Zamonaviy yechimlar asosida yangilanayotgan transport tizimi, yirik sanoat loyihalari xalqimiz turmushini yaxshilashga xizmat qiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 15 oktyabr kuni Toshkent viloyatida yangi xalqaro aeroport loyihasi taqdimoti bilan tanishdi hamda mazkur ulkan majmua qurilishi boshlanishiga bag‘ishlangan marosimda ishtirok etdi.

Izchil taraqqiy etib, ulkan megapolisga aylanayotgan Toshkent shahriga dunyoning turli mintaqalaridan sayyohlaru tadbirkorlar, investoru davlat arboblarining tashrifi ko‘payib bormoqda. Aniq raqamlarda aytadigan bo‘lsak, O‘zbekiston dunyoga keng ochilganidan so‘ng xorijiy sayyohlar soni 3 milliondan 10 millionga oshdi. 2030 yilga borib, 15 millionga yetadi.

Yaxshi qo‘shnichilik aloqalarining tiklangani, chegaralarning ochilgani natijasida odamlar uchun mintaqamiz bo‘ylab bemalol harakat qilish imkoniyati yaratildi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bunyod etilayotgan Yangi Toshkent shahri ham qulay joylashuvi, investitsiya jozibadorligi, yashash uchun barcha sharoitga egaligi bois, g‘oyat gavjum maskanlardan biri bo‘lishi kutilmoqda.

Shunga muvofiq, transport infratuzilmasining barcha yo‘nalishlari mutanosib rivojlantirilmoqda. Ayniqsa, aviatsiya sohasida yangi ekotizimni shakllantirish bo‘yicha keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.

Xususan, hududlardagi 7 ta xalqaro aeroport zamon talablari asosida rekonstruksiya qilinyapti.

Mo‘ynoq, Qo‘qon, Zomin, Shahrisabz, Sariosiyo, So‘x tumanlarida yangi aeroportlar barpo etilib, ularning soni 18 taga yetkazildi.

Eng muhimi, sohada raqobat muhiti yaratilgani sababli 15 ta yangi aviakompaniya paydo bo‘ldi. Ularning aviaparkidagi havo kemalari soni 26 tadan 105 taga yetdi.

Hozirda Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar, Koreya, Xitoy, Hindiston, Malayziya, Turkiya, Rossiya, Polsha kabi davlatlarning 51 ta aviakompaniyasi O‘zbekistonga muntazam qatnovlarni amalga oshirmoqda.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida kelgusida ham transport infratuzilmasi jadal rivojlantirilishini ta’kidladi.

Jumladan, kelgusi besh yilda aviaparkdagi havo kemalari 180 taga, yo‘nalishlar 230 taga, mahalliy va xalqaro aviaqatnovlar soni esa yiliga 200 mingga yetkaziladi. Aeroport infratuzilmasini xususiy sheriklik asosida rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar izchil davom ettiriladi.

– Ushbu islohotlarimizning pirovard natijasida O‘zbekistonni Sharq va G‘arb, Janub va Shimolni bog‘lovchi yirik aviatsiya xabiga aylantirishni maqsad qilganmiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yangi xalqaro aeroport qurilishi bunga katta zamin bo‘lishi qayd etildi.

Tahlillarga ko‘ra so‘nggi sakkiz yilda poytaxtga avia yo‘lovchilar oqimi uch karra oshib, yiliga 9 millionga yetdi. 2040 yilga borib, 24 milliondan oshadi. Lekin yiliga 11 million odamga xizmat ko‘rsatadigan hozirgi aeroport shahar hududida joylashgani uchun uni kengaytirishning imkoniyati yo‘q. Shu bois, sohadagi yetakchi xorijiy ekspertlar va jamoatchilik vakillari bilan muhokama qilinib, O‘rta Chirchiq va Quyi Chirchiq tumanlaridagi 1 ming 300 gektar maydonda yangi xalqaro aeroport barpo etilmoqda.

Saudiya Arabistonining “Vision Invest”, Yaponiyaning “Sojitz” va Koreyaning “Incheon” kompaniyalari ishtirokidagi xalqaro konsorsium bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan loyiha to‘rt bosqichdan iborat bo‘lib, birinchi bosqichda 2,5 milliard dollar evaziga aerovokzal hamda aerodrom quriladi. Bu bilan terminallar orqali yiliga 20 million nafar yo‘lovchi va 129 ming tonna yuk o‘tkazish, soatiga 30 ta uchish-qo‘nish operatsiyalarini bajarish, 14 ta teleskopik traplardan foydalanish hamda bir vaqtning o‘zida 62 ta havo kemasini saqlash imkoniyati yaratiladi.

Ushbu aeroport aviatsiya xizmatlari sifatini oshirish, parvozlar xavfsizligini ta’minlash, texnik jihatdan tartibga solish bo‘yicha Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotining talablariga to‘liq javob beradi.

Eng ilg‘or aeronavigatsiya va parvozlar xavfsizligini ta’minlash tizimlari o‘rnatilib, har qanday ob-havo sharoitida samolyotlarni qabul qilish mumkin bo‘ladi.

Yana bir muhim jihati, bu loyiha “yashil” standart tamoyillariga javob beradigan mintaqadagi birinchi aeroport bo‘ladi. Terminallarda 46 ming kvadrat metrlik “Duty free” zonasi tashkil etiladi.

Yangi aeroportni qurish orqali multimodal transport bog‘lamasi tashkil etiladi. Ushbu hudud Toshkent – Samarqand, Toshkent – Andijon, Toshkent – Bo‘stonliq pullik avtomobil yo‘llariga ulanadi. Bu yerda zamonaviy temir yo‘l stansiyasi qurilib, tezyurar poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Poytaxt va Yangi Toshkent markazlari shattl transport xizmatlari orqali bog‘lanadi.

Eng asosiysi, yangi aeroport iqtisodiy jihatdan ham davlat uchun jozibador bo‘lib, bu loyiha mamlakatimizga 27 milliard dollardan ortiq daromad keltiradi. Yurtimizda xizmat ko‘rsatish, ishlab chiqarish, turizm sohalarining yanada rivojlanishiga, yangi ish o‘rinlarining ochilishiga hissa qo‘shadi.

Davlatimiz rahbari tadbirda ishtirok etayotgan xorijiy hamkorlar, moliya tashkilotlari, turistik kompaniyalar vakillariga minnatdorlik izhor etdi. Yangi aeroportning barpo qilinishida qatnashadigan barcha mutaxassislar, muhandislar va qurilish jamoasiga yuksak ishonch bildirdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yangi Toshkent xalqaro aeroporti poydevoriga kapsula qo‘yib, qurilishini boshlab berdi.

Shu kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida bo‘lib, Shota Rustaveli ko‘chasida amalga oshirilgan rekonstruksiya ishlarini ko‘zdan kechirdi.

Yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish va transportlar harakatiga qulaylik yaratish aholi soni muntazam oshib, hududi kengayib borayotgan Toshkent uchun dolzarb masala. Shu bois, ravon yo‘llar, muazzam ko‘priklar qurilib, mavjudlari zamon talablariga mos ta’mirlanmoqda.

Shota Rustaveli ko‘chasi poytaxtimizning bir necha tumanlarini bog‘lovchi markaziy yo‘ldir. Transportlar harakatiga qulaylik yaratish maqsadida uning Mirobod ko‘chasidan Choshtepa ko‘chasigacha bo‘lgan qariyb 7 kilometr qismi rekonstruksiya qilindi.

Endilikda 10 ta qatnov qismiga bo‘lingan yo‘lning 6 ta tasmasida avtomobillar, maxsus ajratilgan 2 ta yo‘nalishda avtobuslar harakatlanadi.  Qolgan 2 ta yo‘lak esa avtomobillar to‘xtab turishi uchun mo‘ljallangan.

Prezidentimiz davlat va jamoat tashkilotlari vakillari bilan birgalikda avtobusda yurib, qulayliklarni ko‘rdi, yo‘lovchilar bilan samimiy suhbatlashdi.

Ko‘cha o‘rtasida rivojlangan mamlakatlarning ilg‘or tajribasidan kelib chiqib, BRT (Bus Rapid Transit) tizimi asosida ajratilgan avtobus yo‘lagi Toshkent shahrida birinchi bor amaliyotga tatbiq qilindi. Bu jamoat transporti qatnovini tezlashtirib, yo‘lovchilarga qulayliklarni yaxshiladi.

Umumiy qiymati 19,2 million dollarlik ushbu loyiha natijasida yo‘lovchi oqimi soatiga 2 ming 500 dan 6 ming kishiga ortdi. Shuningdek, sutkasiga 40 mingta avtomobil o‘tkazish imkoniyati yaratilib, o‘rtacha tezlik soatiga 23 kilometrdan 30 kilometrga yetkazildi.

Eng muhimi, bu o‘zgarishlar natijasida xavfsizlik darajasi oshib, yo‘l-transport hodisalari kamayadi.

Loyiha doirasida avtobuslar to‘xtashi uchun 21 ta yangi bekat, 463 ta “aqlli” svetofor  o‘rnatildi. Intellektual transport tizimi joriy etildi. Yo‘l bo‘yida avtomobillar to‘xtab turishi uchun ham sharoit inobatga olingan.

Shuningdek, velosiped yo‘laklari, yashil hududlar, sug‘orish va drenaj tizimlari barpo etildi.

Shu yerda Toshkent shahrida alohida ajratilgan avtobus yo‘laklarini uzaytirish, shahar atrofida transport bog‘lamalari tashkil etish loyihalari taqdimot qilindi.

– Agar metro yo‘llari qurmaganimizda, yangi avtobuslar olib kelmaganimizda bugun Toshkentda transport qatnovi qiyin bo‘lardi. Shuning uchun odamlarni rozi qilish nuqtai nazaridan yo‘llarni to‘g‘rilayapmiz, jamoat transportini rivojlantiryapmiz. Bunday ishlarni barcha shaharlarimizda davom ettiramiz, – dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari mutasaddilarga jamoat transporti uchun qulayliklarni oshirib, tirbandlikni kamaytirish, shaharni Yangi Toshkent bilan samarali bog‘lash borasida topshiriqlar berdi.

Shota Rustaveli ko‘chasining yangi qiyofasi nafaqat poytaxt ko‘rkini oshirdi, balki Toshkentning zamonaviy va intellektual transport tizimiga qadam qo‘yganini namoyon etadi.

Davlatimiz rahbari poytaxtimizning Yangihayot tumanidagi “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasidagi alyumin qadoq ishlab chiqarish, salqin ichimliklar quyish korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda sanoatlashtirish siyosati yangi bosqichga ko‘tarildi. O‘ziga xos ishlab chiqarish quvvati va xalqaro texnologik standartlar asosidagi iqtisodiy o‘sish modeli shakllandi.

“Yangi avlod” maxsus sanoat zonasi Prezidentimizning 2024 yil 20 martdagi tegishli qaroriga asosan tashkil etilgan. U zamonaviy ishlab chiqarish infratuzilmasi, qulay logistika imkoniyatlari va investorlar uchun yaratilgan keng imtiyozlari bilan ajralib turadi.

Hududdagi istiqbolli loyihalardan biri “East Can Solutions” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Bu yerda alyumin qadoq ishlab chiqarish va salqin ichimliklar quyish majmuasi tashkil etildi.

Prezidentimiz loyihaning istiqboli, u yerda tayyorlanayotgan mahsulotlar ko‘rgazmasi bilan tanishdi. Shu yerda loyihaga rasman start berildi.

Korxona 21 gektar hududda joylashgan. Qiymati 90 million dollar bo‘lgan ushbu loyiha asosan xorijiy investitsiyalar hisobiga moliyalashtirilmoqda.

Markaziy Osiyodagi sanoqli korxonalar sirasiga kiruvchi bu majmua AQSH, Buyuk Britaniya, Italiya va Germaniyada ishlab chiqarilgan zamonaviy uskunalar bilan jihozlandi. Ishlab chiqarish jarayoni esa to‘liq raqamlashtirilgan.

Korxona quvvati bosqichma-bosqich oshirib boriladi. Ilk bosqichda yiliga 600 million dona, keyingi bosqichlarda esa 1,1 milliard va 2,2 milliard dona alyumin qadoq mahsulotlari ishlab chiqariladi. Bu ko‘rsatkichlar nafaqat ichki bozor ehtiyojini qondirish, balki mintaqaviy miqyosda raqobatbardosh mahsulot eksport qilish imkonini ham yaratadi.

Loyihaning ishga tushishi natijasida 60 million dollarlik import o‘rni qoplanib, 20 million dollarlik eksport imkoniyati yaratiladi.

Mahalliylashtirish darajasi 90 foizga yetkaziladi. E’tiborlisi, korxonadagi barcha loyihalar to‘liq ishga tushishi bilan 500 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Byudjet uchun esa  salmoqli soliq tushumlari ta’minlanadi.

Prezidentga shu yerda “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasida amalga oshirilayotgan ishlarning borishi haqida axborot berildi.

Mas’ullar sanoat zonasining umumiy rivojlanish strategiyasi, mahalliylashtirish, raqamlashtirish va energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha qilingan ishlar xaqida ma’lumot berdi.

Bu yerda oziq-ovqat, elektrotexnika, mashinasozlik, kimyo va qurilish materiallari yo‘nalishlarida jami 1 milliard 200 million dollarlik 58 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbariga ularning 28 tasi taqdimot qilindi. Yaqin istiqbolda amalga oshadigan ushbu tashabbuslar  natijasida 7 ming 600 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Ular nafaqat iqtisodiy samara, balki yangi ish o‘rinlari, eksport salohiyati va mahalliy ishlab chiqarish tarmoqlarini rivojlantirish orqali ijtimoiy barqarorlikka ham xizmat qilishi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari “Anglesey Food” mas’uliyati cheklangan jamiyatining mahsulotlarni saqlash va taqsimlash markazi faoliyatini ham borib ko‘rdi.

“Yangi avlod” maxsus sanoat zonasi hududida tashkil etilgan mazkur korxona “Korzinka” do‘konlar tarmog‘i uchun mahsulotlarni saqlash, saralash va qadoqlash xizmatlarini ko‘rsatadi.

Korxona 10 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, 49 ming kvadrat metr hududiga ombor joylashtirilgan. Qurilish materiallari va muzlatkich kameralar uchun jihozlar Xitoy, Turkiya, Belarus va Rossiya davlatlaridan olib kelingan, barchasi “EDGE Advanced” xalqaro sertifikatiga ega.

Ushbu loyiha Markaziy Osiyodagi “A” sinfiga kiruvchi eng yirik taqsimot markazi hisoblanadi. Bir vaqtning o‘zida 145 ta darvozada tekislovchi moslamalar yuklash hamda yukni tushirish imkoniga ega.

Markazda 4 xil haroratli hudud mavjud. Shu bois, mahsulotlar turiga qarab muzlatkichda, past haroratli sovutish kameralarida hamda quruq joyda saqlanadi.

Shuningdek, markazda tunu kun ishlovchi 96 ta sinov usuliga ega maxsus laboratoriya barpo etiladi. 1 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Tanishuv yakunida bo‘lib o‘tgan jamoatchilik vakillari bilan muloqotda oqilona iqtisodiy siyosat va investorlarning bunga ishonchi haqida so‘z yuritildi.

– So‘nggi sakkiz yilda 130 milliard dollarlik xorijiy investitsiya kirib keldi, bu qanchadan-qancha zavod va korxonalarga aylandi. Bugun ham yana bir katta loyiha – yangi xalqaro aeroport qurilishini boshladik. Unga Saudiya Arabistoni, Yaponiya, Koreya investitsiya kirityapti. Bu o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Bu – mamlakatimiz kelajagiga bo‘lgan katta ishonch belgisi, – deya ta’kidladi Prezidentimiz.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanidagi “TST Rice” sholichilik klasteri faoliyati bilan ham tanishdi.

Ushbu mas’uliyati cheklangan jamiyatda sholi yetishtirish va uni chuqur qayta ishlash bo‘yicha to‘liq sanoat zanjiri yaratilgan.

Aytish joizki, ilgari sholikorlar faoliyati tarqoq bo‘lgani uchun tuzuk daromad ololmasdi. Ayniqsa, sholini qayta ishlashda ko‘plab muammolarga duch kelinardi. Keyingi yillarda alohida e’tibor tufayli sohada sifat o‘zgarishlari boshlandi, samaradorlik oshdi.

Bugungi kunda Toshkent viloyatida ham sholichilik tarmog‘ida muayyan yutuqlarga erishilmoqda.

Viloyatda joriy yil hosili uchun 8,7 ming gektar sholi ekildi. Suv tejovchi texnologiyalar uchun 3 ming gektar yer lazerli tekislandi. Natijada viloyat bo‘yicha 60 million metr kub suv tejaldi, 522 tonna urug‘lik sarfi kamaydi.

Jumladan, “TCT Rice” klasteri tomonidan 2 ming gektardan ziyod maydonda “Iskandar”, “Guliston”, “Nukus” navlari ekilib, parvarishlandi.

Bugungi kunda 985 gektar maydonda sholi yig‘ib olinib, gektariga o‘rtacha 65-70 sentnerdan, ayrim dalalarda 80-85 sentnerdan hosil olindi.

Davlatimiz rahbari shu yerda fermerlar, qishloq xo‘jaligi faxriylari bilan muloqot qildi. Ular hosildor navlar va yangicha agrotexnologiyalar tufayli mehnatdan manfaatdorlik oshib borayotganini aytdi.

– Bugun hamma sohada ilmga, innovatsiyaga, ilg‘or texnologiyalarga tayanyapmiz. Qishloq xo‘jaligida ham bozor tamoyillarini joriy etib, daromadni oshirmaganimizda bugungidek hosildorlik bo‘lmasdi. So‘nggi vaqtlarda tabiat o‘zgarib, suv taqchilligi ortmoqda. Endi mirishkorlar bunga moslashib ishlashi, tomchilatib sug‘orish, suvdan tejab foydalanishni o‘rganishi kerak, – dedi Prezident.

Sohadagi xorijiy tajribalarni o‘rganish, ilm bilan mehnat unumdorligini oshirish muhim ekani ta’kidlandi. Mutasaddilarga hosildor navlarni ko‘paytirish, qayta ishlashni kuchaytirish, suv tejovchi texnologiyalardan samarali foydalanish, yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Ziyodulla JONIBEKOV,

Ikrom AVVALBOEV, Abdulaziz MUSAEV,

Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA muxbirlari

Powered by GSpeech