Nogironligi bor shaxslar ijtimoiy himoyasi kuchaytiriladi

Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi majlisida nogironligi bo‘lgan bolalarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga oid qonunlar dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Shu bilan birga, aholining ijtimoiy ehtiyojmand ayrim toifalari huquqlarining kafolatlarini kuchaytirish hamda davlat organlari va tashkilotlarining mas’uliyatini oshirish masalasiga e’tibor qaratildi. 

Majlisda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy xizmatlar sifatini yaxshilash, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish mexanizmlarini takomillashtirish zarurati yuzaga kelayotgani qayd etildi. 

Intellektual mulk ob’ektlarining hamda tovar belgisiga bo‘lgan huquqlarning muhofazasini kuchaytirish, davlat buyurtmachilari tomonidan davlat xaridlarini amalga oshirishda raqobat muhitini ta’minlash ishlarini ham takomiliga yetkazish lozimligiga urg‘u berildi.

Ijtimoiy himoyani kuchaytirish maqsadida “Shahar yo‘lovchilar transportidan bepul foydalanishni tartibga solish to‘g‘risida” hamda “Avtomobil transporti to‘g‘risida”gi qonunlarda ayrim toifadagi nogironligi bo‘lgan shaxslarga hamda ularga hamrohlik qiluvchi shaxslarga shahar yo‘lovchi transportidan bepul foydalanish huquqi berilishi nazarda tutilmoqda.

Nogironligi bo‘lgan bolalarga ko‘rsatiladigan kunduzgi parvarish xizmati uchun to‘lanadigan to‘lovlar soliq solinmaydigan daromadlar toifasiga kiritilmoqda. Bundan tashqari, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarni ishga joylashtirish kafolatlari kuchaytirilmoqda.

Muhokama qilingan masalalar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi. 

N.Abduraimova, O‘zA

Powered by GSpeech