Qonun loyihasiga sharh
Mamlakatimizda ish tashlash huquqi birinchi marta qonun darajasida tartibga solinmoqda.
Senat yangi tahrirdagi Konstitutsiyada belgilangan qonunchilik tashabbusi huquqidan ilk marotaba foydalanib, Qonunchilik palatasiga “Fuqarolarning mehnat huquqlari kafolatlari kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunchilik taklifini kiritdi.
Qonun loyihasi ish tashlash huquqini qonuniy tartibga solishni nazarda tutadi. Unda ish tashlashning aniq ta’rifi va tushunchalari, uni o‘tkazish tartib-taomillari, xodimlarga ish tashlash jarayonida beriladigan kafolatlar belgilanmoqda.
Xo‘sh, ish tashlash jarayoni qay tartibda kechadi, qaysi soha vakillari ish tashlay olmaydi? Ish tashlashning oldini olish uchun qanday choralar ko‘rilishi kerak?
Bu kabi savollar bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Zuhriddin Mavlonovga yuzlandik.
— Milliy qonunchiligimizni Xalqaro mehnat tashkilotining talablariga muvofiqlashtirish maqsadida ish tashlash huquqi qonun bilan kafolatlanmoqda. Bu bo‘yicha 2 ta qonun, 4 ta kodeksga qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Jumladan, ish tashlashning tartib-taomillari, ya’ni ish tashlashni boshlash, kechiktirish, to‘xtatib turish, ish tashlashda ishtirok etgan xodimlarga kafolatlar berish hamda ish tashlashga oid taqiq va cheklovlar aniqlashtirilmoqda. Mehnat nizolarini ko‘rish bo‘yicha tartiblar, noqonuniy ish tashlash holatlarini sudda ko‘rish tartiblari o‘z aksini topmoqda.
Shu bilan birga, xodimlarning ish tashlashi boshqa fuqarolarning huquqlariga daxl qiladigan soha vakillari — harbiylar, mudofaachilar, energetika tizimi kabi soha xodimlari ish tashlashi mumkin emasligi belgilanmoqda.
Qonun loyihasi milliy qonunchilikni xalqaro mehnat standartlariga to‘liq moslashtirish, ijtimoiy adolat, tenglik va demokratik boshqaruv prinsiplarini amalda mustahkamlashga xizmat qiladi, — dedi deputat.
M.Komilova, N.Abduvoitov, I.Ismatov (video), O‘zA
- Qo'shildi: 17.09.2025
- Ko'rishlar: 73
- Chop etish