Tashkilotga a’zo davlatlar AQSh va Isroilning Eronga hujumlarini qoralab, Germaniya, Fransiya va Britaniyaning Tehronga qarshi sanksiyalarni tiklash tashabbusini noqonuniy deb atadi. A’zo davlatlar xavfsizligiga tahdidlar bilan shug‘ullanuvchi markaz tashkil etilmoqda. Tashkilotga yangi a’zolar qabul qilinmadi, rasmiy hamkorlar qatoriga Laos qo‘shildi.
Shanhay Hamkorlik Tashkiloti sammiti doirasida qator hujjatlar, xususan Tianjin deklaratsiyasi qabul qilindi.
Ushbu deklaratsiya bilan, tashkilotga a’zo-davlatlar:
- AQSh va Isroil tomonidan Eronga qilingan hujumlarni qoraladi, yadroviy inshootlarga zarar yetkazilishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidladi;
- terrorizmning barcha ko‘rinishlarini keskin qoralab, unga qarshi kurashda ikki xil standartlar bo‘lmasligi kerakligini bildirdi;
- xalqaro hamjamiyatning Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatishga qaratilgan tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini tasdiqladi;
- sun’iy intellektning rivojlanishi natijasida yuzaga keladigan xavfsizlik xatarlarini minimallashtirish uchun birgalikda ishlash niyatini e’lon qildi;
- yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomaning barcha qoidalariga qat’iy va izchil rioya qilish tarafdori ekanini urg‘uladi;
- harbiy sohadagi hamkorlikni chuqurlashtirishga tayyor ekanliklarini bildirdi;
- har bir davlatning internetni tartibga solish va o‘z milliy segmentini davlat chegaralarida suveren boshqarish huquqini qo‘llab-quvvatladi;
- giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlikni faollashtirish muhimligini ta’kidladi;
- kosmosni har qanday turdagi qurollarni joylashtirishdan xoli hudud sifatida saqlab qolishga chaqirdi;
- “Yevrouchlik” tomonidan BMT Xavfsizlik Kengashining Eronga qarshi sanksiyalarini tiklash tashabbusini rad etib, uning noqonuniy ekanini qayd etdi.
Laos Xalq-Demokratik Respublikasiga ShHTning muloqot bo‘yicha hamkori maqomi berildi.
ShHTda Aksilnarkotik markaz tashkil etiladi. Bu borada ShHTga a’zo davlatlar o‘rtasida shartnoma imzolandi.
Shuningdek, davlat rahbarlari ShHTga a’zo davlatlarning xavfsizligiga chaqiriqlar va tahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha universal markaz haqidagi shartnomani ham imzoladi.
ShHT – Mustaqil Davlat Hamdo‘stligi tashkilotida kuzatuvchi maqomini oladi.
Keyingi davr uchun ShHTga raislik Qirg‘izistonga o‘tadi. 2025-2026 yillarda Cho‘lponota shahri tashkilotning turistik va madaniy poytaxti deb e’lon qilindi.
Ma’lumot uchun, Shanhay Hamkorlik Tashkilotiga quyidagilar davlat a’zo: Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Hindiston, Pokiston, Eron, Belarus.
Kun.uz
- Qo'shildi: 02.09.2025
- Ko'rishlar: 249
- Chop etish