Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

“KANGLUM, BIR KUN KETARMIZ...”

(Shoir Ikrom Otamurodni xotirlab)

 

          ... “Vatan – qadim dunyodir. Vatan – kangulda qat-qat” ...

... “Yaqindirsan savol qadar, Yiroqdirsan javob qadar”...

... “Yolg‘iz ot yeladi. Bir najot istab”...

... “Hayot – bor-yo‘q ovunchoq, odam – ovunchoq quli” ...

... “Ko‘pkarida chopgan ot, safdan chiqdi, qaridi” ...

... “Kanglum, sendan boshqa mening kimim bor”...

... “Sen – qadimiy armon, men – qadim armon” ...

... “Kanglum nochor... Men – bir nolaman” ...

... “Umidlar umidni quchadi” ...

... “Oftobdan yolqinlanar moviy bir osmon uzoqlarda” ...

... “Bir kenglik bor kangulday sarhadsiz” ...

... “Termulaman moviylikka, izlayman uning bag‘ridan bir nimalar”...

 

Bu yolqinli va mahzun misralar Ikrom Otamurod she’rlaridan. O‘sha kuni, 12-iyul tushdan keyin endigina qo‘limga tegkan “Sharq yulduzi” jurnalining 2026 yilgi 5-sonini varaqlab o‘tirardim. Adabiyot namoyandalari va she’riyat muxlislari orasida “Kangul odami” sifatida tanilgan mashhur shoirimizning salmoqli she’riy turkumi jurnalning ilk sahifalarida e’lon qilingan ekan.

Ikrom akaning bu xushxabardan nechog‘lik mamnunligini ko‘z oldimga keltirar ekanman, unga telefon qilgim va shoirning quvonchiga sherik bo‘lgim keldi. Ammo...

Shoir men kabi ko‘plab muxlislari kangullarini sohir she’rlari bilan xushnud etish asnosida bu foniy dunyoni  tark etib, boqiy dunyoga safar qilgan ekanlar...

 Odatda, she’rxonlarning shoirlar bilan tanishuvi ikki xil bo‘ladi. Birinchi holatda she’rxon shoirning ijodidan xabardor bo‘lsa-da, o‘zi bilan yuzma-yuz ko‘rishishiga makon va zamon omillari monelik qiladi. Ikkinchi holatda ular bir zamon va makonda yashagani tufayli she’rxon shoirning hayot va ijod yo‘lidan bevosita xabardor bo‘lib, hattoki u bilan o‘zaro muloqot qilish imkoniyatidan ham foydalanadi.

          Xalqimizning iste’dodli shoiri Ikrom Otamurod bilan tanishligimiz ana shu ikkinchi holatga mos keladi. Ikrom aka XX asrning 70-80-yillarida adabiyot maydoniga qadam qo‘ygan ijodkorlar avlodiga mansub edi. O‘tgan 75-yillik umri davomida taniqli shoir milliy she’riyatimizda o‘ziga xos ijod namunalari, qolaversa, o‘nlab dostonlari bilan she’riyat muxlislari qalbini zabt etib ulgurdi.

          Ikrom Otamurod 1951-yili 5-may kuni Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumanidagi Kasbi qishlog‘ida tavallud topgan. Komilon qishlog‘idagi o‘rta maktabda o‘qigan. So‘ngra 1969-1974-yillarda Toshkent Davlat universitetining (hozirgi O‘zbekiston Milliy universitetining) jurnalistika fakultetida tahsil olgan. Universitetni bitirgach, 1975-yildan toki umrining oxiriga qadar bitta idorada, ya’ni “Sharq yulduzi” jurnali tahririyatida uzluksiz ishladi.   

          Ikrom akaning sharofati bilan jurnal tahririyatida katta adabiy muhit shakllangan. Yarim asrdan ziyod vaqt davomida u yuzlab yosh shoirlarga ustozlik qildi, ularning kitoblari va she’riy turkumlarini chop etish uchun shaxsiy tashabbus va amaliy yordam ko‘rsatdi.

          Shu ma’noda, Ikrom Otamurodnig milliy adabiyotimiz rivoji yo‘lidagi ijodiy va ijtimoiy faoliyati davlatimiz tomonidan munosib taqdirlanganini qayd etish muhim, deb o‘ylaymiz. U 1999-yili “Do‘stlik” ordeni, 2019-yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni bilan mukofotlangan.

          Yurtimizning chekka qishlog‘ida tug‘ilib-o‘sgan bir yigitning o‘tgan davrda shunday zabardast shoir bo‘lib kamol topgani bejiz emas. Bu, bir tomondan, Yaratgan Egam bandasining qalbiga so‘z ishqini jo etgani sharofati bo‘lsa, ikkinchi tomondan, iste’dod sohibi o‘ziga berilgan ana shu ma’naviy ne’matni necha o‘n yillar davomida halollik bilan parvarishlagani samarasi, uchinchi tomondan, shoirning kindik qoni tomgan tuproqda xoki-poklari yotgan aziz-avliyolar ruhiy madadkorligi sababli hamdir.

Ikrom Otamurodning ijodida ona qishlog‘i Kasbiga atalgan she’rlar ko‘p. Mana, bu haqdagi bir she’ridan parcha:

Boraman Kasbi, boraman bir kun,

boraman sog‘inib-sog‘inib.

Boraman ruhimda barg yozgan to‘kin

gullarning to‘kilgan chog‘iri[1].

Kasbi uzoq o‘tmishda Nasaf, ya’ni hozirgi Qarshidan ham katta shahar sanalgan. Buyuk ipak yo‘li aynan shu yurtdan o‘tgan. Mazkur hududda o‘nlab karvonsaroylar va sardobalar bo‘lgan. Shu sababli bu yerda ma’naviyat va iqtisodiyot o‘zaro uyg‘unlikda yuksala borgan.

Eng muhimi, Kasbi azaldan yirik qasabalardan hisoblangani, shahristoni, raboti, kuhandizi – mustahkam qal’asi bo‘lgani, mahallalari muhofaza etilgani, karvonsaroylari tojirlarga xizmat qilgani, bozori, masjidlari ishlab turgani ushbu hududning o‘sha davr ruhi bilan gavjum va jo‘shqin hayot kechirishiga yo‘l ochgan.

Bu, o‘z navbatida, Kasbida diniy va dunyoviy ilm-fanning rivoj topishi, mazkur zaminda ulug‘ allomalar, aziz avliyolar yetishib chiqishi misolida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Shunday ulug‘ avliyolardan biri Sulton Mirhaydar ota bo‘lib, asl ismlari Xoja Shamsiddin ibn Shayx Jamoliddindir.

Bugungi kunda Kasbining qadimgi shahristonida joylashgan Sulton Mirhaydar ota nomi bilan ataladigan ziyoratgoh Qashqadaryodagi eng yirik qadamjolardan hisoblanadi. Aslini olganda, Hazrat Sulton Mirhaydar ota me’moriy yodgorlik majmuasi – nafaqat O‘zbekistonda, balki Markaziy Osiyodagi mashhur ziyoratgohlardan biri.

Shu o‘rinda qariyb o‘ttiz yildan buyon kasbiliklar kaminaga ishonch bildirib, parlament saylovlarida deputat etib saylab kelganlarini ham faxr-iftixor, ham mas’uliyat hissi bilan ta’kidlamoqchiman. Men har gal Kasbi tumaniga kelganimda, albatta, Hazrat Sulton Mirhaydar ota qadamjosini ziyorat qilaman.

Manbalarda Alisher Navoiy va Sulton Mirhaydar ota hamda Kasbi bilan o‘zaro bog‘liq ma’lumotlar ham uchraydi. Jumladan, Navoiy hazratlarining onasi Kasbidan bo‘lgani va u zot volidasini Mir Haydar ota qabri yonida dafn etgani haqida o‘qigandim[2].

Rahmatlik shoirimiz Ikrom Otamurodning ajdodlari ham shu tuproqda yotibdilar. Ikrom aka otasidan juda erta ayrilgan. Salomat aya yolg‘iz o‘g‘lini yolg‘iz o‘zi voyaga yetkazgan, poytaxtda o‘qitgan, uyli-joyli qilgan, shu tariqa el-yurtga dilbar bir shoirni yetkazib bergan.

O‘g‘il ham doim onasining xizmatida turgan, so‘nggi damlarigacha yonida bo‘lgan. So‘ng Toshkentdan Kasbiga olib qaytgan. Ikrom Otamurod o‘z onaizoriga bag‘ishlangan bir she’rida o‘sha g‘amgin xotiralarini shunday ifodalagan:

Kasbining bejirim, qadim tufrog‘i

Qon-qoniga singib ketgandi qat-qat.

Derdi: "Men Kasbining bitta urvog‘i,

Ko‘z yumsam, Kasbiga qo‘yasan faqat!"[3].

          Ikrom Otamurod o‘z tengdoshlari orasida falsafiy mushohadasi kengligi, minbar shoirlariga xos notiqligi bilan ajralib turar edi. Shoir ijodiga bag‘ishlangan adabiy davralar va ilmiy tadqiqotlarda "Uning ijodidan ustoz Maqsud Shayxzoda nafasi seziladi" degan fikrlarga ham duch kelish mumkin. Bu bahoni e’tirof sifatida qayd etgan holda, Ikrom akaning she’riyati betakror va o‘ziga xos ekanini alohida ta’kidlash lozim.

          Avvalambor, Ikrom aka she’rlarida "ko‘ngil" so‘zini "kangul" shaklida yozishi va nutqida ham xuddi shunday talaffuz etishi she’riyat muxlislariga juda tanish holat ekanini eslatish joiz. Bunga birgina misol:

So‘zlasang,

so‘zingda ko‘rinib turmasa kanglung,

yolg‘on do‘nar,

yolg‘on do‘nar bundayin so‘zing[4].

          Ikrom Otamurod kangul so‘zini jonu dilidan sevardi, mudom kangulga sayr etar va kangulda yashardi. Hayotu ijodida kangulga sadoqat ko‘rsatib o‘tgani uchun u hatto "Kanglum" degan samimiy kunya (laqab) orttirgandi. Bu ham shoirning "kanglu" dard ne’matiga boy, o‘zi esa xokisor "ahli dard"lardan biri bo‘lganining ajib bir tasdig‘idir.

          Ikrom Otamurodning dastlabki she’riy to‘plami “Vaqt ranglari” 1982-yilda nashrdan chiqqan. Shundan keyin “Janub qushlari” (1983), “To‘rg‘ayli manzillar” (1985), “Ufqlar orti bepoyon” (1987), “Uzoqlashayotgan og‘riq” (1990) she’riy kitoblarini chop ettirgan.

          O‘tgan asrning 90-yillaridan boshlab shoir she’riyatida lirik-falsafiy yo‘nalish ustuvorlik kasb etganini kuzatish mumkin. Xususan, “Sopol siniqlari” (1994), “Sen” (1996), “Ichkari va tashqari” (1997), “Ruhimning qayg‘usi”  (1999) kabi she’riy to‘plamlari va dostonlari qalbga yanada yaqinligi, toza va samimiy tuyg‘ularga to‘yinganligi bilan kitobxonga manzur bo‘lgan.

          Ayni paytda “Kanglum o‘zing” (2002), “Tavr” (2005), “Tag‘azzul” (2008), “Xaritaga tushmagan joy” (2011), “Muqaddar” (2012), “Yobondagi yolg‘iz daraxt” (2015), “Qush” (2017), «Huviyyat» (2020, qayta nashri, 2023)  singari she’riy kitoblari va dostonlarida insoniy haqiqatni axtargan shoirning betakror badiiy usuli va ijodiy mahorati e’tiborni tortadi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida chop etilgan «Hijron imtihoni» (2025) kitobi shoirning so‘nggi yillarda yozgan yangi she’rlari, «Iztirob», «O‘rin», «Ishora» kabi dostonlari hamda jahon she’riyatidan qilgan tarjimalari o‘rin olgan to‘plami hisoblanadi.

          Mustaqillik yillari poemanavisligida Ikrom Otamurod she’riy dostonlarining soni va ma’naviy salmog‘i bo‘yicha yetakchi o‘rinlarda turadi. Yangi davr dostonlari haqida so‘z borganda, bir qator adabiyotshunoslar Ikrom akaning dostonlariga xos siqiqlik va ramzlarga boylik fazilatlarini alohida e’tirof etganlari diqqatni tortadi.

          Bunda, albatta, Ikrom Otamurod istiqlolgacha bo‘lgan davrdayoq badiiy yetuk dostonlar bitish uchun mahoratini muttasil oshirib borgani muhim ahamiyatga ega. Avvalo, Ikrom akaning falastinlik shoir Muin Bsisuga bag‘ishlab 1986-yili bitgan “Yarador umid otlari” dostoni XX asr 80-yillari o‘zbek she’riyatida sezilarli voqea bo‘lgani bu fikrimizni tasdiqlaydi. Dostonda xorijlik ijodkor obrazi orqali inson qalbining to‘lqinlari, mustaqillik haqidagi orzulari, ona yurt obrazi kuchli his-hayajon bilan ifodalangan.

          Shundan so‘ng shoir falsafiy mushohada bilan yo‘g‘rilgan uslubiga sodiq qolib, 1990-yili “Uzoqlashayotgan og‘riq” dostonini yaratdi. Bu asarda odamlarni tobora tark etib borayotgan e’tiqod, burch, insoniylik tushunchalari qalb tug‘yoni, vijdon azobi, yurak qoni bilan badiiy tadqiq etilgan. So‘ngra "Sopol siniqlari", "Iztiror", "Tag‘azzul", "Yobondagi yolg‘iz daraxt", "Ichkari... Tashqari", "Istarim", "Xaritaga tushmagan joy", "Qush" singari she’riy dostonlar dunyo yuzini ko‘rdi.

          Ikrom Otamurod ommabop shoir emasligi, uning she’rlaridan rosmana zavqlanish, ayniqsa, dostonlaridagi ma’rifat yog‘dularidan teran bahra olish uchun mumtoz adabiyotimiz va til boyligimizdan ozmi-ko‘pmi xabardorlik talab etilishini ham ochiq aytish kerak. Biz Ikrom aka ijodida qo‘llaydigan "ajabtovur" so‘zlarni nazarda tutayapmiz.

          Shoirning o‘zi suhbatlaridan birida bu haqda shunday degan: "Men qo‘llagan barcha so‘zlar, jumladan, siz notanish, g‘alatiroq deyayotganlaringiz tilimizda, gaplashuv yo‘sinimizda bor. Shevalarimizdagi har bir so‘z – xalqimizning boyligi. Ularni adabiy tilimizga olib kirishimiz, undan barchani bahramand etishimiz lozim"[5].

          Ayrim adabiyotshunoslar Ikrom Otamurod o‘z dostonlarida "ellipsis" va "anafora" kabi badiiy usullarni qanday qo‘llaganini atroflicha ilmiy tahlil qilgan. Bu o‘rinda ellipsis – asar tilida so‘zlarni tejab ishlatish usulini anglatsa, anafora – so‘z takroriga asoslangan usul, demakdir.

          Ikrom Otamurod taniqli tarjimon ham edi. U jahon adabiyotidan Uolt Uitmen, Pablo Neruda, Yevgeniy Yevtushenko, O‘ljas Sulaymon kabi o‘z ruhiyatiga yaqin shoirlarning she’r va dostonlarini yuksak badiiy mahorat bilan ona tilimizga tarjima qilgan.   Shoirning asarlari turk, arab, bulg‘or, rus, moldavan, ozarbayjon, qozoq, qirg‘iz, tojik, gruzin tillariga o‘girilgan va chop etilgan.

          Xulosa qilib aytganda, shoir kangludagi tuyg‘ular olami she’rdan she’rga, dostondan dostonga, kitobdan kitobga yanada ranginlashib borayotgandi. Endi uning she’r to‘la kangludan kangul bilan limmo-lim she’rlari, kitob javonlarida kitoblari, ijod stolining tortmasida esa hali siyohi qurimagan qo‘lyozmalari meros qoldi.

Ikrom Otamurod betakror ijodi bilan xalqimiz qalbidan mustahkam joy olib ulgurganligini e’tirof etgan holda, bir amaliy taklifni ilgari surmoqchiman. Ya’ni, rahmatlik Ikrom aka tug‘ilib-o‘sgan Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanidagi shoirning o‘zi tahsil olgan maktabda “Ikrom Otamurod kutubxonasi”ni tashkil etish lozim.

Bo‘lajak kutubxona kitob fondiga Ikrom Otamurodning shaxsiy kutubxonasidagi kitoblar, shoirning do‘stlari va shogirdlari, hamkasblari va muxlislari, shuningdek, turli tashkilotlar beg‘araz taqdim etadigan kitoblar hisobiga asos solinadi. Barcha xayrixoh insonlar va tegishli tashkilotlar ushbu taklifni qo‘llab-quvvatlashlariga ishonamiz va amaliy hamkorlik istagini kutamiz.

Gap shundaki, Kasbiga borsam albatta Ikrom Otamurod o‘qigan maktabni ham borib ko‘rardim va shoirning sobiq sinfdoshlari  bilan uchrashardim. Esimda, bizning bu gurunglarimiz Ikrom akaning qulog‘iga yetib borgan ekan va uchrashib qolganimizda astoydil minnatdorchilik bildirgandilar.

Umr – o‘tkinchi, hammamiz – bir-birimizga g‘animatmiz. Agar “Ikrom Otamurod kutubxonasi” ish boshlasa, bir tomondan, marhumning ruhi shod bo‘lsa, ikkinchi tomondan, shoir o‘qigan maktab o‘quvchilariga ular uchun g‘oyat zarur ma’naviyat xazinasi taqdim etilgan bo‘lur edi, inshaalloh.

 

Akmal Saidov,

akademik, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

«Hurriyat» gazetasining 2026-yil 12-avgust kungi 32 (1510)-soni

 

[1] Otamurod, Ikrom. Xaritaga tushmagan joy: She’rlar va dostonlar. – T.: “Sharq”, 2011. – 56-bet.

[2] Choriyev A. Hazrati Sulton Mir Haydar ota tarixi. – T.: “Yangi asr avlodi ”, 2013. – 61-bet.

[3] Otamurod, Ikrom. Xaritaga tushmagan joy: She’rlar va dostonlar. – T.: “Sharq”, 2011. – 13-bet.

[4] Otamurod, Ikrom. Muqaddar: She’rlar va dostonlar. – T.: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-mataa ijodiy uyi, 2012. – 3-bet.

[5] "Mohiyat" gazetasi, 2006-yil 13-oktyabr.

Nashr sanasi 12.08.2026 Ko'rishlar 159
Ulashish