Qirg‘iziston - O‘zbekiston birinchi yuk poyezdi yo‘lga tushdi

Xitoy - Qirg‘iziston - O‘zbekiston multimodal xalqaro yuk tashish yo‘nalishi bo‘yicha birinchi yuk poyezdi 17 iyul kuni Xubey provinsiyasi Uxan shahridagi Uszyashan bekatidan jo‘nadi, deb xabar bermoqda “Sinxua” axborot agentligi.

Oziq-ovqat va boshqa mahsulotlar ortilgan tarkib Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni Qashqar shahriga yetib borgach, konteynerlar yuk mashinalariga o‘tkaziladi va “Irkeshtom” nazorat-o‘tkazish manzili orqali Xitoydan chiqib ketadi. So‘ngra O‘zbekiston poytaxti Toshkentga yetkaziladi.

So‘nggi yillarda Xubey va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi savdo aylanmasi bosqichma-bosqich oshgan. Joriy yil aprel oyida Uxandan Markaziy Osiyoga yuk poyezdi muntazam yo‘nalishga kiritilib, oyiga 440 tagacha standart konteyner va 7500 tonnadan ko‘p yuk tashish imkoni yaratildi.

Ayni payt manfaatdor tomonlar transport tartib-qoidasini osonlashtirish, logistika tarmog‘ini kengaytirish va yuqori samarador xalqaro yo‘laklar yaratish bo‘yicha kelgusi hamkorlik salohiyatini ham o‘rganmoqda.

M.Pirmatova, O‘zA

Powered by GSpeech