Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida 2026-yil 1-yarim yilida murojaatlar bilan ishlash holatining monitoringi natijalari
Joriy yilning dastlabki olti oyida Milliy markazga 554 ta murojaat kelib tushdi. O‘tgan yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 629 tani tashkil etgan.
Murojaatlarning 518 tasi taalluqliligi bo‘yicha tegishli idoralarga yuborilgan bo‘lsa, 124 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar taqdim etildi. Ushbu murojaatlardan 36 tasi anonim bo‘lganligi sababli qonunchilikka muvofiq ko‘rmasdan qoldirildi.
Hisobot davrida, shuningdek, Milliy markaz qabulxonasida 342 nafar fuqaro qabul qilindi. Ulardan 173 nafarining yozma murojaatlari ish yurituviga qaratildi, yana 169 nafar fuqaroga joyida huquqiy tushuntirish va maslahatlar berildi.
Murojaatlarning 33,3 foizi fuqarolardan to‘g‘ridan to‘g‘ri qabul jarayonida, 66,6 foizi esa aloqa vositalari, asosan pochta orqali kelib tushdi.
Bundan tashqari, 17 ta murojaat Prezident va Qonunchilik palatasining Virtual qabulxonalari orqali, 38 tasi Milliy markazning o‘z Virtual qabulxonasi orqali qayd etildi.
Murojaatlarning 54,4 foizi erkaklar, 42,2 foizi ayollar tomonidan yo‘llangan. Yana 3,2 foizi jamoaviy murojaatlardan iborat.
Ushbu murojaatlarning 85,3 foizi – ariza, 14 foizi – shikoyat va 0,5 foizi – taklif sifatida ro‘yxatga olindi.
Hududlar kesimida tahlil qilinganda, eng ko‘p murojaatlar quyidagicha, ya’ni:
-
Toshkent shahridan — 31,8 foiz;
-
Toshkent viloyatidan — 15,2 foiz;
-
Qashqadaryo viloyatidan — 22,7 foiz;
-
Buxoro viloyatidan — 7,5 foiz;
-
Farg‘ona va Namangan viloyatlaridan – 5,2 foizdan;
-
Samarqand viloyatidan – 4,6 foiz murojaat kelib tushgani ma’lum bo‘ldi.
Murojaatlar mazmun jihatidan ham o‘rganildi. Tahlillarga ko‘ra, murojaatlarning:
-
45,1 foizi – ijtimoiy-iqtisodiy;
-
50,1 foizi – shaxsiy;
-
4,2 foizi – siyosiy;
-
0,3 foizi – madaniy huquqlarga oiddir.
O‘z navbatida, Milliy markazga hisobot davrida kelib tushgan murojaatlarning:
-
85 tasi – shaxsiy mulk huquqlariga;
-
112 tasi – odil sudlovga oid huquqlarga;
-
76 tasi – tergov organlari xodimlari xatti-harakatlaridan norozilik holatlariga;
-
182 tasi – turli davlat idoralari qarorlariga;
-
42 tasi – munosib turmush kechirish talabiga;
-
21 tasi sud qarorlari ijrosiga taalluqlidir.
Milliy markaz tomonidan turli davlat idoralariga yuborilgan 149 ta tavsiyaning ko‘rib chiqilishi natijasida 25 ta murojaat to‘liq qanoatlantirildi.
Ya’ni, bunda fuqarolarning huquqlari tiklandi. Yana 124 ta holatda esa murojaat egalariga tegishli huquqiy tushuntirishlar berildi.
Olti oy davomida Milliy markazga telefon orqali murojaat qilgan 1 ming 342 nafar fuqaroga huquqiy maslahatlar berildi.
Hisobot davrida sayyor qabullar ham davom etdi. Xususan, 16–19-mart kunlari Buxoro viloyatining G‘ijduvon va Kogon tumanlarida, 19–22-may kunlari Andijon viloyatining Asaka va Shahrixon tumanlarida ochiq muloqotlar tashkil etildi.
Jumladan, Milliy markaz vakillari Asakada 51 nafar, Shahrixonda 44 nafar, jami 95 nafar fuqaro bilan uchrashdi. Ulardan 26 nafari ijtimoiy, 46 nafari iqtisodiy va 23 nafari turli masalalar yuzasidan murojaat qildi.
Ma’lumki, Milliy markaz xalqaro yo‘nalishda individual murojaatlar bilan ham ish olib boradi. Joriy yilning birinchi yarmida BMTning inson huquqlari mexanizmlari doirasida kelib tushgan 3 ta individual murojaat ko‘rib chiqildi.
Bunda, dastavval, har bir murojaat bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralardan ma’lumotlar olinib, milliy qonunchilik va xalqaro majburiyatlar nuqtayi nazaridan tahlil qilindi. Shu asosda BMTning tegishli organlariga O‘zbekiston Respublikasining rasmiy huquqiy pozitsiyasi tayyorlandi.
Hisobot davrida ayni yo‘nalishda muhim institutsional qadam tashlanganini ta’kidlash maqsadga muvofiqdir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 17-fevraldagi tegishli Farmoni asosida BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari tomonidan yuboriladigan murojaatlar hamda mulohazalarni ko‘rib chiqishning yangi tartibi joriy etildi.
Eng muhimi, mazkur Farmon bilan davlat organlari rahbarlarining shaxsiy mas’uliyati kuchaytirildi. Milliy markazning muvofiqlashtiruvchi vakolatlari aniq belgilandi hamda davlatning yagona huquqiy pozitsiyasini shakllantirishning huquqiy asoslari yanada mustahkamlandi.
Bularning barchasi, o‘z navbatida, xalqaro inson huquqlari mexanizmlari bilan muloqotni yanada tizimli tashkil etish, murojaatlarni belgilangan muddatlarda va sifatli ko‘rib chiqish imkonini bermoqda.
Ayni chog‘da, joriy amaliyot tahlili ayrim masalalar hali ham dolzarbligicha qolayotganini ko‘rsatdi. Gap shundaki, ba’zi hollarda davlat organlaridan ma’lumotlarni yig‘ish uchun muayyan vaqt talab etiladi. Boz ustiga, so‘ralgan axborot turli formatlarda taqdim etiladi. Bu esa yagona huquqiy pozitsiyani qisqa muddatlarda tayyorlashga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Shu nuqtayi nazardan, Prezident Farmoni ijrosini ta’minlash doirasida 2026-yil 11-iyunda Milliy markazda Oliy Majlis palatalari a’zolari uchun “BMTning inson huquqlari mexanizmlarida parlament ishtirokini kengaytirish” mavzusida seminar o‘tkazildi. Mazkur tadbir BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi, Parlamentlararo Ittifoq va Xalqaro huquqshunoslar komissiyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Seminarda deputatlar va senatorlar xalqaro shartnomalarga doir fakultativ protokollar hamda individual murojaatlarni ko‘rib chiqish tartib-taomillari bilan yaqindan tanishdilar. Ushbu hujjatlarni ratifikatsiya qilishning O‘zbekiston uchun huquqiy va institutsional ahamiyati atroflicha muhokama qilindi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
