Sud sohasida tom ma’nodagi ochiqlik, xalqchillik, muhimi, adolat qaror topadi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi nafaqat yurtdoshlarimiz, balki xorijiy miqyosda katta e’tibor bilan kutib olindi.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti dotsenti Zarina Isroilova Murojaatnomada o‘z ifodasini topgan sud-huquq sohasiga oid o‘zgarishlar haqda fikr bildirdi:
– Inson huquq va erkinliklari himoyasini ta’minlash davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishi bo‘lib kelgan. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning ushbu sohaga doimiy e’tibori natijasida sud tizimida, huquqni muhofaza qiluvchi organlarda inson manfaatiga xizmat qilayotgan muhim o‘zgarishlar amalga oshirildi.
Birgina sud tizimida “Inson qadri uchun” g‘oyasi asosida chinakam adolatli tizimni shakllantirishga e’tibor qaratildi. Natijada sud faoliyati xalq manfaati va inson qadr-qimmatini samarali himoya qilishga yo‘naltirildi.
Sudlar faoliyatini to‘liq raqamlashtirish, sud qarorlarining qat’iy ijrosini ta’minlash, “Yangi O‘zbekistonda – yangi sud” tamoyili doirasida aholining odil sudlovga erishish imkoniyatlari yanada kengaytirilmoqda. Sohaga ilg‘or xalqaro mezonlarni joriy etish choralari ko‘rilmoqda.
Murojaatnomada ham zamonaviy davlat boshqaruvi va adolatli sud-huquq tizimi borasidagi islohotlar davom ettirilishi alohida qayd etildi.
“Sud-huquq tizimini xalqqa yaqinlashtirishga qaratilgan ishlarimizni izchil davom ettiramiz. Biz odil sudlov jarayonini “raqamli sud” konsepsiyasi asosida tashkil etishni boshladik. Endi tergovni ham raqamlashtirish orqali inson huquqlari himoyasini kuchaytiramiz. Bunda jinoyat haqidagi arizani qabul qilishdan boshlab, ishni sudga o‘tkazishgacha bo‘lgan bosqichlarga sun’iy intellekt texnologiyalari joriy etiladi va inson omili qisqartiriladi”, dedi Davlatimiz rahbari.
Bu keng miqyosli ochiqlik tergov sohasiga ham kirib borishini anglatadi. Ochiqlik bor joyda esa, o‘z-o‘zidan qonunbuzarlik barham topadi. Aholining adolatga erishish darajasi oshadi.
Yurtimizda tergov sudyalari ish boshlagani – xalqaro tan olingan “Xabeas korpus” institutini qo‘llashning navbatdagi muhim bosqichi bo‘lgani qayd etilib, 2026 yildan tergov sudyalariga sanksiya va majburlov choralarini o‘zgartirish hamda bekor qilish vakolatlari berilishi aytildi. Odil sudlovni amalga oshirishda jamoatchilik ishtiroki va roli oshirib boriladi.
Bu tamoyillarning joriy etilishi O‘zbekiston sud-huquq tizimi mutlaqo yangi bosqichga chiqishini ta’minlashi shubhasiz. Tergov sudyalariga sanksiya va majburlov choralarini o‘zgartirish hamda bekor qilish vakolatlari berilishi ushbu sohani xalqqa yanada yaqinlashtiradi. Chunki har qanday holatdagi masalada fuqarolar sudda adolatli yechim bo‘lishiga umid qiladi. Joriy etiladigan me’yorlar ana shu umidlar amalda to‘laqonli ta’minlanishiga zamin yaratadi.
Endi jinoyat protsessiga ingliz huquqidagi davlatlarda ijobiy natija bergan “xalq vakillari hay’ati” instituti bosqichma-bosqich joriy etiladi. Bunda o‘ta og‘ir va jamiyatda shov-shuvga sabab bo‘layotgan jinoyatlar jamoatchilik vakillari ishtirokida ko‘rib chiqilishi sud hukmining yanada adolatli bo‘lishiga xizmat qiladi.
Odil sudlovni amalga oshirishda jamoatchilik ishtiroki va roli oshirib borilishi, jinoyatlar jamoatchilik vakillari ishtirokida ko‘rib chiqilishi sud sohasida tom ma’nodagi ochiqlik, xalqchillik, muhimi, adolat qaror topishiga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA
Ўзбекча
English
Русский