxshi manfaatlari” prinsipini hayotga joriy qilishga qaratilmoqda.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi va Jinoyat kodekslari bolalar mehnatidan foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g‘risidagi talablarni buzganlik yoki ularni mehnatga ma’muriy majburlaganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi qoidalar bilan to‘ldirildi. Bu ta’sirchan choralar mamlakatimizda bolalar mehnatining har qanday shakllariga barham berishda o‘z samarasini namoyon etdi.
Xalqaro tashkilotlar O‘zbekiston bolalar mehnatiga barham berishga qaratilgan sa’y-harakatlari borasida muvaffaqiyatga erishganligini e’tirof etdi.
Sir emaski, yaqin yillargacha yurtimizda o‘qituvchi-pedagoglar, tibbiyot sohasi vakillari, talabalar va o‘quvchilar jamoaviy ishlarga muntazam jalb etilgan, ulardan ishchi kuchi sifatida foydalanib kelingan. Shukrki, davlatimiz va jamiyatimizning hamjihatlikdagi sa’y-harakatlari tufayli so‘nggi yillarda bu kabi salbiy holatlarga chek qo‘yildi: majburiy mehnat va bolalar mehnatining oldi olindi.
O‘zbekiston XMTning «Majburiy mehnat to‘g‘risida»gi 29-sonli, «Majburiy mehnatni tugatish to‘g‘risida»gi 105-sonli, «Eng kichik yosh to‘g‘risida»gi 138-sonli, «Bolalar mehnatining eng yomon ko‘rinishlari to‘g‘risida»gi 182-sonli konvensiyalarini ratifikatsiya qilgani bunda muhim ahamiyat kasb etadi. Xalqaro huquq va milliy qonunchilikda bola mehnatiga jalb etish taqiqlanishi va javobgarlikka sabab bo‘lishi aniq-ravshan ko‘rsatilgan.
Bugungi kunda majburiy mehnat va bolalar mehnatini taqiqlashga taalluqli konstitutsiyaviy normalar milliy qonunlarimiz mazmun-mohiyatiga teran singdirilib, hayotimizning odatiy tarziga aylanib ulgurdi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Prezidentining 2026-yil 16-fevralda qabul qilingan «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish» yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va «O‘zbekiston-2030» strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmoni bilan Kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish bo‘yicha ustuvor islohotlar dasturi tasdiqlandi. Dastur asosida, jumladan, o‘quvchilarni erta yoshdan boshlab kasbga qiziqtirish va ularning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish sohalarini isloh qilishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Yana bir muhim dasturiy hujjat – “O‘zbekiston–2030” strategiyasini “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi bo‘yicha amaliy tadbirlar rejasi doirasidagi istiqbolli ishlar ham diqqatni o‘ziga tortadi. Bu o‘rinda, jumladan, kasbiy ta’lim tizimida ta’lim dasturlari davomiyligidan kelib chiqib, ta’lim muassasasida o‘quvchilar nazariy bilimlarni egallash bilan birga zavod, fabrika, ishlab chiqarish korxonalarida amaliyot bilan shug‘ullanib kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan o‘quv-uslubiy mexanizmlar yo‘lga qo‘yilayotgani haqida so‘z bormoqda.
E’tibor bering: shu kunlarda Jeneva shahrida bo‘lib o‘tayotgan Xalqaro mehnat konferensiyasining 114-sessiyasi doirasida 12-iyun – Jahon bolalar mehnatiga qarshi kurash kuni munosabati bilan “Bolalar mehnatiga qizil kartochka: Marokashdan amaliy harakatlargacha” mavzusida xalqaro tadbir o‘tkazildi. Unda bolalar mehnatini tugatish, ularning huquqlarini ta’minlash, munosib mehnat tamoyillarini keng joriy etish hamda ushbu yo‘nalishdagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Xalqaro mehnat konferensiyasida ishtirok etgan 187 ta davlat orasida O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan mehnat, ijtimoiy himoya va ta’lim sohalarida amalga oshirilgan islohotlar natijalari taqdim etildi. Mamlakatimizda bolalar mehnatining deyarli to‘liq bartaraf etilgani, bu natija davlat siyosati, kuchli ijtimoiy himoya tizimi va xalqaro hamkorlik samarasi sifatida xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etildi.
Xulosa qilib aytganda, Bosh qomusimiz bilan majburiy mehnatga va bolalar mehnatiga taqiq qo‘yilgani, shubhasiz, yurtimizda inson qadr-qimmati yuksak darajaga ko‘tarilayotganini, bu boradagi siyosat qat’iy ekanini anglatadi. Bolaning eng maqbul manfaatlarini hisobga olish va huquqlarini ta’minlash masalalariga katta e’tibor qaratilayotgani, ayniqsa, aholisining qariyb uchdan bir qismini bolalar tashkil etuvchi O‘zbekistonda nihoyatda ahamiyatlidir.
G‘ulom MIRZO
Ўзбекча
English
Русский