26 noyabr kuni Toshkent shahrida “Sud organlari mustaqilligini ta'minlashning dolzarb masalalari” mavzusida xalqaro konferentsiya bo'lib o'tdi. Tadbir O'zbekiston Respublikasi Sud`yalar oliy kengashi, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Sud`yalar oliy maktabi va “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nohukumat tashkilotining O'zbekistondagi filiali tomonidan tashkil etildi.
Konferentsiyadan ko'zlangan maqsad – sud organlariga tegishli asosiy standartlar va xalqaro huquq normalarini muhokama qilish, xalqaro jamoatchilik vakillari bilan tajriba almashish, xorijiy davlatlarning sud organlari mustaqilligi masalalari bo'yicha amaliyotini taqqoslashdan iborat.
Xalqaro anjuman ishini O'zbekiston Respublikasi Sud`yalar oliy kengashi raisi Ubaydulla Mingboev ochib berdi. Tadbirda AQSH, shuningdek, Yevropa, Osiyo, Maraziy Osiyo mintaqalari mamlakatlaridan tashrif buyurgan ekspertlar, O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi va Oliy sudi sud`yalari, Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi, vazirlik va idoralar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Anjumanda so'zga chiqqan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ushbu muhim tadbir O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligi oldidan tashkil etilganiga alohida e'tibor qaratdi. Asosiy Qonunimizda sud hokimiyati mustaqilligi va sud`yalar daxlsizligini ta'minlashning huquqiy poydevori mustahkamlab qo'yilgan.
Noyabr oyining so'nggi o'n kunligi keng nishonlanadigan sanalarga boydir. Xususan, 20 noyabrda – BMT Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyasining 30 yilligi, 25 noyabrda – Ayollarga nisbatan zo'ravonlikka barham berish xalqaro kuni va BMT Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to'g'risidagi xalqaro konventsiyasining 40 yiiligi nishonlandi.
Xotin-qizlar va bolalarning huquqlarini himoya qilish, shuningdek, sud tizimida gender tenglikni ta'minlash ustuvor vazifalardan hisoblanadi. O'zbekiston parlamenti joriy yilda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to'g'risida”gi hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo'ravonlikdan himoya qilish to'g'risida”gi qonunlarni qabul qilgani ulkan ahamiyat kasb etdi.
Keyingi yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan 1985 yilda tasdiqlangan “Sud organlari mustaqilligining asosiy printsiplari” qabul qilinganining 35 yilligi xalqaro jamoatchilik tomonidan keng nishonlanadi. O'zbekiston parlamenti ushbu xalqaro huquqiy hujjatni 1997 yili ratifikatsiya qilgan.
Mazkur dasturilamal huquqiy hujjatda mustahkkamlangan printsiplarning aksariyati rivojlangan demokratik davlatlarda amal qilayotgan odat huquqi yoki huquqning umumiy printsiplari bilan o'zaro uyg'un va
hamohangdir. Sudlarning tom ma'noda mustaqilligini ta'minlash va korruptsiyaga qarshi kurashish maqsadida O'zbekistonda keyingi uch yil ichida Harakatlar strategiyasi ijrosi doirasida konstitutsiyaviy darajada beqiyos ko'lamdagi sud islohotlari amalga oshirildi.
Shu yil 19-25 sentyabr kunlari BMT Inson huquqlari kengashining sud`yalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo'yicha maxsus ma'ruzachisi Diego Garsiya-Sayan yurtimizda rasmiy tashrif bilan bo'ldi. Diego Garsiya-Sayan bir hafta davomida davlat tashkilotlari, vazirlik va muassasalar rahbarlari, fuqarolik jamiyati institutlari faollari, sud`yalar, prokurorlar, advokatlar, talaba-yoshlar bilan qariyb 40 ta uchrashuv o'tkazdi.
Diego Garsiya-Sayanning O'zbekistonga tashrifi yakunlari bo'yicha rasmiy ma'ruzasi 2020 yil iyun oyida BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashiga taqdim etilishi ko'zda tutilgan.
Mo''tabar mehmon sud-huquq tizimini isloh qilish, sudlar mustaqilligini ta'minlash, odil sudlov tamoyillarini qaror toptirish borasida O'zbekistonda qisqa fursatda erishilgan bir qator ijobiy o'zgarishlarga e'tibor
qaratdi.
Birinchidan, yangi konstitutsiyaviy organ – Sud`yalar oliy kengashi tashkil etilgan bo'lib, u sud tizimi va sudyalar mustaqilligini ta'minlash borasida keng vakolatlarga ega.
Ikkinchidan, Sud`yalar oliy kengashi qoshida Sud`yalar oliy maktabi ochilgani, o'z navbatida, sudyalarni o'qitish va malakasini oshirish ishlarining muntazamligini ta'minlashga qaratilgan.
Uchinchidan, o'z xizmat vazifalarini bajarayotgan sud`yalarning xavfsizligini ta'minlash bo'yicha zarur choralar ko'rilgan.
To'rtinchidan, sudlov ma'muriyatiga taalluqli bir qator ma'muriy va texnik funkiyalar Adliya vazirligi tasarrufidan chiqarilib, Oliy sud huzurida yangi tashkil etilgan Sudlar faoliyatini ta'minlash bo'yicha departament vakolatiga o'tkazilgan.
Beshinchidan, Oliy sud veb-saytida sud qarorlari muntazam e'lon qilib borilmoqda, odil sudlovdan foydalanish shaffofligi va qulayliklarini ta'minlash maqsadida sud tizimiga raqamli axborot texnologiyalari izchil tatbiq etilmoqda.
Oltinchidan, Advokatlar palatasi ijro etuvchi hokimiyatdan mustaqil faoliyat yuritishini ta'minlashga doir kafolatlar yaratilgan.
Yettinchidan, korruptsiyaga qarshi kurashish siyosatini joriy etish sohasida bir qancha ta'sirchan qadamlar qo'yilgan, jumladan, “Korruptsiyaga qarshi kurashish to'g'risida”gi qonun qabul qilingan va uning ijrosini ta'minlash mexanizmlari ishlab chiqilgan.
BMT Maxsus ma'ruzachisi milliy huquqiy tizimni yanada takomillashtirish, sudyalar, prokurorlar va advokatlar mustaqilligini mustahkamlash doir dastlabki tavsiyalarini ham taqdim etdi.
Jumladan, u O'zbekistonda sudyalarni professional asosda tayyorlash masalasiga e'tibor qaratib, sudyalar uchun inson huquqlari bo'yicha ta'lim dasturlarini ishlab chiqish taklifini bildirdi.
Joriy yil avgustida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi huzurida “Inson huquqlari bo'yicha o'quv kurslari” tashkil etilganini ta'kidlash lozim. Bu kurslarda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillarini o'qitish ko'zda tutilgan.
Shu munosabat bilan O'zbekiston Respublikasi Sud`yalar oliy kengashi hamkorligida amalga oshirish uchun Markaz tomonidan:
birinchidan, sud`yalar va sud xodimlari uchun “Inson huquqlari” nomli maxsus o'quv kursini tatbiq etish;
ikkinchidan, “Inson huquqlari va gender tenglik” kafedrasini ochish;
uchinchidan, “Inson huquqlari va odil sudlovni amalga oshirishning xalqaro standartlari” o'quv qo'llanmasini tayyorlash;
to'rtinchidan, odil sudlovga taalluqli xalqaro shartnomalar to'plamini nashr etish;
beshinchidan, BMT Inson huquqlari kengashining sud`yalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo'yicha maxsus ma'ruzachisi tavsiyasini amalga oshirishga qaratilgan “Yo'l xaritasi”ni ishlab chiqish takliflari o'rtaga tashlandi.
Xalqaro konferentsiya yakunida anjuman davomida tushgan barcha amaliy taklif-mulohazalar umumlashtirildi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
foto O'zAdan olindi
- Qo'shildi: 26.11.2019
- Ko'rishlar: 5831
- Chop etish