Aholiga munosib turmush sharoitlari yaratish – davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishi

Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi hayoti, hududlarning iqtisodiy rivoji va yangi loyihalar bilan tanishish maqsadida 18 iyun kuni Toshkent viloyatining Parkent tumaniga tashrif buyurdi va «Toshkent-Sharqiy» aeroporti qurilishini ko‘zdan kechirdi.

Mamlakatning barqaror rivojlanishi va uning xalqaro jozibadorligi oshishi bilan tashqi iqtisodiy aloqalar faollashib, investitsiyalar oqimi ko‘paymoqda. Bunday sharoitda O‘zbekistonda transport infratuzilmasining barcha yo‘nalishlarini modernizatsiya qilishga o‘sishning asosiy omili sifatida ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

Ana shunday strategik loyihalardan biri "Toshkent-Sharqiy" aeroportini rekonstruksiya qilishdir. U yuqori xalqaro standartlarga javob beradigan tez, xavfsiz va qulay qatnovlarni ta’minlash, shuningdek, poytaxtning asosiy xalqaro aeroportiga yuklamani yengillashtirishga mo‘ljallangan.

Avvalo, 4 kilometr uzunlikdagi uchish-qo‘nish yo‘lagi yangilanib, eng og‘ir samolyotlarni ham qabul qilish quvvatiga ega bo‘ldi.

Hozirgi kunda yuqori martabali mehmonlar hamda biznes-aviatsiya uchun 2 ta terminal, perron va angarlar barpo etilmoqda. Aeroport noqulay ob-havo sharoitlarida ham uchish-qo‘nishni ta’minlovchi ICAO III-A toifasidagi ilg‘or radiotexnika va meteorologiya uskunalari bilan jihozlanadi. Yopiq angarlarda samolyotlar soz va xavfsiz saqlanishi uchun zamonaviy sharoitlar ta’minlanadi.

Mazkur aeroport qulay joylashuvi tufayli poytaxt va Yangi Toshkent shahri uchun muhim transport xabiga aylanadi, shuningdek, Toshkent viloyatida turizmni rivojlantirish uchun qo‘shimcha rag‘bat bo‘lib xizmat qiladi. Eng muhimi, xalqaro tashriflar va ishbilarmonlik safarlarini amalga oshirish imkoniyatlari kengayadi, xorijiy investorlarni qabul qilish uchun sharoitlar yaxshilanadi. Natijada iqtisodiy faollik oshadi, xizmat ko‘rsatish sohasi rivojlanadi, yangi ish o‘rinlari yaratiladi, mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligi sezilarli darajada oshadi.

Davlatimiz rahbari loyihaning texnik xususiyatlari, terminallarning arxitekturaviy yechimi bilan tanishib, qurilish ishlarini jadallashtirish, servis darajasini oshirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Parkent tumaniga tashrifini dastlabki manzili “Parkentsoy” turar joy massivi bo‘ldi.

Hududlarni “o‘sish nuqtalari”ga tayanib rivojlantirish, aholiga munosib turmush sharoitlari yaratish – davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishi. Bunday o‘zgarishlar Parkent tumanida ham namoyon.

Tuman markazidan oqib o‘tuvchi Parkentsoy qirg‘og‘ida qurilayotgan ushbu massivni ekoshahar deyish mumkin. Uning umumiy maydoni olti gektar bo‘lib, jami 5 ming 200 xonadonli 125 ta ko‘p qavatli turar joy quriladi. Ular barcha zamonaviy kommunal tarmoqlar, energiya tejamkor texnologiyalar bilan ta’minlanadi. Jumladan, uylar tepasiga geokollektorlar o‘rnatilib, suv isitishda foydalaniladi.

Aholi nisbatan zich yashaydigan hududlar uchun bunday massivlar muhim ijtimoiy ahamiyatga ega. Uylarning shinamligi va tannarxi xalqimizga mos. Bu ayrim mahallalarda bir hovlida qisilishib yashayotgan oilalar uchun ayni muddao bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari mazkur yangi xonadonlardagi sharoitlarni kirib ko‘rdi.

Bu yerda, shuningdek, ikkita maktab, sakkizta bog‘cha, bolalar maydonchalari, 10 gektarlik park, sun’iy ko‘l, sayilgoh va veloyo‘laklar barpo qilinadi. 17 kilometr ichki yo‘llar ta’mirlanadi.

Massiv nafaqat obod turmush uchun, balki tadbirkorlik uchun ham sharoit yaratadi. Bu yerda 58 ta noturar bino qad rostlaydi. Ularda savdo va xizmat korxonalari joylashib, 700 dan ortiq ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Davlatimiz rahbari shu yerda tumanni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

Bu boradagi muhim loyiha – “Baytqo‘rg‘on – Parkent” elektrlashtirilgan temir yo‘li. Hozirda uning qurilishi jadal ketmoqda. Qariyb 24 kilometrlik bu yo‘l foydalanishga topshirilgach, Parkentdan poytaxtimizga borish uchun katta qulaylik yaratiladi,   tumanning xushmanzara go‘shalariga sayohatga kelish osonlashadi. Unda kuniga 275 ming nafargacha yo‘lovchi tashilishi hisob-kitob qilingan. Umuman, buning natijasida qatnov va tadbirkorlik faollashib, Parkent iqtisodiyotining sur’ati jadal oshadi. 

Parkentsoyni tartibga keltirish, qirg‘oqlarini mustahkamlash bo‘yicha ham ish olib borilmoqda. Birinchi bosqichda soyning 4 kilometr qismi to‘liq betonlashtirildi. Bu yangi bunyodkorliklarga yo‘l ochdi. Xususan, soy bo‘ylab qariyb besh kilometrlik yangi yo‘l qurildi. U hozir tuman markazidan o‘tgan asosiy ko‘chaga yondosh bo‘lib, bir kecha-kunduzda 10 ming avtomobilni o‘tkazish quvvatiga ega. Bu transportlar  yuklamasining bir qismini o‘ziga olib, markazda tirbandlikni kamaytiradi. Shuningdek, piyodalar yo‘lakchasi, yo‘l o‘tkazgich va ko‘prik barpo etilgan.

Endi, ikkinchi bosqichda Kumushkongacha bo‘lgan o‘zanlar tartibga keltirilib, ochiladigan 100 gektar yerda turizm ob’ektlari tashkil etish rejalashtirilgan.

Prezidentimiz shu yerda parkentlik faollar bilan suhbatlashdi.

– Bizning eng katta boyligimiz yurtimiz tinchligi, xalqimizning osoyishtaligi. Tinchlik barqaror bo‘lsa, mana shunday bunyodkorlik bo‘ladi, rejalar amalga oshadi. Davlat tashkilotlarini safarbar qilib, imkoniyatlarni yuzaga chiqarib, hamma hududlarni rivojlantirishga harakat qilayapmiz. Parkentga ham istiqlol shabadasi, islohotlar natijasi yetib kelganini ko‘rib, xursand bo‘ldim. Xalqimiz mana shunday farovon sharoitda yashashga munosib, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Nuroniylar tuman rivoji uchun yaratilayotgan ulkan imkoniyatlar, aholi hayotida bo‘layotgan o‘zgarishlar, mehnatidan baxt topayotgan insonlar haqida so‘zladi.

Davlatimiz rahbari Parkent tumanidagi Kumushkon mahallasida bo‘lib, sayyohlik salohiyati va mehmon uylarini ko‘zdan kechirdi.

Bu sohaga ko‘plab imtiyozlar berilib, tashabbuslar qo‘llab-quvvatlanmoqda. Turizm qishloqlarida zarur infratuzilma tashkil etilyapti. Bu imkoniyatlardan foydalanib, xonadonida mehmon uyi ochganlar talaygina.

Oxirgi yillarda Kumushkonga sayyohlar kelishi ko‘paygan. Bugungi kunda saksondan ortiq xonadonda mehmonxona tashkil etilgan. Ularda yiliga 172 ming nafar sayyohga xizmat ko‘rsatilmoqda.

Shunday tadbirkorlardan biri Olim Yusupov soy bo‘yidagi hovlisida 48 o‘rinli mehmon uyi ochgan. Xonalar milliy uslubda, shinam qilib jihozlangan. Mehmon uyi yiliga 2 mingdan ziyod sayyohga xizmat ko‘rsatadi.

Prezidentimiz bu yerdagi obodlik va omilkorlikni ko‘rib, shunday loyihalarni boshqa so‘lim maskanlarda ham tashkil etish kerakligini ta’kidladi. Tadbirkorlarga zarur mablag‘ ajratib, qo‘shimcha xizmatlar tashkil etishiga ko‘maklashish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatma berdi. Mahallalarda ichki imkoniyatlarni yuzaga chiqarish aholini band qilishda katta manba ekani qayd etildi.

Bu joylarga sayyohlar so‘lim manzaralardan bahramand bo‘lish uchun keladi. Shuningdek, Masjidali ziyoratgohi ham diqqatga sazovor joylardan biri.

Toshkent viloyatida mingga yaqin shunday mehmon uylari bor. Ularda 2 ming 500 ta ish o‘rni yaratilgan.

Prezidentimiz Parkent tumanidagi intensiv bog‘da sarxil mevalar hosilini ko‘zdan kechirdi.

“Meridian Tempo” korxonasiga qarashli ushbu 54 gektar bog‘da gilos, olma, nok va malinaning eksportbop navlari ekilgan. Ko‘chatlar Fransiya va Ispaniyadan keltirilgan. Daraxtlar o‘zini o‘zi changlatish xususiyatiga ega. Bu hosildorlik yuqori bo‘lishida muhim o‘rin tutadi.

Zamonaviy agrotexnologik tizimlar orqali bog‘da to‘liq tomchilatib sug‘orish joriy etilgan. Avval suv maxsus havzada to‘planadi va tabiiy nishablik orqali sug‘oriladi. Bunga energiya sarflanmay, natijada xarajat va mahsulot tannarxi kamayadi. Shuningdek, bog‘da quyosh panellari o‘rnatilgan.

Pishib yetilgan mevalar eksportga yo‘naltirilmoqda. Bu yil 256 tonna gilos, 500 tonna olma, 480 tonna nok, 30 tonna malina yetishtirilishi mo‘ljallangan. Eng muhimi, bundan keladigan daromad boshqa an’anaviy o‘simliklarga nisbatan bir necha barobar yuqori.

Prezidentimiz mutasaddilarga bu usulni ommalashtirish, mevalarni parvarishlash va qadoqlash bo‘yicha chet el tajribasini joriy etish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

Davlatimiz rahbari Parkent tumaniga tashrif davomida “Oltin bel” cho‘qqisidagi dam olish maskani va yangi loyihalar bilan tanishdi.

Xushmanzara tog‘ bag‘ridagi 3 gektar joyda qurilgan ushbu mehmonxonalar ixchamligi va hamyonbopligi bilan ajralib turadi. Hozirda jami 188 o‘rinli 2 ta mehmonxona, kapsula shaklidagi uylar, restoran va xo‘jalik binolari barpo etilgan. Keyingi bosqichda yana 20 ta shunday uy qurilishi mo‘ljallangan.

Shavkat Mirziyoyev mehmonxonada yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.

Umuman, hududda turizmni rivojlantirish maqsadida qiymati 1 milliard 800 million dollar bo‘lgan 52 ta loyiha amalga oshiriladi. Natijada 3 ming 300 ta ish o‘rni yaratiladi va 1 million nafar sayyohga xizmat ko‘rsatiladi.

Parkentning qorli tog‘lari yana bir ulkan loyihani amalga oshirish imkonini bermoqda. Bu yerda Avstriya kompaniyasi tomonidan 1 ming 200 gektarda tog‘-chang‘i kurorti qurish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbariga ushbu loyiha haqida axborot berildi. Uning doirasida 3,4 va 5 yulduzli mehmonxonalar, chang‘i uchish va osma dor yo‘li, shalelar, piknik maydoni, restoranlar, sog‘lomlashtirish xizmatlari tashkil etiladi.

Loyiha uch bosqichda amalga oshiriladi va to‘liq quvvatda kuniga 15 ming nafar sayyohni qabul qilish imkoniga ega bo‘ladi. 600 ga yaqin servis majmualari tashkil etiladi. Mavsumiy xizmatlar bilan birga 10 mingga yaqin ish o‘rni yaratiladi. Umuman, bu maskan, Bo‘stonliqdagi “Amirsoy” kurorti kabi, Toshkent viloyatining yirik turizm manzillaridan biriga aylanadi.

Mutaxassislar bilan muloqotda loyihani takomillashtirish,  xizmatlar qamrovini kengaytirish va qurilishni tezlashtirish tadbirlari yuzasidan fikr almashildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Parkent tumanidagi “Batu Eksport” korxonasini borib ko‘rdi.

15 million dollarlik investitsiya hisobidan tashkil etilgan mazkur zamonaviy loyiha doirasida yiliga 5 ming tonna meva-sabzavot qayta ishlanadi. Toshkent viloyatidan tashqari Samarqand va Farg‘onadan ham mahsulotlar keltiriladi.

Korxonaga Yaponiya, Germaniya, Belgiya, Xitoyda ishlab chiqarilgan zamonaviy uskunalar o‘rnatilgan. Bu mahsulot sifati va raqobatbardoshligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Korxonada 180 ta doimiy ish o‘rni yaratilgan, ular o‘rtacha 7 million so‘mgacha oylik maosh olyapti.

Bu yerda tayyorlangan mahsulotlar Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Yevropa va MDH mamlakatlariga eksport qilinadi.

Davlatimiz rahbari korxonadagi ish jarayonini ko‘zdan kechirib, xodimlar bilan suhbatlashdi.

– Meva-sabzavotchilikda Parkentning imkoniyatlari katta. Texnologiya olib kelib, jahon bozoriga sarxil va qurutilgan mevalarni eksport qilish salohiyatimiz bor. Birgina Yaponiyani olsak, O‘zbekiston mahsulotlariga qiziqish yuqori. Faqat mevalarni yaxshi parvarishlab, sifatli yetkazib berish zarur. Bunday korxonalarni rivojlantirsak, shu tarmoqning o‘zidan bir necha milliard dollar daromad olish mumkin, – dedi Prezident.

Shu yerda Toshkent viloyatining eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ko‘zdan kechirildi. O‘tgan yili viloyatdan 130 million dollarlik meva-sabzavot mahsulotlari eksport qilingan. Lekin hudud tabiati va salohiyatiga nisbatan bu kam.

Sohada eksport qiluvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 7 turdagi moliyaviy yordam va 3 xil soliq imtiyozlari hamda preferensiyalar joriy etilgan. Toshkent viloyatida meva-sabzavotni qayta ishlovchi 175 ta korxona bo‘lib, qayta ishlash darajasi yil sayin ortmoqda. Joriy yilda eksport ko‘rsatkichini jadal oshirish rejalashtirilgan.

Ziyodulla JONIBEKOV,

Behruz XUDOYBERDIEV,

Abdulaziz MUSAEV, O‘zA muxbirlari

Powered by GSpeech