O‘zbekistonda kuchli fuqarolik jamiyati asoslari yanada mustahkamlandi

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan. Kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish ana shu o‘zgarishlarning muhim va ajralmas qismidir.

Ijtimoiy sheriklik, jamoatchilik nazorati hamda fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini kuchaytirish – demokratik islohotlarni izchil davom ettirishda muhim sanaladi.

Shu bois, fuqarolik jamiyati institutlarining davlat va jamiyat boshqaruvidagi roli va o‘rnini oshirishga qaratilgan huquqiy asoslar mustahkamlanmoqda. 

Nodavlat notijorat tashkilot (NNT)lar faoliyati davlat boshqaruvi organlarining aralashuvidan xoli bo‘lmog‘i, ularning jamoatchilik nazoratiga oid taklif va tavsiyalari davlat organlarida ko‘rib chiqilmog‘i lozimligi belgilangan.

Shu bilan birga, keyingi yillardagi global demokratik chaqiriqlar tahlili NNTlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, bunda aholi manfaatlarini bevosita ifodalash maqsadida notijorat tashkilotlarning fuqarolar va jamoatchilik oldidagi hisobdorligini belgilashni taqozo etdi. 

Homiylik qilish tartibi milliy qonunchiligimizda aniq belgilanmagani sababli ayrim firibgarlar fuqarolarning ishonchini suiiste’mol qilib, ularning mulkini noqonuniy egallab kelayotgan holatlar ham yo‘q emas. Misol uchun, ijtimoiy tarmoqlarda bolalarning kasal holatdagi suratini joylab, xayriya pullarini yig‘ish va o‘g‘irlash bilan shug‘ullangan shaxslar uchramoqda. Bunday holatlar nafaqat fuqarolarning moddiy zarar ko‘rishiga olib keladi, balki ularning xayriya faoliyatiga bo‘lgan ishonchini pasaytiradi va jamiyatdagi ijtimoiy hamjihatlikka putur yetkazadi. 

Bu kabi firibgarlik holatlarining oldini olish uchun xayriya faoliyati va xorijiy moliyaviy yordamning shaffofligini ta’minlashga qaratilgan qonunchilik mexanizmlarini joriy etish juda muhim.

Joriy yil 21 avgustda Prezidentimiz imzolagan “Ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunda yuqoridagi kabi muammolarga chek qo‘yishga qaratilgan asoslar yaratildi. 

Qonun bilan bir qator qonun-hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Ular ichida “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”, “Jamoat fondlari to‘g‘risida”, “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida”, “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”, “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunlar bor. 

Qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, NNTlarning huquq va majburiyatlari, qayta ro‘yxatdan o‘tkazganlik uchun davlat boji miqdori aniqlashtirildi. Fuqarolik jamiyati institutlariga davlat organlari tomonidan bevosita davlat ijtimoiy buyurtmalari berilishining yangi mexanizmi belgilandi. 

Xususan, sohada bir xil huquqni qo‘llash amaliyotini yo‘lga qo‘yish maqsadida NNT vakolatxonasi va filiali yuridik shaxs hisoblanishi belgilandi. Ularni yuridik shaxs bo‘lmagan bo‘linma sifatida hisobga qo‘yish tartibi bekor qilindi. 

NNT tomonidan davlat organiga ijtimoiy buyurtma olish uchun taklif kiritish tartibi ko‘zda tutildi. Jamoatchilik nazoratining natijalari bo‘yicha yakuniy hujjat davlat organiga kelib tushgan kundan e’tiboran bir oyda ko‘rib chiqiladi. 

NNT faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, NNTlarning, eng avvalo, jamoatchilik oldidagi hisobdorligi va ishonchini kafolatlash maqsadida tashqi manbalardan olingan pul mablag‘lari to‘g‘risidagi axborot har chorakda jamoatchilikka e’lon qilinadi.  

NNTni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etish asoslari yanada aniqlashtirildi (NNTning tashabbuskori, rahbar organi a’zosi terrorchilik faoliyatida yoki ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishda gumon qilinayotgan, talon-toroj qilish, firibgarlik jinoyatini sodir etgan yoxud ekstremistik deb topilgan tashkilotning a’zosi va rahbar organlari a’zosi bo‘lgan shaxs bo‘lsa, tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazish rad etiladi).

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda NNTlarning faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik, jamoatchilik nazoratini amalga oshirish natijalari bo‘yicha tayyorlangan yakuniy hujjatni ko‘rib chiqmaganlik uchun javobgarlik belgilandi.   NNTlarning faoliyatni amalga oshirish tartibini buzganligi uchun javobgarligi qayta ko‘rib chiqildi. 

Jumladan, qonunchiligimizda birinchi marotaba NNTning faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik uchun 2,8 million so‘mdan 6,1 million so‘mgacha jarima belgilandi. Jamoatchilik nazoratini amalga oshirish natijalari bo‘yicha tayyorlangan yakuniy hujjatni belgilangan muddatda ko‘rib chiqmaganlik uchun davlat organlari mansabdor shaxslariga 1,2  million so‘mdan 2 million so‘mgacha jarima belgilandi.          

NNT faoliyatini amalga oshirish tartibini buzish bilan bog‘liq ayrim huquqbuzarliklar uchun jarimalar o‘rtacha chorak qismga kamaytirildi.  

“Homiylik to‘g‘risida”gi qonunda homiylik xayriyalari naqd pul shaklida faqat xayriya qutisi yordamida yig‘ilishi yoki homiylik tashkilotlari, homiylikni amalga oshiruvchi yuridik shaxslarning bank hisobvaraqlariga pul o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshirilishi belgilandi. 

Homiylik xayriyalari mol-mulk shaklida yig‘ilgan taqdirda qabul qilib olingan mol-mulk ro‘yxati shakllantirilib, uning turi, miqdori (hajmi) ko‘rsatilgan holda dalolatnoma tuziladi.

Homiylik oluvchi jismoniy shaxslar homiylik xayriyalarining miqdori va ulardan maqsadli foydalanilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotni ushbu xayriyalarni bergan shaxslarning talabiga ko‘ra taqdim etadi.

Homiylik xayriyalarini yig‘ish jarayonlari boshlanishi va yakuni bo‘yicha OAV, rasmiy veb-saytlar yoki ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarda tegishli ma’lumotlar e’lon qilinadi va soliq hisobotlarida aks ettiriladi.

Jismoniy shaxslar homiylik xayriyalarini naqd pul yoki mol-mulk shaklida faqat o‘zi yoki yaqin qarindoshlari manfaatida yig‘adi, bunda naqd pul faqat ularning bank hisobvaraqlariga yoki shaxsiy bank kartasiga o‘tkaziladi.

Ko‘ngillilar homiylik oluvchilarning manfaatlarini ko‘zlab, homiylik xayriyalarini yig‘ishga faqat e’lon berish orqali ko‘maklashadi. Xayriya qutisi faqat homiylik tashkilotlari, homiylikni amalga oshiruvchi yoki oluvchi yuridik shaxslar tomonidan o‘rnatiladi. Quti shaffof va muhrlangan bo‘ladi, uni ochish va mablag‘larni hisoblab chiqish jarayoni videoyozuvga olinadi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda homiylik to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun 1,2 million so‘mdan 2,8 million so‘mgacha jarima belgilandi. 

“Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonunga mahalliy kengashlar huzuridagi jamoat fondlari Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondiga qo‘shib yuborilib, ularning negizida Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hamda uning hududiy bo‘linmalari tashkil etilishi bilan bog‘liq o‘zgartirishlar kiritildi. 

Qonun fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishga, uning samaradorligini oshirishga, ijtimoiy sheriklik munosabatlarini rivojlantirishga, jamoat fondlari faoliyatidagi ortiqcha byurokratik talablarni bartaraf etishga, shuningdek, homiylik tashkilotlari faoliyatining shaffofligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Norgul Abduraimova, O‘zA

Powered by GSpeech