O‘zbekiston tashabbusi bilan Xalqaro zilzila qurbonlarini xotirlash kuni ta’sis etildi

Turli tabiiy ofatlar insoniyat boshiga kulfatlar keltirib, aholiga, infratuzilmaga har xil ko‘lamda ziyon yetkazadi. Ayniqsa, zilzilalar tabiiy ofatlar ichida eng xavflilaridan biri bo‘lib, uni oldindan bilishning imkoni yo‘q. Shu bois ham zilzilalarning oqibatlari ayanchli ko‘rinish hosil qilishi mumkin.

2023 yil 16 mart kuni bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdan tashqari sammitida davlatimiz rahbari tomonidan favqulodda vaziyatlar bo‘yicha ixtisoslashgan xalqaro tuzilmalar bilan amaliy hamkorlikni kuchaytirish zarurligiga alohida e’tibor qaratilgan edi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti zilzila qurbonlariga hurmat ko‘rsatish va bu borada xalqaro hamkorlik zarurligini eslatish maqsadida xotira va birdamlik kunini ta’sis etish to‘g‘risidagi tashabbusni ilgari surdi.  

Bugungi kunda mazkur tashabbus amalda o‘z natijasini ko‘rsatdi. Gap shundaki, 2025 yil 29 aprelda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida BMT Bosh Assambleyasi O‘zbekiston tashabbusi bilan 29 aprelni Xalqaro zilzila qurbonlarini xotirlash kuni deb e’lon qilish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani qabul qildi. Hujjatga dunyoning barcha mintaqalaridan 80 dan ortiq davlat hammualliflik qilgan.

Xalqaro zilzila qurbonlarini xotirlash kuni ilk bor 2026 yil 29 aprel kuni nishonlanadi. Bu sana 1966 yilda Toshkent shahrida sodir bo‘lgan vayronkor zilzilaning 60 yilligi munosabati bilan belgilandi.

Shu o‘rinda qayd etish lozimki, yaqinda BMT Bosh Assambleyasi O‘zbekiston tashabbusi bilan O‘rmonzorlashtirish va o‘rmon tiklash dekadasi haqidagi rezolyutsiyani ham qabul qilgan edi.

Xalqaro zilzila qurbonlarini xotirlash kunini belgilashga oid rezolyutsiya esa so‘nggi yillarda O‘zbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan 13 rezolyutsiya hisoblanadi. Mazkur rezolyutsiyaning qabul qilinishi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi tobora ortib borayotganini, davlatimiz rahbarining xalqaro doiradagi muhim tashabbuslaridan biri bo‘lganini o‘zida aks ettiradi.  

Muhtarama Komilova, O‘zA

Powered by GSpeech