Joriy yil 18 iyun kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi (PMEF) doirasida, an’anaga ko‘ra, dunyoning yetakchi axborot agentliklari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
“Rossiya axborot-telegraf agentligi (ITAR-TASS)” Federal davlat unitar korxonasi ko‘magida bu yil to‘qqizinchi bor uyushtirilgan, ikki soatga yaqin davom etgan mazkur muloqotda “Reuters”, “Deutsche Press Agyentur”, EFE, “Sinxua”, “Associated Press”, “Anadolu”, “France Press” singari mashhur media birlashmalari rahbarlari qatorida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov ham qatnashdi.

Kutilganidek, yetakchi xorijiy davlatlar OAV vakillari ishtirokida kechgan suhbatda Rossiya – Ukraina nizosi, NATOning bugungi harakatlari, Yaqin Sharq mojarosi, ayniqsa Eron – Isroil ziddiyati, AQSHning dunyo siyosatiga ta’siri kabi muhim mavzular tilga olingan.
Xususan, O‘zA rahbari Putinga murojaat qilarkan, keyingi vaqtda xalqaro jamoatchilik muhokamasidan tushmay kelayotgan masala – RF hukumati olib borayotgan migratsiya siyosatini takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar tufayli yuzaga kelgan ayrim anglashilmovchiliklarga e’tibor qaratdi.
RF yetakchisi ushbu savolga javob berarkan, haqiqatan migrantlar bilan bog‘liq, ijtimoiy xususiyatga ega yoki mehnat bozoriga doir ba’zi muammolar mavjudligini inkor etmagan holda, aynan “O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Miromonovich bilan bu masalada birgalikda ish olib borilayotgani, muammolar albatta bartaraf etilishi”ni ta’killadi.

Abdusaid Ko‘chimov Vladimir Putin bilan muloqoti davomida ushbu muhim masala bo‘yicha muayyan takliflarni ham ilgari surdi. Masalan, ikki davlat yoshlarining barqaror umumiy kelajagini qurish uchun keng ko‘lamli, uzoq muddatga mo‘ljallangan maxsus dasturlar ishlab chiqish va ishga tushirish lozimligini bildirdi.
O‘z navbatida, Rossiya rahbari mamlakatimiz vakilining fikrini to‘liq ma’qullab, bu borada izchil ish olib borilishi, masalan RFda ishlash istagida bo‘lgan yoshlarni alohida tayyorlash tizimini yaratish ko‘zda tutilganiga urg‘u berdi. V.Putin shu o‘rinda O‘zbekiston Prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyevaning yaqinda Moskvaga amalga oshirgan tashrifiga ham to‘xtaldi.
Binobarin, mazkur tashrif chog‘ida, RF Hukumati va Prezident Administratsiyasi mas’ullari bilan uchrashuvlar davomida davlatimiz rahbari topshirig‘iga binoan yoshlar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish, ayni yo‘nalishni faol ilgari surishga jiddiy e’tibor qaratilgan.
O‘zA
- Qo'shildi: 20.06.2025
- Ko'rishlar: 124
- Chop etish