Sun’iy intellekt kimlarni ishsiz qoldirishi mumkin?

Microsoft keng ko‘lamli tadqiqoti natijalarini e’lon qildi: unda generativ sun’iy intellekt (SI)ning mehnat bozoriga ta’siri o‘rganilgan.

Foydalanuvchilar va Microsoft Copilot o‘rtasidagi 200 mingdan ziyod anonim dialoglar asosida, tadqiqotchilar qo‘llaniluvchanlik indeksi — SI-metrikani shakllantirishdi. U sun’iy intellekt ishchi vazifalarda qanchalik faol foydalanilayotgani, uning samaradorligi hamda kasblar yo‘nalishidagi faoliyatning qancha qismini egallashi yoki to‘ldirishi mumkinligini aks ettiradi.

Natijalarga o‘tamiz: axborot, yozuv ishlari va kommunikatsiyalar bilan bog‘liq kasblar egalariga sun’iy intellekt (ishsiz qoldirish nuqtai nazaridan) eng ko‘p xavf solmoqda. Eng zaif kasblar top-40taligiga tarjimonlar, tarixchilar, yozuvchilar, muharrirlar, texnik yozuvchilar va data-scientists (biznes yechimlari uchun ma’lumotlar bilan ishlovchilar) kiritilgan. Masalan, tarjimonlarda SI qo‘llanilish indeksi 0,49 ni tashkil etdi — bu shuni anglatadiki, ularning vazifalarining qariyb yarmini sun’iy intellekt bajaryapti yoki to‘ldiryapti. Bundan tashqari, SI matnlar yozish, tahrir qilish, axborot xususiyatiga ega ma’lumotlarni tayyorlash va mijozlarning savollariga javob berishni yaxshi uddalayapti.

Buning aksi o‘laroq, sun’iy intellekt ommalashishidan (hozircha) xavotirlanmasa ham bo‘ladigan jismoniy mehnatni talab qiladigan yoki insonning bevosita ishtiroki talab etiladigan kasblar ro‘yxati tuzildi. Bular: haydovchilar, hamshiralar, dastgoh operatorlari, quruvchilar va farroshlar. Ularning ko‘pchiligi faoliyatida sun’iy intellektdan foydalanish indeksi deyarli nulga teng.

Sun’iy intellektning mehnat bozoriga bugungi ta’siri uzoq kelajak masalasi emas, bu allaqachon boshlanib ketgan transformatsiya, yuqorida takidlanganidek, insonning ayrim aqliy faoliyat yo‘nalishlarini egallay boshlagan. SI odamlarning o‘rnini to‘liq egallay olmaydi, biroq ba’zi kasblar yo‘nalishida qora mehnatni ishonch bilan o‘z gardaniga olmoqda. Kimki moslashsa va sun’iy intellektni ishlatishni o‘rgansa — samaradorlik va tezlik bobida faqat yutadi. Sun’iy ong imkoniyatlariga shubha qilganlar esa yangi professonal reallikdan chetda qolib ketishlari mumkin.

Xabar.uz

Powered by GSpeech