Jahon Konstitutsiyalarida bola huquqlariga oid qoidalar qanday aks etgan?

Joriy yil 21 iyun kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida shu mavzuga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Keng qamrovli konstitutsiyaviy islohotlar muhokamasi doirasida oflayn va onlayn tarzda o‘tkazilgan ushbu tadbir YuNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov va YuNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade davra suhbati ishtirokchilarini qutlar ekan, mavzuning dolzarb va o‘ta muhim jihatlariga to‘xtaldi.

Tadbir ishtrokchilari Prezident Shavkat Mirziyoevning Asosiy qonunda “O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” degan g‘oyani mustahkamlashga qaratilgan taklifini yuqori baholadilar. Bu taklif davlat rahbari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan joriy yil 20 iyunda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda bildirilgandi.

 Ijtimoiy davlat – ijtimoiy tafovutlarni kamaytirish, muhtojlarga yordam berish bo‘yicha samarali siyosat olib boradigan davlat modelidir. Shu ma’noda, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan davlatning fuqarolarni yashash uchun zarur uy-joy bilan ta’minlash, oilaning iqtisodiy va ma’naviy asoslarini mustahkamlash, bolaning manfaatlari, jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun barcha sharoitlarni yaratish, nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, inson sog‘ligi va atrof muhitni muhofaza qilishga taalluqli normalar Konstitutsiyada o‘z aksini topishi taklif etilgani juda muhim.

Davlatimiz rahbarining Konstitutsiyamizda davlat iqtidorli yoshlarni, ularning moddiy ahvolidan qat’i nazar, doimo qo‘llab-quvvatlashini mustaqil qoida sifatida belgilab qo‘yish zarurligi haqidagi takliflari ham keng qo‘llab-quvvatlandi. Bu tashabbuslar oila, bolalar, yoshlar, keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, mamlakat ichkarisi yoki tashqarisida yashayotgan barcha fuqarolarimiz huquqlari va manfaatlarini konstitutsiyaviy kafolatlashga qaratilgani bilan diqqatga sazovordir.

Davra ishtirokchilarining fikricha, Prezident Shavkat Mirziyoev Asosiy qonunimizga “Ota-onalar o‘z farzandlari voyaga yetguniga qadar ularning tarbiyasi, ta’lim olishi, sog‘lig‘i, to‘laqonli va barkamol rivojlanishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish huquqiga ega va bunga majburdir”, degan qoida kiritishni taklif etgani ham ulkan ahamiyatga ega. Bu yosh avlod taqdiri uchun mas’uliyatni yanada oshirishga xizmat qiladi.

A.Saidov qayd etganidek, aholining 40 foizi bolalardan iborat bo‘lgan O‘zbekistonda bola huquqlarini har tomonlama ta’minlash va himoya qilish masalasi o‘ta dolzarbdir. Mamlakatda ayni sohada bolalarning huquqlarini ta’minlash, ma’naviy, intellektual, jismoniy va axloqiy rivojlanishiga ko‘maklashishga qaratilgan qirqdan ziyod qonun va huquqiy hujjatlar qabul qilingani ham buni tasdiqlaydi.

M.Mamedzade o‘z chiqishida: “Konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida bola huquqlari to‘g‘risidagi normalarni kuchaytirish, xususan, bolaning eng maqbul manfaatlarini hisobga olish, kamsitmaslik, zo‘ravonlik va shafqatsiz muomalani taqiqlash, bolalarni ekspluatatsiya qilishga yo‘l qo‘ymaslik prinsiplari, kafolatlangan xizmat ko‘rsatish va odil sudlov imkoniyatlaridan foydalanish huquqini ta’minlash masalalari har doim va hamma joyda, ayniqsa, aholisining uchdan bir qismini bolalar tashkil etuvchi O‘zbekistonda nihoyatda ahamiyatlidir”, deb ta’kidladi.

Muloqot doirasida bola huquqlariga oid qoidalar mustahkamlab qo‘yilgan 47 ta davlat Konstitutsiyalari qiyosiy tahlil etildi. Bu boradagi taqdimot bilan Irlandiya hukumatining Bolalarni himoya qilish bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Konor O’Mahoni chiqish qildi. Xorijiy ekspertning so‘zlariga qaraganda, konstitutsiyaviy o‘zgarishlar jarayonida takliflarning yoshlar tashkilotlari va bevosita navqiron avlod vakillari ishtirokida muhokama qilinishi  juda zarur.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar Ombudsmani) Aliya Yunusova O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga bola huquqlari to‘g‘risidagi qoidalar kiritish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi.

Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, Oliy sud, Bosh prokuratura, Maktabgacha ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti, Barqaror taraqqiyot markazi, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz vakillari qatnashdi.

Ishtirokchilar tomonidan Konstitutsiyaga bola huquqlari to‘g‘risidagi qoidalarni kiritish yuzasidan aniq takliflar ilgari surildi.

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

O‘zA

UZDAILY

darakchi.uz

Powered by GSpeech