Xorazmni yanada rivojlantirish va qadimiy shuhratini tiklash bo‘yicha katta rejalar belgilandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji va aholi hayoti bilan yaqindan tanishish, yangi istiqbolli rejalarni belgilash maqsadida 1-2 may kuni Xorazm viloyatida bo‘ldi.

2 may kuni Urganch tumanida Xorazm viloyatini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xorazm shonli tariximiz bilan yangi islohotlar tutashgan chorraha ekanini ta’kidladi.

Logistika zanjiridan uzoqda, tabiiy resurslari cheklangan bu diyorda o‘tgan yili “kichik va o‘rta biznes yili” bo‘ldi, deyish mumkin. 2024 yili viloyatda 7 ming yangi tadbirkor ish boshlagan, 47 ta korxona kichikdan o‘rtaga o‘tgan. 1 ming 700 ta korxona faoliyati tiklangan. Bularning natijasida viloyatda bir yil ichida 290 ming aholi ishli bo‘lgan.

Lekin oldinda dolzarb masalalar ko‘p. Viloyatda kambag‘allik darajasi hali ham 12 foiz atrofida, 45 ming fuqaro ishsiz. Shuning uchun hokimlar va o‘rinbosarlari har bir imkoniyatni loyihaga aylantirib, yangi ish o‘rinlari yaratishi, sanoat, servis, turizm, qishloq xo‘jaligi, eksport salohiyatini yanada oshirishi zarurligi aytildi.

Davlatimiz rahbari bu sohalardagi imkoniyatlar va ularni ishga solish choralarini ko‘rsatib o‘tdi.  

Masalan, yurtimizda turizm eksporti salohiyati 10 milliard dollar bo‘lsa, shuning 2 milliard dollari aynan Xorazmga to‘g‘ri keladi. Afsuski, bu to‘liq ishga solinmayapti.

Viloyat bo‘yicha jami 263 ta madaniy meros obidasi mavjud. Tadbirkorlar bilan hamkorlikda ular turistik maskanga aylantirilsa, qo‘shimcha daromad va ish o‘rinlari bo‘ladi. Shuningdek, chet eldan tajribali arxeologlarni jalb qilib, tarixiy joylarni aniqlash va tiklashga mablag‘ ajratiladi.

Xorazmda 40 dan ortiq hunarmandchilik yo‘nalishlari rivojlangan bo‘lib, sayyohlar mahsulot tayyorlash jarayoniga ham qiziqadi.

Turizmda ovqatlanish joylari juda muhim. Prezidentimiz milliy taomlarimizni chet ellarda tanitayotgan restoratorlarni qo‘llab-quvvatlash zarurligini ta’kidladi. Xorijda o‘zbek restoranlari tashkil qilishda ro‘yxatdan o‘tish, ruxsatnoma va ish yuritish bilan bog‘liq xarajatlarning bir qismi qoplab berilishi belgilandi.

Mehmon o‘rinlari va transport qatnovlarini ko‘paytirish, yangi ko‘ngilochar va tematik maskanlar barpo etish, gid va ofitsiantlar tayyorlash masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.  

Umuman, bu yil jami 200 million dollarlik 91 ta loyihani bajarish, turizm va xizmatlar sohasida 100 mingta ish o‘rni ochish vazifasi qo‘yildi. 2 million xorijiy va 10 million mahalliy sayyoh jalb qilib, turizm eksportini 700 million dollardan oshirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.

Iqtisodiyot sohasida ham imkoniyat ko‘p. Bu yil Xorazmda kamida 6 foiz iqtisodiy o‘sishni ta’minlab, yalpi hududiy mahsulotni 60 trillion so‘mdan oshirish ko‘zda tutilgan. 265 ming aholini band qilib, 104 ming odamni kambag‘allikdan olib chiqish mo‘ljallangan.

Masalan, xususiylashtirish dasturiga asosan 2025 yilda viloyatda 41 ta davlat binosi, 350 gektar yer uchastkasi savdoga qo‘yilayapti. Bu xizmat ko‘rsatish, turizm va ishlab chiqarish sohalari uchun katta imkoniyat.

So‘nggi sakkiz yilda Xorazmda mebel sanoati 3 karra o‘sdi. Xonqadagi 10 gektar yerda mebelchilik zonasi tashkil etildi. Bu tarmoqni yanada rivojlantirish uchun xorijdan dizayner, marketolog, injener-texnolog olib kelinadi. Yurtimizda bu sohaga qo‘shimcha turtki berish uchun maxsus dastur tayyorlash topshirig‘i berildi.

Hozir jahondagi murakkab sharoitda innovatsiya va investitsiya jalb qilgan davlat yutayapti. Bu borada Xorazmda ham rejalar ulkan. Jumladan, bu yil 900 million dollarlik 12 ta yirik, 480 ta hududiy loyiha ishga tushiriladi. 65 turdagi mahsulot, 5 turdagi uskuna ishlab chiqarilib, mahalliylashtirish hajmi 1,7 trillion so‘mga yetkaziladi. 1,5 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb etilib, 510 million dollarlik eksport qilinadi.

Masalan, Qo‘shko‘pir tumanidagi 175 gektarda “O‘zbekiston – Xitoy texnoparki” tashkil qilinmoqda. U yerda 1 milliard dollarlik 16 ta investitsiya loyihalari bo‘ladi.

Tuproqqal’ada 10 milliard dollarlik gaz-kimyo majmuasining birinchi bosqichi boshlanadi. Unda yiliga 2 million tonna 14 turdagi yuqori qo‘shilgan qiymatli bazaviy polimer mahsulotlari ishlab chiqariladi.

Xorazmda 663 ta qurilish materiallari korxonasi bo‘lib, viloyatning drayver tarmoqlaridan biriga aylandi. Endi ularning mahsulotlari sotilishi moliyaviy choralar orqali qo‘llab-quvvatlanadi. Tarmoqda 100 million dollarlik yana 40 ta loyiha boshlanadi.

Slovakiya kompaniyasi tomonidan Tuproqqal’a tumanida 170 million dollar hisobidan raps o‘simligi yetishtirish va undan bioetanol ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida 60 million dollarlik 56 ta loyiha ishga tushiriladi. 3 ming 400 gektar yer qayta foydalanishga kiritiladi. 1 ming 200 gektar sanoatlashgan mevali bog‘lar tashkil qilinadi.

Avstriyaning “Bauer” kompaniyasi bilan Xorazmda 7,5 ming gektarda yomg‘irlab sug‘orishni joriy qilish rejalashtirilgan. Bunda fermerlarga shunday texnikalar tayyor o‘rnatilib, lizing asosida so‘mda yillik 2,5 foiz stavkada 10 yil muddatga beriladi.

Xorazmlik fermerlar tannarxni tushirish uchun izlanib, traktorga zamonaviy “avtopilot” o‘rnatgan. Natijada chigit to‘liq aniqlikda ekiladi, sifat oshadi. Bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlash uchun imtiyozli kredit berilishi qayd etildi.

Viloyatda ekin maydoniga suv chiqarish oson emas. Respublikadagi nasoslarning 21 foizi shu yerda joylashgan. Ularga quyosh paneli o‘rnatib, elektr xarajatini iqtisod qilish muhimligi ta’kidlandi.

Baliqchilikni rivojlantirish, sutni qayta ishlash, dalalarda qo‘shimcha mahsulotlar yetishtirish chora-tadbirlari belgilandi.

Aholi farovonligini oshirish maqsadida bunyodkorlik ishlari ham rejalashtirilgan. Jumladan, bu yil 7 ming xonadonli 200 ta ko‘p qavatli uy quriladi, 1,5 ming kilometr yo‘l va 20 ta ko‘prik ta’mirlanadi. Bu sohada 20 ming nafar aholi ish bilan ta’minlanadi.

Ijtimoiy sohalarni rivojlantirish vazifalari ham ko‘rsatib o‘tildi. Tibbiyot maskanlari va yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini ko‘paytirib, aholini sog‘lomlashtirish, texnikum va oliygoh talabalarini dual ta’limga qamrab olish, yoshlarni ish bilan ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Yig‘ilishda belgilangan chora-tadbirlarni bajarish rejalari yuzasidan mutasaddilarning axboroti eshitildi.

Shundan so‘ng davlatimiz rahbari Xorazmdagi “Urganch klaster”ning yangi korxonalari faoliyati bilan tanishdi.

Klasterning tashkil etilganiga besh yil bo‘lgan. Bugun u paxta xomashyosini yetishtirishdan tortib tayyor kiyim-kechak tikishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni qamrab olgan yaxlit “zanjir”. Uning tizimida 3 ming kishi ish bilan ta’minlangan.

Tadbirkor 8 ming 500 gektar maydonda yetishtirilgan paxtani 100 foiz qayta ishlaydi. Buning uchun paxta tozalash va yog‘ zavodlari bor.

Shu kunlarda klasterning ip-yigiruv hamda mato to‘qish quvvati ortdi. Qo‘shimcha investitsiya evaziga yana ikkita korxona faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Germaniya, Yaponiya va Turkiyadan zamonaviy uskunalar keltirib o‘rnatildi. 

Korxonada o‘quv-tajriba markazi tashkil etilgan. Tikuvchi va dizayner-mutaxassislar avval shu yerda o‘qitilib, keyin ishga qo‘yiladi.

Bularning natijasida ishlab chiqarish hajmi sezilarli ortdi. Yiliga 10 ming 800 tonna atrofida ip-kalava va 3 million dona tikuvchilik mahsulotlari tayyorlash quvvati yaratildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi fabrikalarda bo‘lib, ish jarayoni, tayyor mahsulotlarni ko‘zdan kechirdi. Tikuvchi xotin-qizlar bilan suhbatlashdi. Ularning oylik maoshlari, mehnat sharoitlari bilan qiziqdi.

Bu yerda tayyorlanayotgan yuqori sifatli kiyim-kechaklarning katta qismi eksportga yo‘naltiriladi. Korxonaning yillik eksport salohiyati 28 million dollar atrofida.

Mahsulotlar turi va sifatini ko‘paytirib, eksport ko‘lamini kengaytirish, energiya tejamkorlik orqali mahsulot tannarxini kamaytirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Urganch shahrida barpo etilgan Kasbiy ko‘nikmalar mintaqaviy markazini borib ko‘rdi.

Majmua Koreya xalqaro hamkorlik agentligi – KOICAning 9 million dollarlik grant mablag‘lari hisobidan qurilgan. Zamonaviy kasblar uchun zarur jihozlar, simulatsion  uskunalar keltirib o‘rnatilgan. Bu yerda avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish, payvandchilik, yuk ko‘tarish mashinistligi, elektron va maishiy texnika ta’miri, mebelsozlik, sartaroshlik va kosmetologiya, mobilografiya hamda mehmonxona xizmati kabi 10 ta talab yuqori bo‘lgan mutaxassislik o‘rgatiladi.

Buning uchun qariyb 2 gektar hududda zamonaviy o‘quv binolari, amaliy mashg‘ulot xonalari, 64 o‘rinli yotoqxona va boshqa yordamchi inshootlar qurilgan. Muassasa yiliga 300 nafar tinglovchini 6 oylik kasbiy tayyorgarlik kurslarida o‘qitish imkoniyatiga ega.

Prezident o‘quv-mashg‘ulot xonalarini kirib ko‘rdi. Mehmonxona yo‘nalishida saboq olayotgan yoshlar bilan samimiy suhbatlashdi.

– Urganch aeroportini Inchon aeroporti bilan sheriklikda dunyo darajasiga olib chiqamiz. Katta turizm markazlari, mehmonxonalar qurayapmiz. Endi xorijiy turistlar ko‘p kelishi uchun xizmat ham xalqaro darajada bo‘lishi kerak. Ular tariximiz, tabiatimiz uchun keladi, servis yaxshi bo‘lsa, xursand bo‘lib ketadi. Bunda ko‘p narsa xizmat ko‘rsatuvchilarning muomalasi, etikasi, saviyasiga bog‘liq. Shuning uchun bu imkoniyatdan foydalanib, kasbni yaxshi o‘rganing. Kelgusida o‘zingiz ham tadbirkor bo‘lishga harakat qiling, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Markazda Migratsiya agentligi hamda Koreyaning Hyundai va Germaniyaning SBH West bilan hamkorlikda elektromobillarga xizmat ko‘rsatish ixtisosligi ham yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa ichki va tashqi mehnat bozori talablariga mos kadrlar yetishtirish imkonini beradi.

Xalqaro hamkorlik keng yo‘lga qo‘yilgan. Joriy yil yanvar oyida markazning boshqaruv xodimlari Koreya Respublikasida 2 haftalik o‘quv kurslarini tamomlab qaytgan. Ayni paytda esa ushbu mamlakatda 20 nafardan ziyod o‘qituvchi va murabbiylar malaka oshirmoqda.

Davlatimiz rahbari malakali kasbiy tayyorgarlik sanoatlashtirish, umuman, davlat rivojining asosi ekanini ta’kidladi. Amaliyot uskunalaridan samarali foydalanish, dars smenalarini oqilona tashkil etib, ko‘proq yoshlarni o‘qitish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi  Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xorazm viloyatiga tashrifi yakunlandi.

Ziyodulla JONIBEKOV,

Ikrom AVVALBOEV,

Ahmadjon SHOKIROV, 

O‘zA maxsus muxbirlari

Powered by GSpeech