Qaror va ijro
Prezidentimizning 2025 yil 8 maydagi “O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazkur yo‘nalishdagi ijtimoiy xizmatlarni takomillashtirishda yangi bosqichni boshlab berdi.

Mazkur hujjat asosida zamonaviy, samarali va insonparvar yondashuvlar joriy etilmoqda. Jumladan, Toshkent viloyatida ham bu boradagi faoliyat e’tiborga loyiq darajada yo‘lga qo‘yilgan. Birgina Ohangaron shahrida o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan, yolg‘iz yashovchi va nogironligi bo‘lgan 103 nafar fuqaro aniqlangan. Ularga manzilli xizmat ko‘rsatish maqsadida joriy yil iyul oyidan boshlab Ohangaron shahar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining 21 nafar ijtimoiy assistenti tomonidan vaucher asosida uy sharoitida ijtimoiy-maishiy yordam ko‘rsatish ishlari yo‘lga qo‘yildi.
Jumladan, ijtimoiy assistentlar tomonidan maishiy yordam ko‘rsatish borasida yordamga muhtoj fuqarolarga ovqat tayyorlash, xonadonni tozalash, kiyim-kechaklarni yuvish, zarur oziq-ovqat mahsulotlari va dori vositalarini olib kelib berish kabi xizmatlar qilinmoqda. Bundan tashqari gigiyenik parvarish, tibbiyot va sport muassasalariga hamrohlik qilish, turli ko‘nikmalarni o‘rgatish (tutoring) kabi xizmatlardan foydalanuvchilar minnatdor bo‘lmoqda.

“Shodlik” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Kim Mariya ushbu xizmatlardan doimiy foydalanuvchilardan biri. Koreys millatiga mansub, yolg‘iz yashovchi bu keksa ayolga haftasiga besh kun davomida ikki soatdan ijtimoiy xizmat ko‘rsatiladi.
– Menga ko‘rsatilayotgan xizmatlardan juda mamnunman. Salomatligim asta-sekin tiklanmoqda. O‘zbekiston xalqining mehr-oqibatini qadrlayman. “Inson qadri – davlat e’tiborida” degan g‘oya hayotimizda o‘z ifodasini topayotganidan xursandman, – deydi Kim Mariya.

Uning hayoti misolida ko‘rish mumkinki, ijtimoiy xizmatlar orqali yoshi katta va nogironligi bor fuqarolarni ijtimoiylashuvga qaytarish, ularning jismoniy va ruhiy salomatligini tiklash imkoniyati yaratilmoqda.
A.Musayev,O‘zA.
- Qo'shildi: 15.07.2025
- Ko'rishlar: 174
- Chop etish