KEKSALAR QADR TOPGAN YURTDA QUT-BARAKA, MEHR-OQIBAT VA TINCHLIK-OSOYISHTALIK BARQAROR

15-iyun – Butunjahon keksalarga nisbatan suiiste’molliklar haqidagi axborotlarni tarqatish kuni

 

Yaqinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida “Faxriylar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda muhokama qilindi. Mazkur loyihada faxriylar huquqlari bilan bog‘liq qonunosti hujjatlarda tarqoq holda bo‘lgan huquqiy normalar jamlanib, yaxlit qonun holatiga keltirilmoqda.  

Xususan, loyiha bilan faxriylar maqomi, toifalari hamda bu sohada mas’ul vazirlik va idoralarning vakolatlari belgilanmoqda. Shuningdek, faxriylarning huquqiy va ijtimoiy himoyasi, imtiyoz hamda kafolatlari mustahkamlanmoqda.

Endilikda biror bir soha, tarmoq yoki kasbda uzoq yillar mobaynida vijdonan namunali mehnat qilish orqali davlat hamda jamiyat e’tirofiga sazovor bo‘lgan jismoniy shaxslarga faxriy maqomi beriladi. Sobiq ittifoq va O‘zbekiston Respublikasining davlat mukofotlari, orden va faxriy unvonlari bilan taqdirlanganlar faxriy unvonini olishi mumkin. Shuningdek, mamlakat suvereniteti, tinchligi va xavfsizligi yo‘lida qahramonlik ko‘rsatgan harbiy soha vakillari va mazkur qonun hujjatida aks etgan boshqa vakillar faxriy maqomiga sazovor bo‘lishi mumkinligi belgilanmoqda.  

Faxriy maqomini olgan fuqarolar ijtimoiy jihatdan himoya, soliq hamda pensiya imtiyozlaridan foydalanish kabi bir qator huquqlarga ega bo‘ladi. Xususan, sanatoriy-kurort va sog‘lomlashtirish muassasalarida bepul davolanishlari mumkin. Uy-joy kommunal xizmatlar haqini to‘lash bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlarini olish, shahar transportida bepul yurish, havo va temir yo‘l chiptalarida chegirmalar, davlat xizmatlaridan navbatsiz foydalanish kabi bir qator imtiyozlarga ega bo‘ladi.  

Shuningdek, faxriylar sog‘lomlashtirish muassasalarida dori vositalari bilan imtiyozli ta’minlanadi. Madaniyat va ko‘ngilochar muassasalar — sport, teatr, moddiy madaniy meros obyektlari hamda muzeylarning pulli xizmatlaridan imtiyozli foydalanishi mumkin.

Ushbu qonun loyihasi muhokamalari aynan 15-iyun – Butunjahon keksalarga nisbatan suiiste’molliklar haqidagi axborotlarni tarqatish kuni arafasida bo‘lib o‘tganida o‘ziga xos ramziy ma’no bor. Binobarin, parlament quyi palatasi deputatlari ta’kidlanganlaridek, qonun loyihasining qabul qilinishi natijasida faxriylarni ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash imkoniyati yanada kengayadi. 

 Butunjahon keksalarga nisbatan suiiste’molliklar haqidagi axborotlarni tarqatish kuni  BMT Bosh Assambleyasining 2011-yildagi rezolyutsiyasi bilan ta’sis etilgan. Har yili shu xalqaro sanada butun dunyoda keksa avlodga mansub ayrim yoshi ulug‘ insonlar iztirobli muammolarga duch kelayotganlari nomaqbul ekani haqidagi ma’lumotlarni keng yoyish an’anaga aylangan.

Gap shundaki, 2015-yili yer yuzi aholisining 900 mln nafarini 60 yoshli va undan katta yoshdagi insonlar tashkil etgan bo‘lsa, 2050-yilda bu raqam salkam ikki barobar ortishi kutilmoqda. Ya’ni, 24-yildan so‘ng zamindosh keksalarimizning  soni taxminan 2 mlrd nafarga yetadi.

BMT tahlillariga qaraganda, 2030-yilda sayyoramizdagi 60 yoshdan katta insonlar soni 38 foizga oshadi va qariyb 1,4 mlrd nafardan iborat bo‘ladi. Boshqacha aytganda, keksalar yoshlardan ko‘ra ko‘proqni tashkil etadi. O‘z navbatida, 2050-yilda dunyodagi har olti insonning bir nafari 65 yoshdan katta keksalardan iborat bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

Keksalar sonining jadal sur’atlarda ortishi, o‘z navbatida, aholining ayni qatlami vakillariga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish holatlarining ham ko‘payishiga olib kelishi sir emas. Shuning uchun BMT yoshi ulug‘ insonlar huquqlari himoyasiga qaratilgan global javob choralarini ko‘rish zarur, deb hisoblaydi.

Ekspertlarning fikricha, keksalarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish holatlariga qarshi kurashish bo‘yicha yondashuvlar madaniy mezonlarga tayanishi va bunda har bir alohida holatga taalluqli tahdid omillari inobatga olinishi maqsadga muvofiqdir. Rivojlanayotgan  va rivojlangan mamlakatlarda ham keksalarga nisbatan shafqatsiz munosabat birdek kuzatilgani holda, afsuski, bu haqdagi ma’lumotlar global miqyosda juda kam tarqaladi.

Ayni muammoning global ko‘lami noaniq bo‘lib qolayotganiga qaramay, uning ijtimoiy va ma’naviy ziyoni kundek ravshan. Shu bois dunyo miqyosida keksalarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha har tomonlama ta’sirchan choralar ko‘rishga jiddiy e’tibor berilmoqda. Xususan, “Keksa insonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatga qarshi kurashish: BMTning 2021-2030-yillarga mo‘ljallangan sog‘lom keksayish o‘n yilligining besh ustuvor yo‘nalishi” mavzusidagi ma’ruza e’lon qilingani muhim ahamiyatga ega.

Bu borada mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlar haqida fikr yuritganda, birinchi navbatda, keksalarimizga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish masalasi yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlab qo‘yilganini ta’kidlash lozim. Xususan, Asosiy qonunimizning 46-moddasiga muvofiq:

“Har kim qariganda, mehnat qobiliyatini yo‘qotganda, ishsizlikda, shuningdek boquvchisini yo‘qotganda va qonunda nazarda tutilgan  boshqa hollarda ijtimoiy ta’minot huquqiga ega. Qonunda belgilangan pensiyalar, nafaqalar va boshqa turdagi ijtimoiy yordamning miqdorlari rasman belgilangan eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lishi mumkin emas”.

O‘z navbatida, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 19-maqsadi sog‘lom va faol keksalikni ta’minlashdir. Ushbu Strategiyani “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi bo‘yicha amaliy tadbirlar rejasiga ko‘ra, bir tomondan, har yili 60 va undan katta yoshdagi aholini sog‘lomlashtirish, ikkinchi tomondan, katta yoshdagi aholi orasida to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy faollik va yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi bo‘yicha individual va ommaviy targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 26-maqsadi asosida nuroniylarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalasi davlatimiz va jamiyatimizning doimiy e’tiborida turibdi. Jumladan, “Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmasin” shiori ostida ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan keksalar va nuroniylar hamda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va urush orti mehnat faxriylari holidan muntazam xabar olinmoqda.

Joriy yil davomida yurtimizning diqqatga sazovor joylarga, tarixiy shaharlar, qadimiy obidalar, ziyoratgohlar va yurtimizning so‘lim go‘shalariga 1,5 million nafar nuroniylarning sayohatlarini tashkil etish choralari ko‘rilmoqda.

Mahallalarda, o‘quv yurtlarida, tashkilot va idoralarda yoshlar, shuningdek, uyushmagan, tarbiyasi og‘ir, muammoli yoshlar va kam ta’minlangan oilalardagi yoshlar o‘rtasida, shuningdek, harbiy qismlarda harbiy xizmatchilar o‘rtasida keksa avlod vakillari ishtirokida “Uch avlod uchrashuvi” tadbirlari o‘tkazilayotgani ham juda muhim.

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech