Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

MOVIY OSMONNI ASRAYLIK!

16-sentabr – Xalqaro ozon qatlamini himoya qilish kuni

 

San’atda moviy rang azal-azaldan tinchlik, farovonlik va baxt ramzi bo‘lib kelgan. Buning sababi oddiy: dengizning rangi – moviy, osmonning rangi – moviy. Qadim ajdodlarimiz samoni “ko‘k” deya atashgan. Biz g‘urur bilan yuksakka ko‘taradigan bayrog‘imizda ham moviy osmon ramzi tasvirlangan. Bulutsiz samoga termulsangiz, haqiqatdan ham, osmonning rangi moviy ekaniga amin bo‘lasiz. Ana shu moviy rang sayyoramizni o‘rab turgan, uni quyoshning halokatli nurlaridan himoya qilib, yer yuzida tiriklikni asrab kelayotgan ozon qatlamining rangidir.

Olimlarning ilmiy farazlariga ko‘ra, sayyoramizda dastlab suv, keyinchalik suvda yashaydigan o‘simliklar paydo bo‘lgan. Suv o‘tlarining kislorod ishlab chiqarishi natijasida asta-sekin atmosfera shakllangan. Atmosferaning stratosfera deb nomlanadigan eng yuqori qavatlaridan birida kislorod quyosh nuri ta’sirida parchalanib, ozonni hosil qilgan. Bu qaytar reaksiya bo‘lib, kislorodning ozonga, ozonning kislorodga aylanishi doimiy va uzluksiz sodir bo‘ladi. Aynan shu jarayonda quyoshdan keladigan qisqa to‘lqinli nurlar, shu jumladan ultrabinafsha nurlarning katta qismi va issiqlik koinotga qaytariladi. Ya’ni ozon qatlami yer yuzini halokatli nurlanishdan asraydi. Ozon qatlamining shakllanishi tirik organizmlarning vujudga kelishiga va rivojlanishiga qulay muhit yaratgan.

Yer sharida hayotning paydo bo‘lishi to‘g‘risidagi ilmiy farazlar nechog‘lik haqiqatga yaqinligi haqida bahslashmoqchi emasman. Ammo qalinligi bir necha santimetrni tashkil etadigan ozon qatlami sayyoramizning soyaboni yanglig‘ quyoshning halokatli nurlaridan tiriklikni va zamindagi hayotni himoya qilib kelayotgani isbotlangan haqiqatdir.

XX asrga kelib insoniyat sivilizatsiyasining rivojlanishi, fan va texnika taraqqiyoti tabiatning million, balki milliard yillar davomida shakllangan muvozanatiga salbiy ta’sir ko‘rsata boshladi. Raketada koinotga parvoz qilgan odamzod atmosferaga ko‘plab zararli chiqindilarni tashlayotganini hisobga olmadi. Muzlatkich va konditsioner kabi insonlar turmushini qulaylashtiruvchi texnikalarni kashf etganda hech kim ularning ishlashi uchun asos bo‘lgan freon gazlari ozon qatlamini yemirishi haqida bosh qotirmadi. Natijada ozon qatlami yupqalashib, o‘tgan asrning saksoninchi yillari boshida dastlabki “ozon darchalari” paydo bo‘ldi. Ilmiy tilda izohlaganda, yer sathidan ko‘tarilgan yoki raketalar orqali atmosferaga chiqarilgan xlor-ftor-uglerodli birikmalar, masalan, freon gazlari kislorodning ozonga, ozonning kislorodga parchalanishiga to‘sqinlik qilishi sababli ozon qatlami yupqalashib, ayrim joylarda “teshiklar” paydi bo‘ldi. Hozirgi kunda Antarktida materigi osmonida ana shunday yoriqlar mavjud.

“Ozon darchalari”dan o‘tgan halokatli nurlar barcha tirik mavjudotni – o‘simliklarni ham, hayvonlarni ham, odamzodni ham birdek halok qiladi. Tibbiyot sohasi olimlari quyoshning zararli ultrabinafsha nurlari odamlarda saraton va turli ko‘z kasalliklarini keltirib chiqarishini aniqlashgan.

Ushbu xavfli hodisaning oldini olish maqsadida xalqaro hamjamiyat zudlik bilan keskin choralar ko‘rishni boshlagan. Jumladan, 1985-yil 22-martda Ozon qatlamini himoya qilish to‘g‘risidagi Vena konvensiyasi qabul qilingan. Ushbu konvensiya asosida xalqaro hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, ozon qatlami holatini tizimli va uzluksiz monitoring qilish, ozonni yemiruvchi kimyoviy moddalar ishlab chiqarilishini kamaytirish va qat’iy nazorat qilish, davlatlar o‘rtasida ushbu sohada axborot almashinuvini ta’minlash yo‘lga qo‘yildi.

1987-yil 16-sentabrda Ozon qatlamini yemiruvchi moddalar bo‘yicha Monreal protokoli qabul qilinib, unda ozon qatlamiga zarar yetkazuvchi eng xavfli moddalar ro‘yxati belgilab berildi. Shuningdek, ozon qatlamiga kam darajada xavf soladigan ayrim moddalardan xalq xo‘jaligida foydalanish tartibi qat’iy ko‘rsatildi. Monreal protokolining qabul qilinishi va davlatlar tomonidan unga rioya etilishi ozon qatlamini tiklashda insoniyatning hamjihatligini ko‘rsatuvchi katta muvaffaqiyat bo‘ldi.

1994-yilda BMT Bosh Assambleyasi Monreal protokoli qabul qilingan sana – 16-sentabrni Xalqaro ozon qatlamini himoya qilish kuni deb e’lon qildi. Ushbu xalqaro sana insoniyatni tabiatni asrash yo‘lida hamjihat bo‘lishga, davlatlarni esa Monreal protokoliga rioya etishga undaydi. BMT bu yilgi Xalqaro ozon qatlamini himoya qilish kunining bosh mavzusini “Yanada salqin sayyora uchun global harakat – Monreal protokoliga Kigali tuzatmasi doirasida barqaror sovutish tizimlari sohasidagi 10 yillik muvaffaqiyatlarni nishonlash” deya e’tirof etdi. 2016 yilda Ruanda davlati poytaxti Kigali shahrida o‘tkazilgan anjumanda Monreal protokoliga kiritilgan tuzatma 2050-yilgacha “issiqxona gazlari”ni kamaytirib, global haroratni pasaytirishni nazarda tutadi.

Ozon qatlamini himoya qilish to‘g‘risidagi Vena konvensiyasi hamda Ozon qatlamini yemiruvchi moddalar bo‘yicha Monreal protokolini O‘zbekiston 1993-yilda qabul qilgan. Mamlakatimizda 2005 – 2019 yillarda ozon qatlamini yemiruvchi moddalardan foydalanish miqdori 884 tonnadan 33 tonnagacha kamayishiga erishilgan. Shuningdek, Monreal protokolida belgilangan ozon qatlamini yemiruvchi bir qator xavfli kimyoviy moddalarni yurtimizga import qilish qonun bilan taqiqlangan.

Albatta, ozon qatlamini himoya qilish ona sayyoramizni, uning betakror tabiatini, xilma-xil hayvonot va nabotot dunyosini asrash bilan chambarchas bog‘liq. Sababi cheksiz koinot ichidagi qum zarrasidan ham kichikroq bo‘lgan sayyoramizda hayot atalmish mo‘jizaning mavjudligi tabiat unsurlarining, har bir jonli va jonsiz xilqatning o‘zaro muvozanatiga bog‘liq. Insoniyat sayyoramizning tafakkur ne’mati ato etilgan “gultoji” sifatida ushbu muvozanatni anglab yetishi, uni buzmasligi kerak.

Bir haqiqatni tan olaylik: tabiatni asrash – insoniyatni asrash demakdir. Shunday ekan, har birimiz ona tabiatni bezavol saqlashga kelajak avlod oldida mas’ulmiz! Atrof-muhitni muhofaza qilish bizning kundalik odatimizga aylansagina, tabiatni tor moddiy manfaatlardan ustun qo‘ya olsakkina, zilol suvli daryolarimizni, qirg‘oqlari ufqqa tutash dengizlarimizni, yashil o‘rmonlar-u moviy osmonimizni asrab qolamiz!

 

Azizbek RAMAZONOV,

“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali bosh muharririning o‘rinbosari

O'zA

Nashr sanasi 16.09.2026 Ko'rishlar 149
Ulashish