O‘zbekiston yoshlarining fikri xalqaro minbarlardan yangramoqda

Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasining uchinchi qo‘mitasi yig‘ilishi doirasida ilk bor yoshlarga bag‘ishlangan muhim tadbir bo‘lib o‘tdi.

Bu tashabbus BMT uchinchi qo‘mitasi raisi tashabbusi hamda tuzilma Bolalar va yoshlar bo‘yicha asosiy guruh hamkorligida tashkil etildi.  

Tadbirning asosiy maqsadi yoshlarning ijtimoiy rivojlanish, inson huquqlari, madaniyat va tenglik sohalaridagi masalalar yuzasidan ovozini to‘g‘ridan-to‘g‘ri xalqaro darajada eshitish va ularning fikrlarini qo‘mita faoliyati bilan bog‘lashdir.

Yoshlar fikrlari tinglangan anjumanda BMT Aholishunoslik jamg‘armasi ijrochi direktori, BMT Bosh kotibi Yoshlar masalalari bo‘yicha yordamchisi, BMT Yoshlar ofisi rahbari, Xalqaro mehnat tashkilotining BMTdagi Maxsus vakili va qator tuzilmalar rahbarlari qatnashdi.

Sessiyada qator mamlakatlar yoshlari qatori o‘zbekistonlik yosh jurnalist Nurullo Rasulov ham Osiyo-Tinch okeani mintaqasi Barqaror rivojlanish Yoshlar foruminomidan so‘zga chiqdi.

U O‘zbekistonda yoshlarning siyosiy va ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki haqida so‘zlab, Yoshlar parlamenti faoliyatini yoshlar tashabbuslarini qonunchilik jarayoniga integratsiya qilishda muhim tuzilma bo‘layotganini qayd etdi.  

Shuningdek, yoshlar o‘rtasidagi do‘stlik, hamkorlik va ishonch orqali tinchlikka zamin yaratish g‘oyasini ilgari surildi.

Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA muxbiri

Powered by GSpeech