Yangi Toshkentda 20 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Erkin va raqobatbardosh tadbirkorlik muhiti iqtisodiy o‘sishni tezlashtiradi. Shu bois mamlakatimizda tadbirkorlar uchun har tomonlama sharoit yaratish davlat siyosatida ustuvor yo‘nalish sanaladi.

Xalqaro tajribada ham mamlakatning iqtisodiy salohiyati va barqaror rivojlanishi, avvalo, tadbirkorlik faoliyatining qay darajada erkin va samarali tashkil etilganiga bog‘liq. Zamonaviy iqtisodiyotda davlatning asosiy vazifalaridan biri tadbirkorlar uchun qulay muhit yaratish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va to‘siqlarni kamaytirishdan iborat.
Ishbilarmonlik jamiyatda yangi ish o‘rinlari yaratadi, turli sohalarda raqobat muhitini kuchaytiradi, innovatsiyalar va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga turtki bo‘ladi. Tadbirkorning har bir tashabbusi nafaqat uning jamoasi manfaatlari, balki mamlakat iqtisodiy salohiyati uchun ham xizmat qiladi.
Agar mamlakatda tadbirkorlar uchun qulay huquqiy, moliyaviy va infratuzilmaviy sharoitlar yaratilsa, bu jarayon xorijiy sarmoyadorlar uchun ham jozibador muhitni shakllantiradi.
Davlatimiz rahbari tadbirkorlarni kasb bayrami va Mustaqillikning 34 yilligi bilan tabrikladi. Har bir soha, har bir hudud, har bir mahalladagi o‘zgarishlarda ularning hissasi katta ekanini ta’kidladi.
O‘tgan sakkiz yilda iqtisodiyotning ko‘plab tarmoqlari yangidan tashkil etildi. Bu davrda 230 milliard dollar investitsiya kirib keldi, shundan 120 milliard dollardan ortig‘i xorijiy sarmoya. Bu yil birinchi yarim yillikda mamlakatimiz iqtisodiyoti 7,2 foizga o‘sdi.
Biznes yuritishdagi qulayliklar natijasida tadbirkorlar ko‘payib, faoliyati kengayib bormoqda. Masalan, 1 ming 600 ta mikro korxona bir yil ichida aylanmasini 10 milliard so‘mdan oshirib, birdaniga o‘rta korxonaga, 143 tasi esa 100 milliard so‘mdan oshirib, yirik korxonaga aylandi. Yana 122 ta kichik korxona yirik biznes safiga qo‘shildi.
Biznesni “soya”dan chiqarish choralari natijasida 139 mingta korxonada ish o‘rinlari 811 mingtaga ko‘paydi, 273 mingta korxona ish haqi fondini 22 foizga oshirdi. O‘tgan yili xususiy sektorda o‘rtacha oylik 4 million so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, bugungi kunda 5 million so‘mga yaqinlashdi.

Ilk ochiq muloqotdan buyon tadbirkorlarning mingga yaqin tashabbusi qonunchilikka kiritilgani qayd etildi. Bu galgi muloqot beshinchisi bo‘ldi. Unga tayyorgarlik davomida 26 ta sohaning 7 mingga yaqin vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. “Koll-markaz” orqali ham 13 mingdan ziyod murojaat va tashabbuslar qabul qilindi.
O‘tgan haftalarda iqtisodiyotimizning muhim tarmoqlari bo‘lgan meva-sabzavotchilik, to‘qimachilik va yakka tartibdagi tadbirkorlik masalalari muhokama qilinib, ko‘mak choralari belgilangan edi.
Muloqotda davlatimiz rahbari tadbirkorlikning boshqa yo‘nalishlari bo‘yicha ham yangi tashabbuslarni ilgari surdi.
Jumladan, qisqa muddatda va tez daromad beradigan ish o‘rinlari yaratishda eng samarador yo‘nalishlardan biri bo‘lgan xizmatlar sohasi jadal rivojlantiriladi. Turizmni rivojlantirish bo‘yicha yangi dastur boshlanadi. Kelgusi uch yilda mehmonxona va turizm maskanlari tashkil qilish uchun jami 5 ming gektar yer auksionga chiqariladi. Bunda mehmonxona qurmoqchi bo‘lgan tadbirkorlardan yerlarni sotib olish uchun to‘lov undirilmaydi. Evaziga davlat shu summa bilan loyihaga ulushdor bo‘lib kiradi.
Tadbirkorlar 10 yil ichida istalgan paytda bu ulushni qayta sotib olishi mumkin bo‘ladi. Agar tadbirkor yer qiymatini boshida to‘layman desa, 20 foiz chegirma beriladi. Mehmonxona qurish uchun 7 yil muddatga 2 yillik imtiyozli davr bilan kredit ajratiladi.
Ko‘p tadbirkorlar davlat ob’ektlari va xususiy binolarni sotib olib, mehmonxonaga aylantirayapti. Endi yangi mehmonxona uchun ko‘zda tutilgan subsidiya ularga ham beriladi. Toshkent shahri, viloyatlar markazi va yirik sayyohlik hududlaridan boshqa joydagi mehmonxonalar turistik yig‘im to‘lamaydi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, oilaviy mehmon uylari turistlarni qabul qilishi bo‘yicha kunlik me’yor 10 nafardan oshmasligi belgilangan. Endi bu cheklov ikki karraga ko‘paytiriladi.
Prezidentimiz mahalliy mehmonxonalar, oilaviy mehmon uylari o‘rtasida tanlov o‘tkazish taklifini ilgari surdi. Tanlovning mukofot jamg‘armasi 1 million dollar bo‘ladi, sayyohlar e’tiborini qozongan, nufuzli xalqaro platformalarda eng ko‘p ijobiy e’tirof olgan mehmonxonalar har yili taqdirlanadi.
Infratuzilma olib borish orqali yirik turistik maskanlari ko‘paytiriladi. Chortoqdagi Qorabog‘, Farg‘onadagi Chimyon, Boysundagi Omonxona, Nuroboddagi Nurbuloq hududlarida yil davomida xizmat ko‘rsatadigan yirik kurort zonalar tashkil etiladi.
Bu yil 16 ta tumanni jadal rivojlantirishga 1 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirildi. Kelgusida yana 500 million dollar hisobiga boshqa tumanlarda ham shunday ishlar amalga oshiriladi. Bu sanoat, servis, qurilish sohalaridagi tadbirkorlarga katta imkoniyat, yuz minglab ish o‘rinlari yaratish uchun sharoit bo‘ladi.
Biznes vakillarida qo‘shimcha joy olishga ehtiyoj bor. Shu munosabat bilan kelgusi yildan davlat aktivlari besh yilga ijaraga beriladi.
1991 yilda qabul qilingan “Ijara to‘g‘risida”gi qonun asosan davlat organlari manfaatini himoya qilishga qaratilgani qayd etildi. Shu bois ijaraga beruvchi va ijarachi huquqlarini birdek himoya qiladigan yangi tahrirdagi qonun ishlab chiqilishi aytildi.
Muloqotda ta’lim va tibbiyot sohalariga oid imkoniyatlar ham belgilandi.
Xususan, endi bog‘cha qamrovi past bo‘lgan 80 ta tumanda tadbirkorlarga yengillik beriladi. Bog‘cha va maktablarning bo‘sh yerlarida xususiy sheriklik asosida bog‘cha qurishga ruxsat etiladi. Bunda tadbirkorlardan yer uchun ijara haqi 30 yil davomida undirilmaydi. Ularga davlat bog‘chasida har bir bolaga ko‘zda tutilgan xarajatning yarmi subsidiya qilib beriladi. Shuningdek, tashabbuskorlarga imtiyozli kredit ajratiladi. Ularga ijtimoiy soliq 1 foiz bo‘ladi.
Tibbiyot klasterlarini barpo etgan tadbirkorlarga 7 yil muddatga, 3 yil imtiyozli davr bilan 17 foizli arzon kreditlar beriladi.
Prezidentimiz biznesni qo‘llab-quvvatlashning eng muhim instrumenti – moliyaviy xizmatlar ekanini ta’kidladi. Shu bois endi loyihaga soddalashgan tartibda mablag‘ jalb qilish bo‘yicha investitsiya platformasi ishga tushiriladi. Tadbirkorlar ushbu yangi tizim orqali yiliga qo‘shimcha 1 milliard dollar mablag‘ jalb qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Hozir O‘zbekistonda 600 dan ziyod startaplar faoliyat yuritmoqda. Shu yil yetti oyda startaplarga rekord miqdorda – 264 million dollar xorijiy investitsiya kirib keldi.
Buni davom ettirgan holda, yoshlarning mingta startap g‘oyasi tijoratlashtiriladi va shundan 200 tasi xalqaro bozorga olib chiqiladi. Eng ilg‘or texnologiyalar olib kelinib, 100 ta mahalliy startap xalqaro miqyosda jozibador biznesga aylantiriladi. Bunga 100 million dollar beriladi.
Bu yildan boshlab, “Yosh tadbirkorlar” chempionati o‘tkaziladi. Eng yaxshi 100 ta g‘oya tanlab olinib, har bir startap uchun 1 milliard so‘mgacha investitsiya kiritiladi.
Raqamli moliyaviy xizmatlarni ko‘paytirish uchun besh yillik strategiya qabul qilinadi. Bunda yangi ekotizim – “ochiq banking” joriy qilinadi.
Kelgusi yilda banklar tomonidan kichik va o‘rta tadbirkorlikni maqsadli qo‘llab-quvvatlash uchun qulay shartlarda 1 milliard dollar jalb qilinadi. Muqobil skoring modeli ishga tushirilib, kredit berish shartlari osonlashtiriladi.
Uchrashuvda soliq ma’murchiligi masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, yillik aylanmasi 10 milliard so‘mdan oshgan korxonalar foyda solig‘i bo‘yicha avans to‘lagani uchun aylanma mablag‘dan qiyinchilik yuzaga kelmoqda. Shu bois endi bu tartib 20 milliard so‘mdan oshganda qo‘llanishi belgilandi. Natijada 14 mingga yaqin tadbirkor ixtiyorida qo‘shimcha 1 trillion so‘mlik aylanma mablag‘ qoladi.
Aylanma soliqdan qo‘shilgan qiymat solig‘iga o‘tadigan korxonalar bir yil davomida foyda solig‘i to‘lashdan ozod qilinadi, hisobotida xatolik bo‘lsa ham, jarima qo‘llanmaydi, buxgalterlar maoshini 5 million so‘mgacha qismi olti oygacha bunday korxona to‘lagan soliqdan chegirib tashlanadi.
Ikki yil oldin aylanmadan soliq to‘lovchilar buxgalteriyasini soliqchi yuritadigan tizim qilingan edi. Endi kelgusi yildan yer, mol-mulk, ijtimoiy va daromad soliqlari hisobotlarini shakllantirish bo‘yicha tadbirkorlar majburiyati bekor qilinadi. Ushbu hisobotlarni soliqchilarning o‘zi bepul to‘ldirib beradi. Tadbirkorlar esa 5 kunda hisobotga tuzatish kiritishi mumkin bo‘ladi.
Ma’lumki, biznes qonun ustuvor bo‘lgan joyda rivojlanadi. So‘nggi yillarda iqtisodiyotga venchur, bond, kraudfanding, startap kabi zamonaviy investitsiya vositalari ham kirib keldi. Hozir bu munosabatlar o‘nlab hujjatlar bilan tartibga solinadi.
Prezidentimiz bularning hammasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan yagona qonunga birlashtirib, Investitsiya kodeksini qabul qilish tashabbusini ilgari surdi. Bu kodeks investitsiya sohasidagi barcha qoida, kafolat va tartib-taomillarni bir tizimga solib, investitsiyalarni rag‘batlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari yana bir muhim yangilikni e’lon qildi – 2026 yildan “Biznesni 15 daqiqada boshlash” tamoyili yo‘lga qo‘yiladi. Bunda tadbirkorni ro‘yxatdan o‘tkazish vaqtidayoq elektron raqamli imzo beriladi, bankda hisobraqam ochiladi, sohaga mas’ul davlat organlariga xabarnoma jo‘natiladi.
Majburiy sertifikatlanadigan tovarlar ro‘yxati 459 taga qisqartirildi. Ro‘yxat yana 288 taga kamaytiriladi.
Ko‘chat, mineral o‘g‘it, poyabzal, chorva ozuqasi kabi sanitariya, veterinariya, karantin nazoratida bo‘lgan 32 toifadagi mahsulotlar uchun muvofiqlik sertifikati bekor qilinadi.
Umuman, mahsulotlar xavfsizligi va sifatini ta’minlash hamda uni baholash bilan bog‘liq milliy infratuzilma tubdan isloh qilinib, xalqaro standartlarga moslashtiriladi. Bunda, eng avvalo, sertifikatsiya o‘rniga muvofiqlikni deklaratsiyalash amaliyoti keng joriy etiladi.
Texnik jihatdan tartibga solish tizimi butunlay transformatsiya qilinadi. Bundan keyin nazorat ob’ekti tadbirkor emas, balki bevosita mahsulotning o‘zi bo‘ladi.
Muloqotda qayd etilgan imkoniyatlar bugundanoq kuchga kirishi qayd etildi.
Prezidentimiz bular katta marralar ekani, yurtimizdagi bugungi tadbirkorlik ruhi bilan unga erishish mumkinligini ta’kidladi.
Tadbir ochiq muloqot tarzida davom etdi. Markaziy va hududiy studiyalardan qatnashgan tadbirkorlar o‘z fikr va takliflarni bildirdi. Muammolar muhokama qilinib, ular bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 18 avgustdagi farmoniga muvofiq, mamlakatimiz iqtisodiy qudrati va eksport salohiyatini oshirayotgan, aholi bandligi va farovonligini ta’minlash yo‘lida jonbozlik ko‘rsatayotgan bir guruh tadbirkorlar faxriy unvonlar, orden va medallar bilan mukofotlangan edi.
Yangi Toshkentda mazkur mukofotlarni topshirish marosimi bo‘ldi.
– Bugungi marosimda yetakchi tadbirkorlarni, jamiyatimizning eng ilg‘or vakillarini ko‘rib turganimdan xursandman. Bu sohada katta islohotlarni boshlaganimizda iqtisodchilarda ham, tadbirkorlarning o‘zida ham qandaydir qo‘rquv bor edi. Lekin ishonch bilan, shijoat bilan imkoniyat yaratishdan to‘xtamadik. Mutasaddilarni tadbirkorlarni eshitishga majbur qildik. Bu o‘z natijasini berdi, davlat bilan tadbirkorlar o‘rtasida ishonch oshib bordi. Butun jamiyat tadbirkorga do‘st bo‘ldi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yurtimiz tadbirkorlari yangi g‘oya va tashabbuslari bilan barcha tarmoqlarni olg‘a tortayotgani, ular bilan birgalikda katta-katta dasturlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
– Biz tadbirkorlikka sharoit yaratdik, ular davlatga yelkadosh bo‘ldi. O‘tgan 4-5 yilda 7,5 million aholining bandligi ta’minlandi. Bu yilning o‘zida 3 milliondan ziyod ish o‘rni ochildi. Investitsiya va biznes muhitini yaxshilamaganimizda bunday natijalar bo‘larmidi, – deya ta’kidladi Prezident.

Albatta, tadbirkorlarsiz bunga erishib bo‘lmasdi. Bugun iqtisodiyotning turli tarmoqlarida, ayniqsa, qishloqlarda aholini daromadli qilishda ular harakatlantiruvchi kuch bo‘layotir. Yuz minglab yoshlar, xotin-qizlarni kasb-hunarli qilish, tadbirkorlikka o‘rgatish tajribasi ham tadbirkorlar bilan hamkorlik mahsuli.
– Yurtimizda tadbirkor va ishbilarmonlarning yangi avlodi shakllangani – bu bizning katta boyligimiz va yutug‘imiz, – dedi Prezident. – Chunki har bir tadbirkor inson o‘z ortidan o‘nlab odamni ergashtiradi, ularga ish o‘rgatadi, ishli, daromadli qiladi, jamiyat hayotiga yangilik olib kiradi. Sizlarni Yangi O‘zbekiston qahramonlari, desak, arziydi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan shakllangan ezgu an’anaga muvofiq, har yili ilg‘or tadbirkorlar Vatanimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlanib kelmoqda. Bu yil nomzodlarni tanlashda o‘z sohasida barchaga o‘rnak bo‘lib, aniq natijaga erishgan, ishlab chiqarish va eksport orqali hududlar, butun mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgan tadbirkorlarga alohida e’tibor qaratildi.
Marosimda davlatimiz rahbari ushbu mukofotlarni tantanali ravishda topshirdi.
Mukofotlanganlar sohani doimiy qo‘llab-quvvatlayotgani va mehnatlariga yuksak e’tibori uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.
Tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, olimlar, ziyolilar ishtirok etdi.
Shundan so‘ng davlatimiz rahbari Yangi Toshkentdagi bunyodkorlik loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.
Bu shahar qurilishiga 2023 yilda tamal toshi qo‘yilgan edi. Bugunga kelib ilk inshootlar qad ko‘tarib qoldi. Bunyodkorlik uchun Yuqori Chirchiq va O‘rta Chirchiq tumanlaridan 19 ming 700 gektar yer ajratilgan. Loyihaning konsepsiyasi Buyuk Britaniyaning “Cross-works” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan.
Birinchi bosqichda 6 ming gektar maydonda inshootlar qurilib, 600 ming aholi uchun zamonaviy sharoitlar yaratiladi. Loyiha to‘liq yakunlanganida 2 million nafar odam yashaydigan makonga aylanadi.
Bu raqamlar hududdagi bunyodkorlik ko‘lami nechog‘lik katta ekanini ko‘rsatadi. Infratuzilma shunga yarasha sifatli va uzoq muddatli bo‘lishi lozim. Shu bois hozirgi kunda shaharning “tagi” – yerosti muhandislik tarmoqlari qurilmoqda.
Xususan, bir va ikki seksiyali kollektorlar yotqizilyapti. Ular orqali markazlashgan issiqlik va suv quvurlari, elektr energiyasi, telekommunikatsiya kabi barcha muhandislik tarmoqlari yer ostidan o‘tkaziladi. Shuningdek, transportlarning erkin qatnovi uchun tunnellar va yerosti turargohlari barpo etiladi.
Har bir loyihada zamonaviy yondashuv, mukammal yechim va yashillik e’tiborga olinmoqda. Xususan, ekologik toza transport tizimi tashkil etiladi. Metro va elektrobuslar harakati muvofiqlashtiriladi. Piyodalar hamda velosipedchilarning to‘siqsiz va xavfsiz harakatlanishi uchun keng qulaylik yaratiladi.
Hududga 60 dan ortiq davlat idoralari uchun ma’muriy binolar barpo etiladi. Bugungi kunda o‘ndan ortiq vazirlik va idoralar shu yerdagi vaqtincha tashkil etilgan ob’ektlarda faoliyat boshlagan.
Davlatimiz rahbariga yaqin istiqbolda ko‘zda tutilgan loyihalar haqida axborot berildi.
Shaharga ko‘plab mahalliy va xorijiy investorlar qiziqish bildirmoqda. Bugungi kunda auksionda sotilgan 13 ta tijoriy lotlar bo‘yicha 554 million dollarlik investitsiya shartnomalari tuzilgan.

Bu yerda qad rostlaydigan mehmonxona va restoranlar, o‘ziga xos dizayndagi muhtasham binolar tashrif buyuruvchilarga yuqori sifatli xizmat ko‘rsatishi bilan birga shaharni turizm markaziga aylantirishi shubhasiz.
Hududdagi qurilish jarayonida 160 ming nafar aholining bandligi ta’minlanadi. Kelajakda esa shaharda innovatsion texnologiyaga asoslangan, yuqori daromadli yuz minglab doimiy ish o‘rni bo‘ladi. Buning uchun yangi ta’lim va tibbiyot klasterlari, axborot texnologiyalari xizmatlari va texnoparklar tashkil etiladi.
Prezident loyihalarga investitsiyalar jalb etish, dam olish joylari va xizmatlarni qulay yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Ziyodulla JONIBEKOV,
Ikrom AVVALBOEV, O‘zA muxbirlari
- Qo'shildi: 21.08.2025
- Ko'rishlar: 117
- Chop etish