Insonning o‘zligi, uning mukammal shaxs bo‘lib voyaga yetishi, yaxshi ta’lim-tarbiya olishi, kelajagi oiladek tabarruk qo‘rg‘on bilan uzviy bog‘liqdir.
Mamlakatimizdagi islohotlar oila qadriyatini mustahkamlash, mavjud 10 milliondan ortiq oilalar, shuningdek, kelgusida qurilajak yosh oilalarning totuv va hamjihat yashashini ta’minlashga qaratilgan.
Oilalarni asrab-avaylash borasidagi ishlarini yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida yurtimizda 5 maydan 5 iyungacha “Farovon oila sari” oyligi o‘tkaziladi. 15 may – “Xalqaro oila kuni” sifatida keng nishonlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Prezidentimiz tashabbusi bilan “Ibratli oila” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadigan 208 ta oilalar soni joriy yilda 2000 taga yetkazildi.
15 may – Xalqaro oila kuni arafasidagi tantanalarda ushbu oilalarga “Ibratli oila” ko‘krak nishoni va pul mukofotlari topshiriladi. Ular yashaydigan xonadonlar va uy-joylarning kirish qismiga faxrli belgi o‘rnatiladi.
“Farovon oila sari” oyligi doirasida “Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasi” ko‘rik-tanlovi o‘tkaziladi. Bu jarayonda “Yangi O‘zbekistonning ibratli oilalari – yoshlar uchun ibrat maktabi” nomli tadbirlar hamda Qurolli Kuchlar tuzilmalarida faoliyat yuritayotgan harbiy oilalar o‘rtasida “Yangi O‘zbekistonning harbiylar oilasi” tanlovining respublika bosqichi tashkil etiladi. G‘oliblar hamda nominatsiyalar sovrindorlari Xalqaro oila kuni arafasida munosib taqdirlanadi.
“Mening oilam – mening faxrim” mavzusida fleshmob va “Yangi O‘zbekistonning baxtli oilasiman” chellenjlari o‘tkaziladi. Turli dolzarb mavzularda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, mahalla guzarlari, mehnat jamoalarida milliy qadriyatlarni ulug‘lashga oid uchrashuvlar tashkil etiladi. Nizoli oilalarni murosaga keltirish maqsadida mas’ul tashkilotlarning mahallalarda “Sayyor qabullari” o‘tkaziladi.
“Oila va xotin-qizlar maskanlari”ning tantanali ochilish tadbirlari davom ettiriladi. Respublika bo‘ylab “Kashtalar jilosi” ko‘rgazmalari, qadim va shukuhli Buxoroda liboslar namoyishlari o‘tkaziladi. “Oilaviy hunarmandlarning mamlakatning turizm jozibadorligini oshirishga qo‘shayotgan hissasi” mavzuida hunarmand-tadbirkor oilalarning ilmiy anjumani, “Oila institutini mustahkamlashning dolzarb masalalari: farovon oila va barqaror kelajak” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya, “Yangi O‘zbekiston oilasi – o‘zaro ishonch, huquqiy kafolat tayanchi” mavzuida ilmiy-amaliy konferensiyalar o‘tkaziladi.
“Mas’uliyatli ota-onalik” loyihasining mazmun-mohiyati keng targ‘ib etilib, amaliyotga joriy etiladi. Mahallalarda xotin-qizlarni ommaviy sport musobaqalariga jalb qilish ishlari davom ettiriladi.
“Sog‘lom oila uchun birlashaylik!” sport marafoni, "Sport sayli" tadbirlari ushbu loyihaga o‘zgacha shukuh bag‘ishlaydi. Hududlar, tuman (shahar) markazlaridagi istirohat bog‘larida uzoq yillardan buyon birga ahil yashab kelayotgan nuroniy juftliklar, yosh kelin-kuyovlar ishtirokida “oilalar sayli” (“oilafest”) tashkillashtiriladi.
Unda madaniy-ma’rifiy tadbirlar, sport o‘yinlari, bolalarga mo‘ljallangan dasturlar namoyishi, hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmalari, oila qadriyati mazmuniga mos boshqa tadbirlar o‘tkaziladi.
Oilada huquqiy madaniyatni yuksaltirish, oila-turmush doirasida hamda xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi murosasizlik muhitini yaxshilash maqsadida “Oila tinch – yurt tinch” shiori ostida targ‘ibot va tashviqot ishlari olib boriladi. Ta’lim muassasalarida “Oila bolalar nigohida” rasmlar, “Mening oilam – faxrim” mavzuida insholar, oila haqidagi maqolalar, she’rlar tanlovlari tashkil etiladi.
“Xavfsiz oila” tamoyilini amalga oshirishda xotin-qizlar va mahallaning kriminologik faoliyatidagi muhim jihatlar” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi tashkil etiladi.
Mahalla xotin-qizlar faollari tomonidan uyma-uy yurish orqali og‘ir vaziyatdagi xotin-qizlar qo‘llab-quvvatlanadi.
N.Usmonova, O‘zA muxbiri
- Qo'shildi: 02.05.2025
- Ko'rishlar: 114
- Chop etish