Dunyoda qanchalar og‘ir geopolitik vaziyat yuzaga kelmasin, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida mustahkam hamkorlik ishlari olib borilmoqda. Bu davlatlarning ishonch tamoyillariga asoslangan o‘zaro manfaatli siyosatni yo‘lga qo‘yish va barqaror rivojlanish uchun sharoit yaratadigan yaxshi qo‘shnichilik natijasidir.
Shu nuqtai nazardan Farg‘ona vodiysida umumiy qo‘shnichilik maydoni bo‘lgan O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston ham hamkorlikni faol rivojlantirmoqda va o‘zaro aloqaning yangi mexanizmlarini shakllantirmoqda.
Farg‘ona vodiysi tarixan davlatlar umumiy zaxiralardan foydalanadigan yagona makon bo‘lib kelgan. Biroq mustaqillikning dastlabki yillarida chegara muammolari yuzaga chiqdi. Natijada millatlararo mojarolarga sabab bo‘ldi. Bundan tashqari, yaqinlashib kelayotgan suv inqirozi, ko‘plab etno-hududiy anklavlarning mavjudligi vodiyning 16,5 milliondan ortiq aholi zich joylashgan mintaqa ekanligi xavotirni yanada kuchaytirdi. Ushbu omillarning uyg‘unligi butun Markaziy Osiyoning barqarorligi va rivojlanishi uchun xavf hamda tahdidlarni keltirib chiqardi.
Ammo bugun davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli mintaqada ishonch va o‘zaro tushunish bilan tavsiflangan yangi siyosiy iqlim yaratildi. Hududiy qarama-qarshiliklar, suv resurslarini taqsimlash muammolari, do‘stlik va hamkorlik ruhidagi hayot tarzi qaror topdi.
2025 yil 31 mart kuni Xo‘jandda O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida davlat chegaralarini kesish nuqtasi to‘g‘risidagi shartnoma imzolanishi tarixiy voqea bo‘ldi va bu qadriyatlarni mustahkamladi.
Bu esa xalqaro munosabatlar tizimida Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlik yangi ta’sirchan kuch ekanini namoyon qildi.Ulkan iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi, logistika, sanoat sohalarida va turizmda butun mintaqani yanada rivojlantirish uchun mutlaqo qulay imkoniyatlar ochdi.
Qolaversa, xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirish, jumladan, "Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston" temir yo‘lining barpo etilayotgani Farg‘ona vodiysi muhim tranzit markazi maqomini kasb etishidan darak bermoqda.
Farg‘ona vodiysi Markaziy Osiyoning unumdor mintaqasi sifatida tanilgan bo‘lib, unda mavjud qishloq xo‘jaligi salohiyatini to‘liq ochib berish uchun imkoniyatlar mavjud, qo‘shma agrosanoat klasterlarini yaratish talab etiladi.
Neft, gaz, ko‘mir, temir, mis va boshqa foydali qazilmalar zaxiralari tufayli Farg‘ona vodiysining sanoat-iqtisodiy imkoniyatlari hamon jozibali bo‘lib qolmoqda.
Farg‘ona birinchi tinchlik forumi shu jihatlari bilan ham zaruratga aylandi. Shuning uchun uning ishida qirqqa yaqin davlat siyosatchilari va ekspertlari ishtirok etmoqda. Uning shiori esa:
– Ishonch, muloqot va millatlararo totuvlikni mustahkamlash tinchlik va barqarorlikni ta’minlash maqsadida Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishi;
– Farg‘ona vodiysini har tomonlama iqtisodiy rivojlantirish uchun ichki salohiyatni safarbar qilish, tashqi resurslar va investitsiyalarni jalb qilish;
– Farg‘ona vodiysining ishonch, muloqot va millatlararo totuvlik hududi sifatida xalqaro qiyofasini shakllantirish.
Ertaga Farg‘ona birinchi tinchlik forumi o‘z ishini boshlaydi.
Muhammadjon Obidov, O‘zA
- Qo'shildi: 15.10.2025
- Ko'rishlar: 108
- Chop etish