Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining qaroriga muvofiq, 30-iyul – butun dunyoda Xalqaro do‘stlik kuni sifatida nishonlab kelinmoqda. Bundan 5-yil avval, 2021-yil 10-fevralda qabul qilingan qonunga asosan, ushbu sana O‘zbekistonda – Xalqlar do‘stligi kuni, deb belgilandi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bu bayramning ta’sis etilishi xalqimizning ayni ko‘nglidagi orzu-niyatning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Joriy yilda ushbu bayramlar Yangi O‘zbekistonda yanada ulkan ko‘lamda, yuqori saviyada va ko‘tarinki ruhda nishonlandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga bayram tabrigi yo‘llab, yurtimizdagi millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik muhiti eng katta boylik ekanini alohida qayd etdi.
Tabrikda ta’kidlanganidek, “Hech qachon unutmaylik, xalqlar do‘stligi bu – muqaddas insoniy qadriyat, tinch, erkin va farovon hayot garovidir. Bugungi kunda barchamiz o‘zimiz, oilamiz, farzandlarimizning baxti, jonajon O‘zbekistonimizning taqdiri va kelajagi uchun yagona xalq, yagona jamiyat bo‘lib harakat qilayotgan ekanmiz, yuksak maqsadlarimizga albatta yetamiz”.
Davlatimiz rahbari e’tibor qaratgan ayrim dalil va raqamlarga to‘xtalish ayni muddaodir. Ya’ni:
-
bugungi kunda yurtimizda 130 dan ziyod millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari bir oila farzandlari kabi ahil va inoq yashab, mamlakatimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda;
-
bu borada qabul qilingan 10 ta normativ-huquqiy hujjat, jumladan, Millatlararo munosabatlar sohasida davlat siyosati konsepsiyasi faoliyatimiz samarasini oshirishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda;
-
keyingi yillarda ko‘rkam binolarda faoliyat yuritayotgan 157 ta milliy madaniy markaz va 46 ta do‘stlik jamiyatining moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi;
-
yurtimizdagi ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonlari yetti tilda olib borilmoqda;
-
qardosh tillardagi maktablar davlat hisobidan darslik va adabiyotlar bilan ta’minlanmoqda;
-
teleradiokanallar orqali 12 tilda ko‘rsatuv va eshittirishlar efirga uzatilmoqda;
-
14 tilda gazeta va jurnallar nashr etilmoqda;
-
davlat xizmati, fan, madaniyat va sport sohalarida fidokorona mehnat qilayotgan turli millatga mansub 2 mingga yaqin fuqaro yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlangan.
So‘nggi yillarda chet ellarda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan aloqalarni kuchaytirishga alohida ahamiyat berilmoqda. Ushbu yo‘nalishda chora-tadbirlar dasturi amalga oshirilayotgani juda muhim.
Bularning barchasi mamlakatdagi islohotlar «Bizning kuchimiz – birlik va hamjihatlikda» degan ezgu g‘oya asosida amalga oshirilayotganidan dalolat beradi. Binobarin, O‘zbekiston – ulkan imkoniyat va resurslarga ega mamlakat, lekin eng katta boyligimiz – turli millat va konfessiyalar vakillari o‘rtasidagi tinchlik va barqarorlik, o‘zaro hurmat va hamjihatlikdir.
Yurtimiz zaminida qadimgi davrlardan buyon davom etib kelayotgan etnik xilma-xillik noyob ijtimoiy hodisa hisoblanadi. Shu g‘oyat muhim omilga tayangan holda, keyingi yillarda Yangi O‘zbekiston inson qadri va baxti ulug‘lanadigan tom ma’nodagi tinchlik, do‘stlik va mehr-oqibat diyoriga aylanib bormoqda.
Yanada e’tiborlisi, mintaqamizdagi qardosh davlatlar o‘rtasidagi do‘stona aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilib, dunyo siyosatida “Markaziy Osiyo ruhi” degan ibora va voqelik paydo bo‘ldi. O‘tgan yili O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Tojikiston chegaralari o‘zaro tutashgan nuqtada “Do‘stlik” stelasi ochilgani mintaqamiz xalqlari o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari mustahkamlanib borayotganidan yana bir yorqin dalolatdir.
Joriy yilning ayni bayram kunlari O‘zbekiston Prezidentining qo‘shni va qardosh Qozog‘iston hamda Qirg‘iziston davlatlariga oliy darajadagi tashriflari amalga oshirilgani ham bejiz emas. Ushbu tashriflar Markaziy Osiyo xalqlari o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va strategik sheriklikni yangi bosqichga olib chiqdi.
Shuni ham qayd etish joizki, Yangi O‘zbekistonda 23–31-iyul kunlari o‘tkazilgan «Do‘stlik festivali» doirasidagi rang-barang va keng ko‘lamli madaniy-ma’rifiy tadbirlarga nihoyatda boy bo‘ldi. Millatlararo munosabatlar qo‘mitasi, madaniy markazlar faollari va keng jamoatchilik ishtirokida mamlakatimiz bo‘ylab ilmiy-amaliy konferensiyalar, badiiy ko‘rgazmalar, milliy liboslar namoyishlari va taniqli ijodkorlar ishtirokida ijodiy muloqotlar bo‘lib o‘tdi.
Milliy markaz vakillari ham ushbu tadbirlarda faol ishtirok etdi. Jumladan, manfaatdor tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikda “Umummilliy birdamlik – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining harakatlantiruvchi kuchi!” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ayni xalqaro anjuman ochilishida so‘zlagan nutqida millatlararo totuvlik, hamjihatlik, dinlararo, madaniyatlararo hamjihatlikni asrash O‘zbekistonda bugun emas, balki asrlar davomida shakllangan an’ana sanalishini qayd etdi. Yangilanish yo‘lidan dadil borayotgan O‘zbekistonimizda umummilliy birdamlikning huquqiy asoslari ko‘plab hujjatlar bilan mustahkamlab qo‘yilgan. Bosh Qomusimizning 8-moddasida O‘zbekiston xalqini millatidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari tashkil etishi belgilangan. Bularning bari O‘zbekiston olib borayotgan siyosatning yuksak insonparvarlik, bag‘rikenglik tamoyillariga asoslanishini ifodalaydi. Vatanimizning bu boradagi tajribasi jahon mamlakatlari uchun ibratdir, dedi akademik A. Saidov.
Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya doirasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi tasdiqlandi. Milliy markaz direktori Akmal Saidov va Qo‘mita raisi Qahramon Sariyev imzolagan ushbu Memorandum millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik, inson huquqlarini ta’minlash, ma’naviy-ma’rifiy sohadagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosini o‘rganish va uni xalqaro miqyosda keng targ‘ib etishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Shu o‘rinda Toshkentdagi «Milliy madaniyat markazlari paviloni» hamda «Yangi O‘zbekiston» bog‘idagi «Bag‘rikenglik bog‘i» –mamlakatimizdagi millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ifodalovchi ikki muhim ramziy maskan ekanligiga alohida e’tibor qaratish darkor. Chunki har ikkala maskan ham ko‘p millatli O‘zbekiston jamiyatining jipsligi va bag‘rikengligini targ‘ib qiluvchi eng yangi diqqatga sazovor joylardandir.
Xususan, Milliy madaniyat markazlari paviloni –poytaxtimizda millatlararo o‘zaro madaniy almashinuv maydoni va umummilliy hamjihatlik ramzi sifatida barpo etilgan zamonaviy majmuadir. U Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani, Millatlararo munosabatlar qo‘mitasi va «Do‘stlik» bog‘iga yaqin hududda joylashgan.
Bu yerda yurtimizda faoliyat yuritayotgan milliy madaniyat markazlari uchun ikki qavatli maxsus binolar (pavilonlar) qurilgan bo‘lib, har bir bino tegishli millatning o‘ziga xos madaniyati, urf-odatlari va milliy an’analarini aks ettiradi. Bu maskan turli madaniy tadbirlar, «Umummilliy totuvlik» festivallari va ko‘rgazmalarga mezbonlik qiluvchi muhim ijtimoiy maydon hisoblanadi.
O‘z navbatida, «Yangi O‘zbekiston» majmuasidagi «Bag‘rikenglik bog‘i» diniy bag‘rikenglik va konfessiyalararo hamkorlikni namoyish etuvchi o‘ziga xos ekologik-ma’naviy loyiha hisoblanadi. Bog‘ O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan 16 ta diniy konfessiya va milliy madaniy markazlar rahbarlari hamda vakillari ishtirokida tashkil etilgan.
Mazkur maskanda turli din vakillari qo‘lni qo‘lga berib va ahil oila bo‘lib, noyob daraxt ko‘chatlari eggan. Bu yer yurtimizdagi tinchlik, diniy bag‘rikenglik va tabiatni asrash g‘oyalarini o‘zida birlashtiradi.
Xulosa qilib aytganda, yurtimizda ushbu muhim sanaga asos solingani va izchil ravishda keng nishonlanayotgani zamirida Prezidentimizning totuvlik, hamjihatlik, diniy bag‘rikenglik, vijdon erkinligini ta’minlash, tili, millati va e’tiqodidan qat’i nazar, barcha fuqarolarga munosib, farovon turmush tarzini yaratib berishdek ulug‘vor siyosati mujassam. Bu sana Yangi O‘zbekistonda millatlararo totuvlik hamda bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashga qaratilgan ishlarni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilayotgani bilan nihoyatda ahamiyatlidir.
G‘ulom MIRZO
