Bugungi murakkab davrda tinchlik, osoyishtalik, barqaror muhitning nechog‘li bebaho ne’mat ekanini yana bir karra yaqqolroq his etmoqdamiz.
O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari qo‘mitasi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda 25-30 iyul kunlari tashkil etilayotgan “Do‘stlik” festivali o‘z mohiyati va ahamiyatiga ko‘ra yurtimizdagi o‘zaro do‘stlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi bilan diqqatga sazovor.
Mazkur festivalning ahamiyati va mazmun-mohiyati xususida uning ishtirokchilari o‘z fikrlarini bildirdi.
Qahramon SARIEV, O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari qo‘mitasi raisi:
– Ma’lumki, BMTning tegishli rezolyutsiyasi asosida 30 iyul dunyoda “Xalqaro do‘stlik kuni” sifatida nishonlanadi. Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq, 30 iyul sanasi mamlakatimizda “Xalqlar do‘stligi kuni” deb e’lon qilingan. Yurtimizda boshlangan “Do‘stlik” festivali orqali biz o‘zbek xalqining bag‘rikengligi, ahil va hamjihatligini ko‘rsatishga harakat qilayapmiz. Festival O‘zbekistonning barcha hududlari bo‘ylab keng nishonlanadi. Har bir qishloq, mahalla, ovullarda, aholi punktlarida, eng chekka hududlarda ham ushbu tadbirni baland ruhda o‘tkazishga katta e’tibor qaratilmoqda. Shu bilan birga, mazkur festivalda yaqin xorijiy davlatlardagi vatandoshlarimiz ham taklif etilgan. Bu yilgi “Do‘stlik” festivalining dasturi keng va mazmundorligi bilan ajralib turadi.

Guldana Avezdurdiyeva, Respublika Turkman milliy madaniy markazi rahbari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati:
–Ushbu festival biz – Turkman milliy madaniy markazi vakillari uchun ham katta bayramga aylangan. O‘zbekistonda turli millat vakillari kabi bizning ham an’ana va urf-odatlarimizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash borasida keng imkoniyatlar yaratilgan. Agar boshqa davlatlarda 30 iyul – “Xalqaro do‘stlik kuni” sifatida bir kungina nishonlanadigan bo‘lsa, O‘zbekistonda ushbu sana bir hafta, ya’ni “Do‘stlik” festivali sifatida keng nishonlanmoqda. O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘vor bilish bilan birga, turli xalq va elatlarning madaniyati, an’ana va urf-odatlarini izchil rivojlantirishga katta ahamiyat qaratilmoqda. O‘zbekistondagi jahonga namuna bo‘layotgan tinchlik va do‘stlik, hamjihatlik abadiy bo‘lsin!

Mobil Mamedov, Respublika Ozarbayjon milliy madaniyat markazi rahbari:
–To‘rt yil bo‘ldiki, bu festival an’anaviy, juda baland va go‘zal tarzda nishonlanmoqda. “Do‘stlik” festivali biz uchun ham sevimli bayram. Unga katta tayyorgarlik ko‘rildi. An’ana va urf-odatlarimiz mazkur festivalda yanada yorqinroq namoyon bo‘ladi. 26 iyuldan milliy madaniy markazimiz ekspozitsiyasining namoyishi bo‘ladi. Ana shunday betakror festival, ko‘rsatilayotgan e’tibor uchun Prezidentimizga tashakkur bildiramiz.

Rahmatilla Jabborov, O‘zbekistondagi Qirg‘iz milliy madaniy markazi rahbari:
–Dunyoda “xalqlar do‘stligi”, degan tushuncha bo‘lsa-da, lekin O‘zbekistonda tashkil etilayotgan “Do‘stlik” festivali ushbu tushunchaning mohiyatini yanada teranroq ochib berishga xizmat qiladi. Yuqorida ta’kidlanganidek, bu yilgi festivalning ko‘lami, hajmi, miqyosi kengligi e’tiborli. Uning doirasida Qirg‘iz madaniyati kunlari ham o‘tkaziladi. Qirg‘izistonning adiblari, ijodkor ziyolilari bilan uchrashuvlar, mushoiralar, rang-barang va qiziqarli tadbirlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Bir so‘z blan aytganda, “Do‘stlik” festivali O‘zbekistonda do‘stlik, qardoshlik, ahillik, tinchlik va osoyishtalikka eng ulug‘vor qadriyat sifatida e’tibor qaratilayotganini namoyon etuvchi katta bayramdir.
O‘zA muxbiri
Nazokat Usmonova yozib oldi.
- Qo'shildi: 28.07.2025
- Ko'rishlar: 184
- Chop etish