Ogoh bo‘ling: “Sukunatdagi urush” avj olmoqda

Bu sintetik giyohvandlik moddalar tahdidi bo‘lib, undan omon qolish murakkablashmoqda...

Bundan o‘n yil muqaddam asosiy xavf manbai geroin va boshqa opioidlar hisoblangan bo‘lsa, bugungi kunda ularning o‘rnini sintetik giyohvandlik vositalari egallamoqda. Demak, dunyo sintetik tahdid ostida. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi bosh ilmiy xodimi Shohrux Mirzo Alixonov bilan shu haqda suhbatlashdik. 

– Sintetik giyohvandlik vositalari qanday ishlab chiqarilmoqda va qanday tarqatilmoqda? 

– BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (NJB) ma’lumotlariga ko‘ra, jahon bozorida 12 mingdan ortiq turdagi giyohvand modda aniqlangan, – deydi Sh.Alixonov. –  2024 yilning o‘zida 180 ta yangi psixofaol modda qayd etilgan.

Globallashuv jarayonida giyohvandlik vositalari, psixofaol moddalar va ularning prekursorlarining noqonuniy aylanmasi insoniyat xavfsizligi va barqaror taraqqiyoti uchun jiddiy tahdid sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Yuzaga kelgan sarhadsiz xavfning ko‘lamini raqamlar yaqqol namoyon etmoqda. BMTning 2024 yilgi Giyohvandlik vositalari to‘g‘risidagi hisobotiga ko‘ra, dunyoda taxminan 300 million kishi (ya’ni har 17 nafar odamdan biri) giyohvandlik moddalarini iste’mol qiladi. Ularning 60 milliondan ortig‘i esa opioid moddalarga qaramlikdan aziyat chekmoqda.

Giyohvandlik vositalari ishlab chiqarilishi haqida so‘z ketar ekan, Afg‘onistonni tilga olmaslik mumkin emas. Bu mamlakat dunyoning eng yirik opiat yetkazib beruvchilaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Ammo, bugungi kunda Afg‘oniston global narkoiqtisodiyotda keskin transformatsiya jarayonini boshidan kechirmoqda. 2022 yilda 233 ming gektar bo‘lgan ko‘knori maydonlari 2023 yilda 10 ming gektardan kamayganiga qaramay vaziyat yengillashmadi. 

Aksincha, mamlakat noqonuniy metamfetamin ishlab chiqarishning yirik markaziga aylandi. So‘nggi uch yil ichida narkolaboratoriyalar soni qariyb to‘rt baravarga oshgan.

Bu “sintetika sari burilish” giyohvandlik bozorining tabiatini tubdan o‘zgartirdi: yetkazib berish yo‘nalishlari qayta qurildi, ishlab chiqarish arzonlashdi va foyda oshdi. 

Endi dunyo yanada yashirin, chegarasiz va halokatli giyohvandlik tahdidiga duch kelmoqda. Afg‘oniston endi geroin karvonlari emas, balki chegara bilmas kimyoviy laboratoriyalar mamlakatidir.

Markaziy Osiyo mintaqaviy axborot-muvofiqlashtirish markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda bu mintaqada 380 ta yashirin narkolaboratoriya aniqlangan bo‘lib, bu oldingi yilga nisbatan qariyb 20 foiz ko‘p.

– Sintetik giyohvandlik vositalarining qanday turlari bor va ular qanchalik xavfli?

– Narkobozorda metamfetamin, amfetamin va kaptagon ishlab chiqarish va tarqatish ko‘paydi. Shu bilan birga, fentanil, nitazen kabi sintetik opioidlar va ularning turli analoglari tez tarqalmoqda. Ular juda zaharli bo‘lib, bir marta qabul qilishning o‘zidayoq kuchli qaramlikka olib keladi.

Ayniqsa, fentanil xavfli modda sifatida ta’riflanadi. Agar geroin o‘n yillar davomida eng og‘ir giyohvandlik modda hisoblangan bo‘lsa, fentanil ta’siri jihatidan undan 40-50 baravar kuchliroq. Hatto mikroskopik miqdorning o‘zi inson uchun o‘limga sabab bo‘lishi mumkin. Shu sababli, fentanil tarqalishi XXI asrning eng xavfli global tahdidlaridan biriga aylandi.

Giyohvandlik moddalari tarqalishining yangi to‘lqini raqamli texnologiyalar bilan uyg‘unlashmoqda. Raqamlashtirish jarayoni noqonuniy bozorni ham qamrab oldi: endilikda giyohvandlik vositalari internet orqali, jumladan, internetdagi “Darknet” tarmog‘ida sotilmoqda. Bu tarmoq har kuni minglab noqonuniy savdo operatsiyalari amalga oshiriladigan global maydonga aylandi. 

Kriptovalyuta orqali to‘lov va anonim yetkazib berish, shuningdek, “zakladka” usulida tarqatish narkobiznesni deyarli aniqlab bo‘lmas darajaga keltirmoqda. 

Sintetik moddalar rasman taqiqlanguncha allaqachon ommalashishga ulgurmoqda. Bu raqamli soya davlatlar o‘rtasidagi chegaralarni yo‘qqa chiqarib, narkotahdidni yangi avlod kiberxavfga aylantirmoqda.

Shu bilan birga, dorivor vositalarning tibbiy bo‘lmagan maqsadda ishlatilishi ham kengaymoqda. Sog‘liqni saqlash tizimlaridagi nazoratning yetarli emasligi sababli tinch aholi uchun mo‘ljallangan og‘riqsizlantiruvchi, tinchlantiruvchi va psixotrop preparatlar ko‘pincha “qora bozor” orqali tarqalmoqda. Bu, ayniqsa, rivojlanayotgan mamlakatlarda jiddiy xavfni yuzaga keltirayotir. 

– Bu xavf maydonida asosiy nishon yoshlar bo‘lsa kerak? 

– Ha, albatta shunday. 2025 yilda BMT NJB tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, Markaziy Osiyodagi 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 6 ming nafar yoshlardan 2-5 foizi oxirgi bir yil ichida giyohvand moddalarni iste’mol qilgan. 

Eng ko‘p tarqalayotgani – kannabis va turli dorivor vositalar iste’moli hisoblanadi. Markaziy Osiyoda aholining qariyb 60 foizi 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar ekanini hisobga olganda, profilaktika va sog‘lom turmush tarzini shakllantirish masalasi milliy xavfsizlik darajasiga ko‘tarilgan.

– Giyohvandlik tahdidi qanchalik zarar keltira oladi?  

– Bu tahdid faqat inson salomatligiga emas, balki iqtisod, ijtimoiy barqarorlik va ekologiyaga ham zarba bermoqda. 

Mutaxassislar baholashicha, transmilliy jinoiy guruhlar daromadining 80 foizga yaqini giyohvandlik vositalar savdosidan shakllanadi. Bu ulkan mablag‘lar korrupsiyani, terrorizm va odam savdosini moliyalashtirib, butun mintaqalarni beqarorlashtirishi mumkin. 

Biroq, davlatlar ko‘radigan yo‘qotishlar faqat iqtisodiy zarar emas. Har bir doza bu vayron bo‘lgan taqdir, buzilgan oila, nobud bo‘layotgan kelajak, demakdir. 

O‘z navbatida, giyohvandlik mehnat unumdorligini pasaytiradi, ishsizlikni oshiradi va sog‘liqni saqlash hamda huquqni muhofaza qilish tizimlariga katta bosim yuklaydi. Davlatlar vaqtida chora ko‘rmasa, keyin milliardlab mablag‘ sarflasa ham ijobiy natijaga erisha olmasligi mumkin.

Ekologik oqibatlar ham o‘ta xavfli. Sintetik moddalar ishlab chiqarilishi jarayonida tonnalab kimyoviy chiqindilar chiqadi. Bir kilogramm metamfetamin ishlab chiqarish natijasida taxminan 30 kilogramm zaharli kimyoviy chiqindi qoladi. Bu moddalar ekotizimlarni zaharlaydi, flora va faunaga zarar yetkazadi, ichimlik suvini ifloslantiradi. 

Sintetik giyohvand moddalar tarqalishi – ta’bir joiz bo‘lsa, “sukunatdagi urush” bo‘lib, undan omon qolish murakkablashib bormoqda. Shu bois, hozirgi narkovaziyat insoniyat oldidagi global chaqiriqlarni qo‘ymoqda. BMT NJB xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, qonunchilikni uyg‘unlashtirish va yangi psixofaol moddalarni erta aniqlash tizimlarini yaratish zarurligini ta’kidlamoqda.

Davlatlar, xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining birlashgan sa’y-harakatlari, bu jarayonga har bir shaxsning hissa qo‘shishi yangi tahdid to‘lqinini to‘xtatishi mumkin. 

Norgul Abduraimova,

O‘zA

Powered by GSpeech