Huquqiy demokratik davlatning eng muhim ustuni — mustaqil va xolis sud hokimiyati. Faqat odil sudlov tizimi, avvalo, yuqori malakali va vijdonli sudya kadrlar korpusi bilan ta’minlangandagina samarali faoliyat yurita oladi.
Davlatimiz rahbarining 2025 yil 21 avgustdagi “Odil sudlov sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni shu maqsadga qaratilgan.
O‘zA muxbiri farmonda nazarda tutilgan maqsadlar va uni amalga oshirish chora-tadbirlari haqida O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi professori, yuridik fanlari doktori Foziljon Otaxonov bilan suhbatlashdi.
– Prezident farmoni sud tizimi uchun yuqori malakali huquqshunos kadrlar tayyorlashni xalqaro standartlar asosida yanada takomillashtirishga yo‘l ochdi.
Bu farmon ta’lim, ilm-fan va amaliyot uzviyligini ta’minlash orqali professional sudyalar korpusini shakllantirishga qaratilgan tarixiy hujjat, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Farmondagi eng muhim jihat qaysi?
– Sudyalar oliy maktabi faoliyatini tubdan isloh qilish maqsadida uning negizida O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi tashkil etilgani farmonning eng muhim qismidir.
Akademiya sud tizimi uchun kadrlar tayyorlaydigan asosiy muassasaga aylantirildi. Ta’lim jarayonida “ustoz-shogird” an’anasi, ya’ni «bo‘lajak sudyani sudya o‘qitadi» tamoyili joriy etildi.
Bu – amalda tajribali sudyalarni va faxriy sudyalarni jalb etgan holda yosh kadrlarga bilim va ko‘nikmalar berish mexanizmini yo‘lga qo‘yadi.
Bunday yondashuv Fransiyadagi Milliy sudyalik maktabi (ENM) tajribasida kuzatiladi. U yerda ham amaldagi sudyalar yosh kadrlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ustozlik qiladi. Bunday shakl kadrlar tayyorlashda nazariyadan ko‘ra hayotiy tajribani ustun qiladi va kelgusida sudyalarning kasbiy adaptatsiyasini yengillashtiradi.
– Akademiyada sudyalik lavozimlariga nomzodlar qancha vaqt davomida tayyorlanadi?
– Sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash Akademiyada shu yildan boshlab olti oylik kasbiy qayta tayyorlash kursida amalga oshiriladi.
Ushbu kurslar davlat granti asosida, sud ixtisosliklari, ya’ni jinoyat, iqtisodiy, ma’muriy va fuqarolik huquq yo‘nalishlari bo‘yicha tashkil etiladi. Kursga qabul qilingan tinglovchilar asosiy ish joyi bo‘yicha ozod qilinib (lavozimi saqlangan holda) to‘liq o‘qishga jalb etiladi va ularga har oy sudya yordamchisi oylik ish haqi miqdorida stipendiya to‘lanadi.
Buning ahamiyati shundaki, sudyalikka nomzodlar uchun yaratilgan mazkur tizim ularni moliyaviy va ijtimoiy jihatdan kafolatlangan holda chuqur kasbiy tayyorgarlikdan o‘tkazish imkonini berib, sud tizimi uchun yuqori malakali va mustaqil fikrlaydigan kadrlar zaxirasini ta’minlaydi.
Bunday amaliyot Germaniya va AQSH kabi davlatlarda ham qo‘llaniladi. Sudyalikka nomzodlar tayyorgarlik davrida davlat tomonidan moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlanadi. Chunki bu vazifa ulardan butun diqqat-e’tiborni talab qiladi.
– Akademiyaning kasbiy qayta tayyorlash kurslariga qabul jarayonida nomzodlar qanday tanlanadi?
– Qabul jarayoni yangicha yondashuv asosida amalga oshiriladi. Avvalo, Sudyalar oliy kengashi tomonidan nomzodlarning benuqson obro‘-e’tibori, halolligi va layoqatliligi bo‘yicha kasbiga munosibligi o‘rganiladi. Nomzodlar psixologik testdan o‘tadi, chet tillari va sud ixtisosligi bo‘yicha test sinovlarini topshiradi, Sudyalar oliy kengashi huzuridagi idoralararo komissiya tomonidan yozma imtihon va yakka tartibdagi suhbatdan o‘tadilar.
Tanlovda muvaffaqiyat qozonganlar kursga qabul qilinib, o‘qishni muvaffaqiyatli tugatgach, tegishli sertifikat oladi. Ushbu sertifikat egalari keyinchalik bo‘sh sudyalik lavozimlari tanlovlarida ishtirok etadi.
Bu jarayonda psixologik testning kiritilishi juda muhim. Chunki sudya nafaqat huquqiy bilimga, balki stressga chidamlilik, emotsional barqarorlik va ichki adolat hissiga ega bo‘lishi shart. Chet tillari bo‘yicha sinov esa sudyalarning xalqaro huquqiy jarayonlarda qatnashishga tayyorgarligini oshiradi. Shunga o‘xshash tanlov tajribasi Qozog‘iston va Latviyada ham mavjud bo‘lib, o‘zining ijobiy natijasini berayotgani e’tirof etilmoqda.
– Sudyalikka nomzodlarni tayyorlash jarayonida yana qanday zamonaviy yondashuvlar joriy etilmoqda?
– Nomzodlarni tayyorlash, albatta, zamonaviy yondashuvlar asosida amalga oshiriladi. Bu – ularning kasbiy salohiyatini shakllantirishda nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirishga qaratilgan kompleks yondashuvni nazarda tutadi.
Xususan, kasbiy qayta tayyorlash kurslarining “nazariya – amaliyot – imitatsiya” tamoyili asosida dual ta’lim shaklida tashkil etilishi tinglovchilarning qonun normalarini tatbiq qilish ko‘nikmalarini real amaliyot bilan bog‘lash imkonini yaratadi.
Shu bilan birga, deontologik uslubdagi amaliy mashg‘ulotlar ularning huquqni muhofaza qiluvchi organlar, advokatura, sud-ekspertiza va boshqa davlat organlari hamda muassasalar faoliyatida bevosita ishtirok etishini ta’minlaydi.
Bundan tashqari, sud majlislarini real vaqt rejimida kuzatish va sudyaning protsessual harakatlarini tahlil qilish imkonini beruvchi “virtual sud” mashg‘ulotlari hamda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha o‘quv jarayonlarining joriy etilishi nazarda tutilgan.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, “virtual sud” texnologiyasi – bu innovatsion yondashuv bo‘lib, u sud muhokamasini modellashtirish orqali tinglovchilarda jarayon psixologiyasi, sudyaning rolini anglash va protsessual harakatlarni tahlil qilish ko‘nikmalarini mustahkamlaydi. Sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish esa, sudyalarning raqamli huquqiy muhitda ishlash qobiliyatini rivojlantiradi.
Xulosa qilib aytganda, farmonda belgilangan chora-tadbirlar orqali sudya kadrlarini tayyorlash jarayoni bir yo‘la bir nechta muhim yo‘nalishda tubdan yangiladi: kadrlarni tanlashda shaffof va xolis mexanizmlarning joriy etilishi, kasbiy tayyorgarlikning moliyaviy-ijtimoiy kafolatlar bilan ta’minlanishi, ta’lim jarayonida nazariya, amaliyot va innovatsion texnologiyalarning uzviy uyg‘unlashuvi hamda deontologik yondashuv asosida amaliy ko‘nikmalarning mustahkamlanishi shular jumlasidandir.
Bunday kompleks modelning amaliyotga tatbiq etilishi, avvalo, yurtimizda sudyalar korpusining yangi avlodi – bilimli, halol, mustaqil fikrlaydigan va zamonaviy huquqiy yondashuvlarga ega kadrlarni shakllantirish imkonini yaratadi. Shu orqali odil sudlov tizimi nafaqat huquqiy davlatning, balki demokratik jamiyatning poydevori sifatida yanada mustahkamlanadi.
O‘zA muxbiri
Norgul Abduraimova
suhbatlashdi.
- Qo'shildi: 25.08.2025
- Ko'rishlar: 191
- Chop etish