O‘zbekistonning ochiq, amaliy va pragmatik tashqi siyosatining yana bir e’tirofi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Markaziy Osiyo – Rossiya” sammitidagi nutqining ahamiyati haqida Oliy Majlis Senati a’zosi Gulnora Marufova munosabat bildirdi:

– Davlatimiz rahbarining xalqaro maydondagi navbatdagi chiqishi – O‘zbekistonning ochiq, amaliy va pragmatik tashqi siyosatining yana bir bor e’tirofiga sabab bo‘ldi. 

Nutqda asosiy e’tibor natijaga qaratilgan muloqot va amaliy hamkorlikni chuqurlashtirish biz uchun juda dolzarb masala ekani qayd etildi. Chunki mintaqa taraqqiyoti aniq harakatlarimiz orqali ta’minlanadi. Shu nuqtai nazardan, 2027 yilgacha bo‘lgan Qo‘shma harakatlar rejasi va “yo‘l xaritasi” taklifi – mintaqaviy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadi.

Ayniqsa, Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzish g‘oyasi – davlatlarimiz o‘rtasidagi qarorlarning tez va samarali ijrosini ta’minlashda muhim instrument bo‘ladi. Bu, faqat siyosiy muloqot emas, balki aniq natija beradigan tizim yaratish demakdir.

Shu bilan birga, Prezidentimiz onalik va bolalikni muhofaza qilish, mehnat migrantlarini ijtimoiy moslashtirish hamda mintaqaviy turizmni rivojlantirish bo‘yicha takliflarini ham ilgari surdi. Bu masalalar har bir oila, har bir fuqaro hayoti bilan chambarchas bog‘liq. Demak, tashabbuslarimiz nafaqat davlatlararo, balki inson markazidagi siyosatga tayanadi.

Xulosa qilib aytganda, bu nutq – Markaziy Osiyoda hamjihatlik va pragmatik hamkorlik siyosatining mantiqiy davomi bo‘lib, mintaqada tinchlik, barqarorlik va umumiy taraqqiyot uchun mustahkam asos yaratadi.

N.Abduraimova, O‘zA

Powered by GSpeech