"Oila va gender" ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan "Yangi O‘zbekistonda to‘y, oilaviy tantana, ma’raka va marosimlarni ixcham va kamxarj o‘tkazishning oilalar iqtisodiyotiga huquqiy va ma’naviy ta’sirini tahlil qilish" mavzusidagi ilmiy-amaliy loyiha doirasida so‘rovnoma o‘tkazildi.
So‘rovlar 9 ta hududda 4 ta yo‘nalishda ya’ni, ota-onalar, nikohlanuvchi yoshlar, yosh oilalar va mahalla faollari o‘rtasida o‘tkazildi. So‘rovnomada ishtirok etgan ota-onalarning 64 foizi nikoh to‘yi marosimlarini oilaviy sharoitlarni inobatga olgan holda o‘tkazish kerak degan fikrni bildirishgan.
12 foizi ota-onalar farzandlari orzu-havasiga e’tibor qaratishgan bo‘lsa, 9 foiz respondentlar o‘z orzularini, shaxsiy manfaatlarini birinchi o‘ringa chiqarishgan.
Nikoh to‘yi tadbirlarini qayerda o‘tkazish maqsadga muvofiq? Ana shu savolga 50 foiz ota-onalar hashamatli restoranlarda, 28 foiz respondent ixchamlashtirilgan tartibda 100-150 kishilik to‘yxonalarda, 14 foizi maxsus tadbirlar zalida, 12 foizi esa o‘z hovlisida o‘tkazishni ma’qullagan. Shuningdek, so‘rovnomada ishtirok etgan ota-onalarning 43 foizi ixcham va tejamkorlik tamoyili asosida to‘y va marosimlarni o‘tkazish kerakligini ta’kidlashgan.
Mahalla faollari o‘rtasida o‘tkazilgan sotsiologik so‘rovnomada 35 yoshdan 65 yoshgacha bo‘lgan mahalla yettiligi xodimlari ishtirok etdi. Tadqiqotda ishtirok etgan mahalla faollarining 80 foizi to‘y va boshqa marosimlarni ixchamlashtirish bo‘yicha xabardorligi yuqori bo‘lib, qolgan 19 foizining xabardorligi yetarli emas.
Mahalla faollarining 33 foizi to‘yni dabdababozlikka yo‘l qo‘ymasdan o‘tkazish tarafdori bo‘lsalar, 22 foizi to‘yni sodda va oilaviy atmosferada o‘tkazilishini, 18 foizi oilaviy imkoniyatlardan kelib chiqib o‘tkazishni ma’qul ko‘rdilar. Lekin 13 foiz mahalla faollari tadbir natijasida odamlar orasida obro‘-e’tiborga ega bo‘lishni, 12 foiz faollar esa to‘y tadbiri juda muhim, uni har tomonlama maroqli va yodda qolarli o‘tkazish maqsadga muvofiq, degan fikrni bildirganlar.
Dabdabali to‘y, tantanalar va ta’ziya marosimlari jamiyatda nizoli oilalarning paydo bo‘lishi, oilalarning ijtimoiy mavqeiga salbiy ta’siri qay darajada, deyilgan savolga 40 foiz mahalla faollari salbiy ta’sir qilishini, 21 foizi esa to‘y va ta’ziya marosimlaridan keyin oila a’zolari o‘rtasidagi notinchlik kuchayayotganini, 11 foizi esa to‘y va ta’ziya marosimlardagi g‘arb mamlakatlaridan kirib kelayotgan yangi noan’anaviy urf-odatlar, madaniy an’analar ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan oilalarga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ma’lum qilgan.
Tahlillar bugungi kunda aholining o‘rtacha yillik daromadi bilan to‘y xarajatlari o‘rtasida katta nomutanosiblik borligini ko‘rsatmoqda. Ya’ni, ko‘pchilik oilalar to‘y uchun kamida ikki barobar ortiq miqdorda mablag‘ jalb qiladi va natijada oila moliyaviy jihatdan 3-4 yil davomida tiklanolmaydi. Ayrim holatlarda to‘y xarajatlari oilaning 3 yillik daromadidan ham ortiq bo‘lib, qarzdorlikka olib kelmoqda.
Yosh oilalar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlardagi respondentlardan 43 foizi to‘ylarni sodda va kam xarajat qilib o‘tkazish zarurligini ta’kidlagan. 17 foiz yoshlar to‘ylarda ortiqcha xarajat qilish holatlariga e’tibor qaratgan. 15 foiz yosh oilalar esa eng an’anaviy va mumtoz marosimlarni, yosh oilalarning 14 foizi kreativ va o‘ziga xos shakllarni ma’qul ko‘rgan, 11 foizi esa tarixiy va zamonaviy me’yorlarga moslashtirishni muhim, deb hisoblagan. Bu holat jamiyatda marosimlarni tashkil qilishga oid qarashlar turlichaligini, ammo ko‘pchilik ularning sodda va tejamkor bo‘lishi tarafdori ekanini ko‘rsatadi.
Nikohlanuvchi yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalari to‘yda dabdabadan ko‘ra soddalik va samimiylik ustun ekanini ko‘rsatdi. Respondentlarning 31 foizi to‘yni oilaviy muhitda o‘tkazishni afzal ko‘rsa, so‘rovnomada qatnashganlarning 18 foizi moliyaviy imkoniyatlarga moslashishni muhim deb hisobladi. 15 foiz ishtirokchi ma’naviy jihatlarga e’tibor qaratdi, 17 foiz yoshlar yodda qolarlilikni ustuvor ko‘rdi. 19 foizi esa obro‘ va tashqi ta’sirlarni inobatga oldi. Demak, yoshlar ortiqcha xarajatdan ko‘ra ma’naviy jihatlarga ko‘proq e’tibor qaratmoqda.
So‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning 34 foizi to‘yni ortiqcha dabdabalarsiz o‘tkazishni eng muhim deb baholagan. Bu holat yoshlar orasida tejamkorlik va moliyaviy mas’uliyat kuchayib borayotganini ko‘rsatadi. Shuningdek, 19 foiz ishtirokchi to‘y byudjetiga yoshlar va oila a’zolarining xohish-istaklarini moslashtirishni muhim deb bilsa, yana 18 foiz hamyurtimiz xarajatlarni rejalashtirish va hisob-kitobni muvaffaqiyatli to‘yning asosiy sharti sifatida ko‘rgan.
So‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning asosiy qismi – 59 foizi – to‘y uchun 10–30 million so‘m oralig‘ida byudjet rejalashtirgan. Bu ko‘pchilik uchun eng maqbul va amaliyotda keng tarqalgan mablag‘ sifatida namoyon bo‘lmoqda. Shu bilan birga, 25 foiz ishtirokchi 30–50 million so‘m sarflashni ko‘zda tutgani ularning marosimga jiddiy tayyorgarlik va muayyan moliyaviy imkoniyatga egaligini ko‘rsatadi.
Bu boradagi muammolarni hal etish uchun davlat, jamoat va diniy tashkilotlar hamkorligida ma’naviy targ‘ibot, maslahat xizmatlari hamda ijtimoiy tarmoqlarda kamxarj va milliy to‘ylarni targ‘ib qilish zarur.
N.Usmonova, O‘zA
- Qo'shildi: 09.09.2025
- Ko'rishlar: 236
- Chop etish