Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Yangi O‘zbekistonda so‘z erkinligi va Internetdan foydalanish imkoniyatlari

Mamlakatimizda 2026-yil yanvar–avgust oylarida Internetdan foydalanuvchi 10 yosh va undan katta aholi ulushi 97,3 foizni tashkil etdi.

Milliy statistika qo‘mitasining yaqinda e’lon qilingan uy xo‘jaliklari tanlanma kuzatuvlari ma’lumotlarida shu raqam keltirildi. Mazkur ko‘rsatkich 2021-yilga nisbatan 20,7 foiz punktga oshgan.

Bunday yuqori natija avvalo yurtimizda yaratilgan mustahkam konstitutsiyaviy-huquqiy asoslar samarasidir. Binobarin, 2023 yilgi referendumda qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 33-moddasiga ko‘ra, “Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega. Davlat Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanishni ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratadi”.

O‘z navbatida, ushbu natija so‘nggi yillarda mamlakatimizda demokratik jamiyatning muhim sharti va tamoyili bo‘lgan ommaviy axborot vositalarini izchil rivojlantirishga ustuvor e’tibor qaratilayotgani bilan ham chambarchas bog‘liq. Ayni shunday zamonaviy yondashuv tufayli milliy media makoniga ilg‘or loyiha va texnologiyalar, yangicha mulkiy munosabatlar jadal  kirib kelmoqda.

Internetdan erkin foydalanish huquqi insonning so‘z erkinligi huquqi doirasiga kiradi. Ushbu huquq, davlat chegaralaridan qat’i nazar, turli axborot va g‘oyalarni qidirish, olish va tarqatish erkinligini o‘zida qamraydi.

Shunday ekan, axborotni, jumladan, Internet orqali izlash, olish va tarqatish erkinligini istifoda etuvchi insonlar zimmasiga huquqlar bilan bir qatorda majburiyat va mas’uliyat ham yuklanib, qonunga muvofiq ravishda ayrim cheklovlar o‘rnatilishi tabiiy holdir. Shu ma’noda, Asosiy Qonunimiz 33-moddasining oxirgi bandiga barchamizni ijtimoiy mas’uliyatni anglashga, oqni qoradan, haqiqatni uydirmadan, dalilni bo‘htondan ajratishga da’vat etadigan mana bu normalar kiritilgani bejiz emas:

Axborotni izlash, olish va tarqatishga bo‘lgan huquqni  cheklashga faqat qonunga muvofiq hamda faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sog‘lig‘ini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini ta’minlash, shuningdek  davlat sirlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sir oshkor  etilishining oldini olish maqsadida zarur bo‘lgan doirada yo‘l qo‘yiladi”.

Haqiqatan ham, biz yashayotgan I asrda insonning fikr va so‘z erkinligi, har qanday axborotni izlash, olish va tarqatish singari huquqlari qanday amalga oshirilishi uning axborot resurslari, kommunikatsiya texnologiyalari, xususan, Internetdan qanchalik erkin foydalanishiga bevosita bog‘liq.

Shu nuqtayi nazardan, bugungi raqamlashtirish zamonida demokratik huquqiy davlat va adolatli ochiq jamiyat barpo etayotgan aksariyat davlatlar qatori O‘zbekiston ham o‘z Konstitutsiyasida fikrlash, so‘z va matbuot erkinligiga oid yangi normalarni  mustahkamlagani, bir tomondan, fuqarolarimizning bu boradagi huquqlari va erkinliklari amalga oshishiga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan, har bir insonning himoyasi va xavfsizligini ta’minlash uchun muhim ahamiyatga ega.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Nashr sanasi 15.09.2026 Ko'rishlar 92
Ulashish