Tarixda shunday yillar borki, ularni taqvim emas, xalqlar taqdiri belgilaydi. 1960-yil «Afrika yili» sifatida tarixga kirgan bo‘lsa, 1991-yilni ham tarixiy mazmuniga ko‘ra «Mustaqillik yili» deb atash mumkin. Zero, bu yilda sobiq ittifoq hududidagi respublikalar ozodlik va davlat mustaqilligiga erishdi. O‘zbekiston uchun esa 1991-yil nafaqat mustaqillik, balki milliy parlamentarizm rivojining ham boshlanish nuqtasi bo‘ldi.
Nega? Chunki mustaqil davlatchilik xalq irodasini ifodalovchi vakillik institutini shakllantirishni taqozo etar edi. Shu nuqtayi nazardan, parlament — bu faqat qonun qabul qiladigan organ emas. U, avvalo, xalq irodasining siyosiy ifodasi, turli ijtimoiy manfaatlarning qonuniy muloqot maydoni, hokimiyatning muvozanat va tiyib turish mexanizmlaridan biri, davlat siyosatining qonuniyligi hamda xalqchilligini ta’minlovchi demokratik institutdir.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, bugun mamlakatimizda kuchli va mas’uliyatli parlamentni barpo etish, samarali parlament diplomatiyasini tatbiq qilish uchun keng sharoitlar yaratilmoqda. Bu fikr O‘zbekiston parlamentarizmini rivojlantirishning muhim dasturiy g‘oyasini ifodalaydi.
Shu ma’noda, Yangi O‘zbekistonda parlamentarizmning 35-yillik tarixiga nazar tashlash — mamlakatimizda xalq hokimiyatchiligi, inson huquqlari va qonun ustuvorligi, demokratik institutlar va siyosiy plyuralizm qanday shakllangani va rivojlanganini ko‘rish demak.
Zamonaviy parlamentarizmning eng oliy mezoni — parlamentning xalqqa qanchalik naf keltirayotgani, inson huquqlari va erkinliklarini qay darajada himoyalayotgani, jamiyat taraqqiyotiga qanday hissa qo‘shayotgani bilan belgilanadi. Zero, xalqqa xizmat qiladigan parlament, oxir-oqibat, davlatning o‘ziga ham, uning kelajagiga ham kamarbasta bo‘ladi.
Buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning:
«Naf’ing agar xalqqa beshakdurur,
Bilki, bu naf’ o‘zungga ko‘prakdurur»,
degan misralari aynan shu mezonni ifoda eta oladi. Bu qarash har bir deputat va senator faoliyatining muhim ma’naviy mezoni bo‘lishi lozim.
Hozirgi kunda O‘zbekiston parlamentining o‘zi ham, uning davlat hokimiyati tizimidagi o‘rni ham, parlamentga nisbatan xalqning talabi ham o‘zgardi.
Kecha parlament uchun asosiy savol «Qanday qonun qabul qilish kerak?» bo‘lgan bo‘lsa, bugun unga yanada murakkabroq savol qo‘yilmoqda:
«Qabul qilingan qonun inson hayotini qanday o‘zgartirdi?» O‘zbekiston parlamentarizmining keyingi taraqqiyot bosqichini aynan shu savol belgilab berishi kerak.
Milliy parlamentarizmning tarixiy ildizlari
Parlamentarizmning asosiy mezonlaridan biri — parlamentning davlat hokimiyati tizimida qanchalik ta’sirchan va mustaqil institut ekanligidir.
Jahon parlamentarizmi tarixiga nazar tashlasak, Angliyadagi parlament an’analari, Yevropada va Amerikadagi vakillik organlari, keyinchalik konstitutsionalizm va demokratik davlatchilikning rivojlanishi zamonaviy parlamentarizmning shakllanishiga asos bo‘lganini ko‘ramiz.
O‘zbekiston parlamentarizmining tarixiy ildizlari qadimiydir. «Avesto» kabi mamlakatimiz tarixiga oid eng qadimgi manbalarda jamiyat va davlat hayotidagi muhim qarorlar yakka hukmdor emas, balki xalq yig‘inlari, oqsoqollar va qabila boshliqlarining jamoaviy mashvarati orqali qabul qilingani haqidagi qarashlar uchraydi. Bu jamoa manfaatlarini muhokama etish va kelishuvga asoslangan boshqaruvning ilk madaniy poydevorlaridan biri edi.
Turk xoqonligida davlatning muhim masalalari Qurultoy va Kengash yig‘inlarida muhokama qilinib, kelishuv asosida hal etilgan.
Mahmud Koshg‘ariyning «Devon-u lug‘otit turk» asarida ham kengash va maslahatning ahamiyatiga ishora beruvchi: «Kengashda qilingan ishning kengchiligi, yengilligi bo‘ladi, kengashsiz qilingan ish esa torlik, qiyinchilik», degan fikr keltiriladi.
Soxibqiron Amir Temur davlatchiligida ham «Mashvarat» — kengash va oliy «Qurultoylar» davlat ishlarini hal etishda muhim o‘rin tutgan. «Temur tuzuklari»da keltirilgan: «Saltanat ishlarining to‘qqiz ulushi kengash, tadbir va mashvarat, qolgan bir ulushi esa qilich bilan bajo keltiriladi», degan mashhur fikr davlat qarorlarining puxtaligi ko‘p jihatdan fikrlar xilma-xilligi va maslahat madaniyatiga bog‘liq ekanini ko‘rsatadi.
Bugun «Eng yaxshi parlament modeli qaysi?» degan savolga yagona javob yo‘q. Eng yaxshi model muayyan mamlakatning tarixiy taraqqiyoti, davlat tuzilishi, siyosiy-huquqiy madaniyati va jamiyat ehtiyojlariga eng mos keladigan modeldir.
Shu bois O‘zbekiston parlamentarizmining eng muhim vazifalaridan biri — xorijiy parlament tajribasini ko‘r-ko‘rona ravishda ko‘chirish emas, balki jahon tajribasidan milliy davlatchilik xususiyatlariga mos bo‘lgan eng samarali institut va mexanizmlarni tanlab olishdir.
Zamonaviy parlamentarizm uch ma’noda
Parlamentarizm haqida so‘z yuritganda, avvalo, uning mazmun-mohiyatini to‘g‘ri anglab olish muhim. Chunki u faqat parlamentning mavjudligi yoki uning faoliyati bilan cheklanmaydi. Parlament murakkab va ko‘p qirrali siyosiy-huquqiy voqelik bo‘lib, o‘zining normativ va amaliy jihatlariga ega. Shu nuqtayi nazardan, «parlamentarizm» tushunchasini uch o‘zaro bog‘liq ma’noda talqin qilish mumkin.
Birinchidan, parlamentarizm — qonunchilikdir.
Parlamentarizm, avvalo, parlamentning qonun ijodkorligi faoliyati, qonunlarni qabul qilish, takomillashtirish va ular ijrosi nazorati bilan bog‘liq jarayonlarni anglatadi.
Parlamentning eng asosiy funksiyasi — qonun qabul qilish. Biroq zamonaviy parlamentarizmni faqat shu jarayon bilan cheklab bo‘lmaydi. Bugun parlamentning qonunchilik faoliyati bilan bir qatorda Davlat byudjeti, parlament nazorati, hukumatning hisobdorligi, siyosiy partiyalar faoliyati, inson huquqlari va jamoatchilik manfaatlarini ifodalash kabi vazifalari ham parlamentarizmning uzviy qismidir.
Ikkinchidan, parlamentarizm — parlament huquqi nazariyasidir.
Parlamentarizm nazariyasi «Parlament qanday bo‘lishi kerak?», «Parlament qanday ishlashi lozim?», «Parlamentning davlat va jamiyatdagi ustuvor vazifasi nimadan iborat?» degan savollarga javob izlaydi. Shu nuqtayi nazardan parlamentarizm siyosatshunoslik, konstitutsiyaviy huquq, parlament huquqi va boshqa ijtimoiy-gumanitar fanlar kesishuvida shakllangan mustaqil ilmiy yo‘nalish sifatida namoyon bo‘ladi.
Shu bois O‘zbekiston parlamentarizmining 35-yillik taraqqiyotini o‘rganish asnosida, faqat qabul qilingan qonunlar yoki parlamentning tashkiliy tuzilishi bilan cheklanib qolmaslik kerak. Parlament institutining nazariy asoslari qanday o‘zgargani, parlamentarizmga bo‘lgan ilmiy va siyosiy yondashuvlar qanday rivojlangani, milliy parlamentarizm modeli qanday shakllanganini ham tadqiq etish zarur.
Uchinchidan, parlamentarizm — parlament amaliyotidir.
Parlamentarizmning uchinchi va ehtimol, eng muhim ma’nosi uning amaliy ifodasidir. Chunki har qanday ilmiy nazariya va huquqiy norma faqat amaliyotda o‘zining haqiqiy tasdig‘ini namoyon etadi.
Gyote o‘zining mashhur «Faust» tragediyasida:
«Nazariya — quruq ogochdir,
Lekin yashnar hayot daraxti»,
deb yozgan. Ushbu satrlar O‘zbekiston Kaxramoni va xalq shoiri Erkin Voxidov tomonidan mohirona tarjima qilingan.
Parlamentarizm amaliyoti — parlamentning kundalik faoliyati, deputatlarning saylovchilar bilan munosabati, qonunlarni ishlab chiqish va qabul qilish jarayoni, parlament nazorati, hukumat hisobdorligi, parlamentdagi siyosiy partiyalar va fraksiyalar faoliyati, parlament muxolifati, fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikni qamrab oladi.
Shu bois parlamentarizmning amaliy mazmunini «Parlament amalda qanday ishlayapti?» degan savol orqali izohlash mumkin. Agar qonunlar sifatli bo‘lsa-yu lekin ular ijro etilmasa — bu to‘laqonli parlamentarizm emas.
Agar parlamentning vakolatlari Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan bo‘lsa-yu biroq ular amalda samarali ishlamasa — bu ham to‘laqonli parlamentarizm emas. Agar parlamentda siyosiy partiyalar mavjud bo‘lsa-yu ammo ular o‘rtasida real fikrlar xilma-xilligi va konstruktiv siyosiy raqobat bo‘lmasa — parlamentarizmning siyosiy mazmuni to‘liq namoyon bo‘lmaydi.
Shu bois parlamentarizmning haqiqiy mohiyatini «qonunchilik — nazariya — amaliyot» birligi asosida baholash zarur. Qonunchilik parlamentarizmning huquqiy poydevorini tashkil etadi. Nazariya uning ilmiy va ma’naviy-axloqiy asoslarini belgilaydi. Amaliyot esa ushbu huquqiy va nazariy asoslarni hayotga tatbiq qiladi.
Haqiqiy parlamentarizm — ilmiy nazariya, mukammal qonunchilik va samarali parlament amaliyotining uyg‘unligidir.
O‘zbekistonda parlamentarizmning shakllanishi va rivojlanish bosqichlari
Mustaqillik yillarida O‘zbekiston parlamentarizmining eng muhim amaliy natijalaridan biri — milliy qonunchilik tizimining izchil shakllantirilishi va takomillashtirilishi bo‘ldi.
1991 — 2026-yillar mobaynida mamlakatda jami 1563 ta qonun va 19 ta kodeks qabul qilingan. Shu davrda O‘zbekiston tomonidan 129 ta xalqaro shartnoma ratifikatsiya qilinib, 3 ta xalqaro shartnoma denonsatsiya etilgan. Bu raqamlar shunchaki statistika emas. Ular parlamentning milliy huquqiy makonni shakllantirish va O‘zbekistonning xalqaro huquqiy majburiyatlarini milliy qonunchilik bilan uyg‘unlashtirish borasidagi salmoqli faoliyatini ko‘rsatadi.
O‘zbekistonda parlamentarizm tarixini shartli ravishda uch bosqichga ajratish mumkin.
Birinchi bosqich — 1990 — 2004-yillar.
Bu — soxta xalq vakilligidan haqiqiy parlamentarizmga o‘tish davri. 1990-yilda Oliy Kengashning tashkil topishi, Prezidentlik institutining joriy etilishi va 1991-yilda davlat mustaqilligining e’lon qilinishi O‘zbekiston parlamentarizmi uchun yangi tarixiy bosqichni boshlab berdi. Bu davrni bir palatali milliy parlament va konstitutsiyaviy parlamentarizmning shakllanish bosqichi deb atash mumkin.
1992 yilgi Konstitutsiya parlamentning huquqiy maqomini belgilab berdi. Shu davrda qonun ijodkorligi, parlament qo‘mitalari, deputatlik faoliyati va siyosiy partiyalarning parlamentdagi ishtiroki shakllana boshladi.
Ikkinchi bosqich — 2005 — 2016-yillar.
Bu — ikki palatali parlament tizimiga o‘tish bosqichi. Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi va Senatdan iborat ikki palatali tizimga o‘tishi parlamentning institutsional rivojida tub burilish bo‘ldi. Buning asosiy maqsadi, bir tomondan, xalqning siyosiy irodasini ifodalovchi va qonun ijodkorligiga ixtisoslashtirilgan professional Qonunchilik palatasini shakllantirish bo‘lsa, ikkinchi tomondan, hududiy vakillikni ta’minlaydigan Senatni rivojlantirish edi.
Uchinchi bosqich — 2017 — 2026-yillar.
Bu — Yangi O‘zbekiston parlamentarizmi davri. Bu bosqichni parlamentning siyosiy va nazorat vakolatlarini kengaytirish bosqichi deb baholash mumkin.
Harakatlar strategiyasi va «O‘zbekiston — 2030» strategiyasi doirasida parlamentning davlat va jamiyat hayotidagi roliga yangicha yondashuv shakllandi. Parlament nazoratining yangi shakllari rivojlandi, «Hukumat soati» instituti kengaydi, parlament so‘rovlari, deputatlik so‘rovlari, qo‘mitalarda vazirlik va idoralar rahbarlarining hisobotlarini eshitish amaliyoti kuchaydi. Eng muhimi, parlament faoliyatida «qonun qabul qilishdan — qonun ijrosini nazorat qilishga» o‘tish tendensiyasi paydo bo‘ldi.
2023 yilda yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning qabul qilinishi va 2024-yilda yangi konstitutsiyaviy asosda parlament saylovlarining o‘tkazilishi O‘zbekiston parlamentarizmi tarixida yangi bosqichni boshladi.
2024 yilgi parlament saylovlari O‘zbekiston tarixida Qonunchilik palatasiga aralash saylov tizimi asosida o‘tkazilgan birinchi saylov bo‘ldi: 150 deputatlik o‘rnining 75 tasi bir mandatli okruglarda majoritar tizim, 75 tasi esa partiya ro‘yxatlari asosida proporsional tizim bo‘yicha shakllantirildi.
Shu tariqa, 35-yillik taraqqiyot davomida O‘zbekiston parlamentarizmi bir palatali parlamentdan ikki palatali parlament, vakillik organidan professional parlament, qonun ijodkorligidan ta’sirchan parlament nazorati sari rivojlandi.
Yangi O‘zbekiston va parlamentarizm Yangi O‘zbekiston g‘oyasining eng muhim jihatlaridan biri — Millat sardori olg‘a surgan «Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak», degan tamoyilning davlat boshqaruvidagi barcha bo‘g‘inlarga tatbiq etilishidir.
Bunda parlamentning o‘rni alohida. Chunki parlament davlat va xalq o‘rtasidagi eng muhim siyosiy-huquqiy ko‘prikdir. Yangi O‘zbekiston parlamentarizmida uchta asosiy tendensiyani ko‘rish mumkin.
Birinchi tendensiya — parlamentning davlat hokimiyati tizimidagi siyosiy roli va ahamiyati oshib bormoqda. Qonunchilik palatasining ijro hokimiyati bilan munosabatlarida parlamentning o‘rni kuchaymoqda. Hukumat a’zolarining parlamentdagi hisobdorligi ortmoqda. Qonunchilik palatasining Bosh vazir nomzodini ko‘rib chiqishi, hukumat a’zolari nomzodlarini ma’qullashi, hukumat hisobotlarini eshitishi parlament mas’uliyatini sezilarli darajada oshirmoqda.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, O‘zbekistonda «Milliy parlamentarizmni rivojlantirish va xalq hokimiyatini mustahkamlash, davlat boshqaruvi organlari hisobdorligini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli tashkiliy-huquqiy choralar amalga oshirilmoqda».
Ikkinchi tendensiya — parlament nazoratining mazmuni kengaymoqda.
Parlament nazorati endi faqat vazirning hisobotini eshitish bilan cheklanmasligi kerak. Uning asosiy mezoni — «Parlament qabul qilgan qonun amalda inson hayotini qanchalik o‘zgartirdi?» degan savolga javob berish. Prezidentimiz ta’kidlaganidek: «Har bir qonunning, ta’bir joiz bo‘lsa, ko‘zi, oyog‘i, ijrosi bo‘lishi lozim. Qonun qabul qilindimi, albatta, hayotda o‘zgarish bo‘lishi kerak».
Uchinchi tendensiya — parlamentning xalq bilan aloqasi mustahkamlanmoqda. Deputat saylov okrugiga borib, faqat uchrashuv o‘tkazishi emas, balki muammoni aniqlashi, uni qonunchilik tashabbusiga aylantirishi va yechimini nazorat qilishi kerak. Shu ma’noda deputat faoliyatini baholashning yangi mezoni zarur: «Deputat nechta yig‘ilishda qatnashdi?» emas, balki «U o‘z saylovchilari hayotida qanday o‘zgarish qildi?» — ana shu savol muhim.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya va parlamentarizm
35-yillik parlamentarizm tarixi biz uchun faqat o‘tgan yo‘lni sarhisob qilish emas. Bu — «Biz qayerdan keldik?», «Biz qanday parlament qurmoqdamiz?» va «Kelajak avlodga qanday parlamentarizm qoldirmoqchimiz?» degan savollarga javob izlash imkoniyatidir.
2023-yili referendumda qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiya O‘zbekiston parlamentarizmining huquqiy asoslarini sezilarli darajada kengaytirdi. Konstitutsiya davlat hokimiyati tizimida qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatining o‘zaro hamkorligi va muvozanatini kuchaytirishga qaratilgan. Shu ma’noda, parlamentni kuchaytirish — ijro hokimiyatini zaiflashtirish degani emas. Aksincha, kuchli parlament kuchli va mas’uliyatli ijro hokimiyatining kafolatlaridan biridir.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada parlamentga taalluqli normalar o‘ziga xos yo‘nalishlarda takomillashtirildi.
Birinchi yo‘nalish: qonun chiqaruvchi hokimiyat maqomi va xalq vakilligi kuchaytirildi.
Ikkinchi yo‘nalish: parlament nazorati va ijro etuvchi hokimiyat mas’uliyati ortdi.
Uchinchi yo‘nalish: davlat organlarini shakllantirishda parlament vakolatlari kengaytirildi.
To‘rtinchi yo‘nalish: parlamentning tashqi siyosat va konstitutsiyaviy nazoratdagi roli oshdi. Xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya va denonsatsiya qilish, diplomatik vakillarni tayinlash hamda tashqi siyosiy tashabbuslarni ilgari surishda Oliy Majlisning ishtiroki kengaytirildi.
Beshinchi yo‘nalish: mahalliy vakillik organlari va parlament o‘rtasidagi integratsiya kuchaydi. Hokimlarning bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari Kengashlariga rahbarlik amaliyotining bosqichma-bosqich bekor qilinishi mahalliy Kengashlarning mustaqilligini oshirishga yo‘l ochdi.
35-yillik parlamentarizm tajribasi asosida muhim xulosalarga kelish mumkin.
Birinchi xulosa: O‘zbekiston parlamentarizmi tayyor bir modelni ko‘chirish asosida emas, balki milliy davlatchilik hamda xalqaro va xorijiy demokratik tajribaning uyg‘unligi asosida shakllandi.
Ikkinchi xulosa: parlamentarizm bir marta yaratib qo‘yiladigan institut emas. U doimiy rivojlanishni talab qiladigan siyosiy-huquqiy jarayondir.
Uchinchi xulosa: parlamentning kuchli bo‘lishi faqat deputatlar va partiyalar soni yoki vakolatlar miqdori bilan belgilanmaydi.
Uning haqiqiy kuchi qonunlarning sifati, nazorat mexanizmlarining ta’sirchanligi, siyosiy partiyalar raqobati, parlament muxolifatining faolligi, deputatlarning professionalligi va xalqchilligi bilan belgilanadi.
To‘rtinchi xulosa: O‘zbekiston parlamentarizmining istiqboldagi asosiy vazifasi — «vakolatli parlament»dan «natijador parlament»ga o‘tish. Ya’ni parlamentga ko‘proq vakolat berish bilan birga, uning har bir vakolati natija ko‘rsatishi kerak.
Beshinchi xulosa: parlament demokratiyasida konstruktiv muxolifat ham parlament sifatining muhim mezonidir. Sog‘lom tanqid, muqobil fikr va siyosiy raqobat qonunlarning sifatini oshiradi. Shu o‘rinda jahon parlamentarizmi bizga muhim saboq beradi: parlamentning yoshi emas, uning samaradorligi muhim.
Ba’zi parlamentlar asrlar davomida shakllangan. Ba’zilari esa nisbatan yosh.
Ammo parlamentning haqiqiy kuchi uning qadimiyligi, vakolatlari, fraksiyalari va majlislari bilan emas, balki xalq ishonchini qay darajada oqlashi, qonunlarning hayotda ishlashi va davlat hokimiyati ustidan demokratik nazoratni qanchalik samarali amalga oshirishi bilan o‘lchanadi. Qadimgi Xitoy mutafakkiri Konfutsiyning: «Xalqning ishonchi bo‘lmasa, davlat mavjud bo‘la olmaydi», degan fikri ham shu haqiqatni ifodalaydi.
Yangi O‘zbekiston parlamentarizmini rivojlantirish istiqbollari
Yangi O‘zbekiston parlamentarizmi istiqbollari qanday?
• Raqamli parlamentga o‘tishni jadallashtirish. «Raqamli parlament» konsepsiyasi doirasida qonun loyihalarini sun’iy intellekt yordamida huquqiy va korrupsiyaviy ekspertizadan o‘tkazish, qonunlarning ta’sirini raqamli monitoring qilish, deputatlik so‘rovlarining yagona elektron monitoring tizimini yaratish, fuqarolarning parlamentga elektron murojaatlarini qonun ijodkorligi bilan bog‘lash zarur.
• Parlamentning inson huquqlari bo‘yicha salohiyatini oshirish. Har bir qonun loyihasining inson huquqlari va erkinliklariga ta’sirini parlament darajasida baxolashning samarali tizimini kuchaytirish lozim.
• Fuqarolarning qonunchilik tashabbusini kuchaytirish. Fuqarolarning qonun ijodkorligidagi ishtiroki real mexanizmga aylanishi kerak.
• «Natijaga yo‘naltirilgan parlament nazorati» tizimini joriy etish. Parlament nazorati hisobot bilan emas, muammoning yechimi bilan yakunlanishi joiz.
• Parlamentning byudjet nazoratini kuchaytirish. Parlamentning byudjet jarayonidagi ishtiroki faqat Davlat byudjetini qabul qilish bilan cheklanmasligi kerak. Byudjet mablag‘larining maqsadli, samarali va natijador sarflanishi ustidan samarali parlament nazoratini kuchaytirish darkor.
• Parlament muxolifati institutini yanada rivojlantirish. Muxolifatga berilgan huquqlar amalda ishlashi, parlamentda muqobil qonun loyihalari va muqobil siyosiy pozitsiyalar uchun real maydon yaratilishi kerak.
• Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarini kuchaytirish. Haqiqiy vakillik demokratiyasi mahalliy Kengashlardan boshlanadi.
Shuning uchun mahalliy Kengashlarning byudjet,hududiy rivojlanish, ijtimoiy siyosat va kommunal infratuzilma masalalaridagi vakolatlarini yanada kuchaytirish zarur.
• Parlamentshunoslikni mustaqil ilmiy yo‘nalish sifatida rivojlantirish. O‘zbekistonda parlamentarizmning 35-yillik tajribasini ilmiy jihatdan umumlashtirish, parlament huquqi va parlamentshunoslik bo‘yicha maxsus tadqiqotlarni kengaytirish, parlament amaliyotini qiyosiy-huquqiy tahlil qilish vaqti keldi. «O‘zbekiston parlamentarizmi tarixi», «Parlament nazorati nazariyasi va amaliyoti», «Parlament diplomatiyasi» kabi yo‘nalishlarda fundamental tadqiqotlar zarur.
Xotima
O‘zbekiston parlamenti 35-yillik taraqqiyoti davrida Oliy Kengashdan Oliy Majlisga, bir palatali tizimdan ikki palatali parlamentga, sessiyaviy faoliyatga asoslangan parlamentdan doimiy va professional asosda ishlaydigan parlamentga, qonun qabul qiluvchi organ maqomidan nazorat va vakillik funksiyalari kuchaygan institutga aylanish yo‘lini bosib o‘tdi.
Yangi O‘zbekistonga shunchaki kuchli parlament emas, balki:
· haqiqiy va samarali professional parlament;
· xalqqa yaqin xalqchil parlament;
· raqamli va ochiq parlament;
· qonunlari samarali ishlaydigan parlament;
· nazorati natija beradigan parlament;
· muxolifat fikri eshitiladigan parlament;
· yoshlar va xotin-qizlar, aholining barcha qatlamlari ovozi to‘la aks etadigan parlament;
· Xalqaro maydonda milliy manfaatlarni faol himoya qiladigan parlament kerak.
Eng muhimi, parlament «Xalq uyi» degan yuksak nomga munosib bo‘lishi lozim. Chunki parlamentning haqiqiy qudrati uning devorlarida emas — xalq ishonchida. Deputatning haqiqiy maqomi uning lavozimida emas — xalq oldidagi mas’uliyatida. Qonunning haqiqiy qiymati uning matnida emas — inson hayotini qanchalik yaxshilaganida.
Biz parlamentarizmni shunchaki rivojlantirishimiz emas, uni xalqning kundalik hayotida seziladigan demokratiyaga aylantirishimiz kerak. Ana shunda 35-yillik parlamentarizm tajribasi tarixiy natijaga, bugungi islohotlar esa kelajak avlod uchun mustahkam demokratik merosga aylanadi.
Akmal SAIDOV,
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi
deputati, akademik.
«Xalq so‘zi» gazetasining 2026-yil 13-avgust 164 soni
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining kutubxonasi
