Prezidentimizning 2025 yil 30 iyuldagi “Xalqaro shartnomaga qo‘shilish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, O‘zbekiston 2013 yilda Minsk shahrida imzolangan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlatlararo kengashni tuzish to‘g‘risidagi bitimga rasman qo‘shildi.
Qarorga muvofiq, mazkur xalqaro shartnomani amalga oshirish bo‘yicha mas’ul organ sifatida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi belgilangan. Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikistonning aksilkorrupsiya idoralari rahbarlari kengash a’zolari hisoblanadi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlatlararo kengashning 10-majlisi Armanistonning Yerevan shahrida tashkil etildi. Unda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etdi.
Mazkur yig‘ilishda O‘zbekiston delegatsiyasi ishtiroki tashkilotning to‘laqonli a’zosi sifatidagi ilk ishtiroki bo‘ldi. Tashrifdan asosiy maqsad – davlatlararo kengash faoliyati doirasida mintaqada korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi dolzarb muammolar, tashabbuslar va strategik yo‘nalishlarni muhokama qilish hamda amaliy hamkorlikni kuchaytirishdan iborat.

Kengash yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida mamlakatda amalga oshirilayotgan aksilkorrupsiya islohotlari, milliy va mintaqaviy tashabbuslar hamda xalqaro hamkorlik samaradorligini qayd etib, kengash faoliyatida faol ishtirok etish, orttirilgan tajriba bilan o‘rtoqlashish va yangi qo‘shma tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdi.
Kengash majlisida virtual valyutalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish, korrupsiya uchun yuridik shaxslarning javobgarligi, korrupsiyadan xoli biznes muhitini yaratish kabi bir qator muhim masalalar muhokama qilindi.
Tashrif doirasida Agentlik delegatsiyasi bir qator xorijiy vakolatli organlar bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi. Jumladan, Armaniston Bosh prokurori Anna Vardapetyan bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ikki davlat o‘rtasida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.
Shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Belarus Respublikasi Bosh prokuraturasi o‘rtasida hamkorlik hujjati imzolandi.
Mazkur hujjat huquqiy axborotlar almashinuvi, ilmiy-uslubiy tavsiyalar ishlab chiqish, korrupsiyaning sabab va shart-sharoitlarini aniqlash hamda ularni bartaraf etish, mansabdor shaxslar faoliyatida halollik va shaffoflikni ta’minlash kabi yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlik qilishni nazarda tutadi.
N.Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 06.10.2025
- Ko'rishlar: 93
- Chop etish