Bugungi globallashuv davrida inson qadri, erkin fikrlash huquqi va vijdon erkinligi eng muhim ijtimoiy qadriyatlardan biriga aylanmoqda. Xalqaro hamjamiyat, zamonaviy demokratik jamiyatlar va inson huquqlari bo‘yicha asosiy hujjatlar – BMT Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida bu erkinlik alohida e’tirof etilgan. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 35-moddasida ham “Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi” deya ochiq belgilab qo‘yilgan.
Ha, vijdon erkinligi juda muhim va qiziq masala. Keling, bu erkinlikning nima ekani va unga ta’sir qiluvchi muhim omillar haqida fikr yuritib ko‘raylik.
Vijdon erkinligi faqatgina e’tiqod tanlash yoki diniy marosimlarni bajarish huquqi bilan cheklanmaydi. U shaxsning ichki dunyosi, axloqiy tamoyillari, hayotiy qarashlari va fikr erkinligini o‘z ichiga oladi. Aynan shu sababli, vijdon erkinligi yoshlarda mustahkam ma’naviy poydevor yaratishda o‘ta muhim vosita hisoblanadi.
Bugun yoshlar turli axborot oqimi ostida ulg‘aymoqda. Ijtimoiy tarmoqlar, xorijiy madaniyat ta’siri va diniy mafkuralar bilan yuzma-yuz turibdi. Bunday sharoitda vijdon erkinligiga asoslangan tarbiya ularni tanqidiy fikrlovchi, hurfikr, axloqan sog‘lom, ijtimoiy jihatdan faolligi yuqori insonlar etib voyaga yetkazadi.
Shuningdek, qator ijobiy jihatlarini sanash mumkin. Xususan, u fikr erkinligi va tolerantlikni shakllantiradi. Vijdon erkinligi jamiyatda turli fikrlar, e’tiqodlar va madaniyatlarning birga yashashiga imkon yaratadi. Bu esa yoshlar orasida bag‘rikenglik, sabr-toqat, hurmat kabi fazilatlarni kuchaytiradi.
U shaxsiy mas’uliyat va axloqiy immunitetni oshiradi. Inson o‘z e’tiqodiga, vijdoniga tayangan holda qaror qabul qilganida, uning axloqiy barqarorligi mustahkam bo‘ladi. Bu yoshlarni g‘arazli mafkuralardan, ekstremizm va radikalizm xavfidan himoya qiladi.
Yana bir muhim jihat. Vijdon erkinligi ijodkorlik va tanqidiy fikrlashga zamin yaratadi. Erkin fikrlash muhitida ulg‘aygan yoshlar mustaqil tahlil qilish, muammoga yangicha yondashish qobiliyatiga ega bo‘ladi. Bu esa zamonaviy ta’lim va innovatsiyalar uchun muhim poydevordir.
Bularning barchasi, albatta tarbiya va ta’lim jarayonlari bilan chambarchas bog‘liq.
Bilamizki, bizning davlatimiz – boshqaruvi respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat. Bu asosiy Qomusimizning eng dastlabki moddalarida yozib qo‘yilgan. Demakki, ta’lim ham mamlakatimizda aynan shunga mos tarzda tashkil etilgan. Shu o‘rinda ta’limning dunyoviyligi xususida to‘xtalish joiz.
Dunyoviylik tushunchasi ko‘p hollarda noto‘g‘ri talqin qilinadi. Afsuski, ba’zan vijdon erkinligi bilan zid qo‘yiladi. Aslida, dunyoviylik – dinni inkor etish emas, balki barcha e’tiqodlarga nisbatan betaraf, adolatli va neytral yondashuvni anglatadi. Dunyoviy ta’lim tizimi yosh avlodga diniy emas, balki ilmiy asoslangan bilimlar berishga yo‘naltirilgan bo‘lib, shu bilan birga, ularning vijdon erkinligini to‘liq ta’minlashga qaratilgan. Bu yondashuv yoshlarni bir e’tiqodga majburlamasdan, ularning erkin fikrlashi va mustaqil qaror qabul qilish qobiliyatini shakllantiradi.
Keling, ayrim xorijiy mamlakatlardagi tajribani ko‘rib chiqaylik. Masalan, Fransiyada 1905 yildan boshlab qabul qilingan dunyoviylik to‘g‘risidagi qonun asosida barcha diniy tashkilotlar va davlat bir-biridan ajratilgan. Maktablar e’tiqodni emas, balki ilmiy fikrlashni targ‘ib qiladi. Shunga qaramay, bu mamlakatda har bir shaxsning vijdon erkinligi qat’iy himoyalangan. Turkiyada ham XX asrdan boshlab dunyoviy ta’lim tizimi joriy etilgan bo‘lib, u diniy bilimlarni emas, balki umumiy insoniy qadriyatlar va fan asosidagi ta’limni birinchi o‘ringa qo‘yadi. Shu bilan birga, davlat tomonidan diniy erkinliklar to‘liq kafolatlangan.
Skandinaviya davlatlarida vijdon erkinligi nafaqat huquqiy, balki tarbiyaviy mezon sifatida maktabgacha ta’limdan boshlab yosh avlodga singdiriladi. Bu mamlakatlarda bolalar yoshligidanoq boshqa insonlarning diniy va madaniy qarashlariga hurmat bilan qarashga o‘rgatiladi. Bunda ta’lim tizimi diniy neytrallik tamoyiliga asoslanadi, biroq har bir o‘quvchining e’tiqodiga hurmat bilan qaraladi. AQSHda ham e’tiqod va vijdon erkinligi qat’iy himoya qilinadi. Maktablarda turli e’tiqodga mansub o‘quvchilarga teng sharoit yaratiladi. Bu, o‘z navbatida, milliy birlik va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashda asosiy vositalardan biri sifatida qaraladi. Malayziyada esa diniy xilma-xillikni inobatga olib, davlat siyosatida barcha diniy qarashlarga nisbatan adolatli yondashuv yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa yoshlarda o‘z madaniyatiga sadoqat bilan birga, boshqa din vakillariga nisbatan tolerantlikni oshirishga xizmat qilmoqda.
Dunyoviy davlatni rivojlantirish yo‘lida ta’lim yo‘nalishidagi dunyoviylikni ta’minlash juda muhim. Boisi, aynan ta’lim tizimining har bir bosqichida yoshlarga vijdon erkinligi va dunyoviylik tushunchalarining mohiyatini to‘g‘ri anglash va undan to‘g‘ri foydalanish xususida bilimlar berib borilishi zarur.
Ta’limdagi dunyoviylik ta’lim jarayonida ta’lim oluvchilarda diniy aqida va qarashlardan xoli tarzda ilmiy bilimlarni, mantiqiy fikrlash ko‘nikmalarini, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni shakllantirish, qarashlar xilma-xilligini hurmat qilish, umumjamiyat manfaatlariga hissa qo‘shish g‘oyalariga tayanishdan iboratdir.
Ma’lumki, mamlakatimizda 130 dan ortiq millat vakillari yashaydi, ularning turli dinga e’tiqod qilishlarini ham bilamiz. Maktabu universitetlarda ularning hammasi ham yonma-yon, bir tizimda ta’lim oladilar. Demak, yuqorida aytayotganimiz vijdon erkinligi tushunchasining to‘g‘ri anglanishi bizning jamiyatimiz uchun, har birimiz uchun nihoyatda muhim.
Tasavvur qiling, ta’limda diniy betaraflikni saqlash va diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘ymaydigan muhitni ta’minlab bermasak nima bo‘ladi? Albatta, bu vijdon erkinligining ta’minlanmasligiga olib keladi. Aslida biz insonparvarlik va adolat, do‘stlik va hamjihatlik, milliy va umuminsoniy g‘oyalarga hurmat kabi qadriyatlarni singdirib borishimiz, axloqiy masalalarga maqbul yechim topish ko‘nikmalarini shakllantirishimiz kerak.
Aks holda vijdon erkinligi noto‘g‘ri talqin qilinib, diniy radikalizm va ekstremistik faoliyatni oqlashga urinishlar paydo bo‘ladi. Bu esa ijtimoiy xavfli holatlarning yuzaga chiqishiga olib keladi.
Agarda biz vijdon erkinligini to‘g‘ri anglatsak, turli diniy e’tiqodlar va ta’limotlarning tarixi, rivojlanish bosqichlari va zamonaviy tendensiyalari to‘g‘risida xolisona bilim berishni, shuningdek, turli dinlar, madaniyatlar va dunyoqarashlarga nisbatan hurmat, bag‘rikenglik va tushunish muhitini ta’minlasak, ta’limda dunyoviylikning hamma ijobiy jihatlarini ko‘rsata olamiz.
Vijdon erkinligi va insonning ichki axloqiy holati, jamiyatdagi bag‘rikenglik va hurmat islom dinida ham chuqur o‘rganilgan va qadrlangan.
Ta’limdagi dunyoviylik ham aynan shu xislatlarga ega yoshlarimizning yangilikka intilishi, fanlarni chuqur o‘zlashtirib, o‘z hayotini farovonlashtirish, jamiyatni ahillikda kuchaytirish, mamlakatni rivojlantirish yo‘lida bilimlarini charxlashi va foydali tadqiqotlar natijalarini hayotga joriy qilish bilan ko‘rinadi.
Demakki, vijdon erkinligi – bu insoniyatning eng muqaddas huquqlaridan biri. U nafaqat huquqiy, balki tarbiyaviy, ma’naviy va axloqiy omil sifatida jamiyatning rivojida beqiyos o‘rin tutadi. Ayniqsa, yoshlar tarbiyasida bu erkinlik sog‘lom fikrli, ma’naviy boy va bag‘rikeng shaxslarni shakllantirishga xizmat qiladi. Uni asrash, to‘g‘ri yo‘naltirish va himoya qilish – barchamizning muqaddas burchimiz.
Gulchehra Rixsiyeva O‘zA
- Qo'shildi: 20.06.2025
- Ko'rishlar: 132
- Chop etish