Olti davlatda o‘tkazilgan xalqaro tadqiqot mualliflari to‘rt kunlik ish haftasi xodimlar ruhiy va jismoniy salomatligi uchun foyda ekanligini aytib, bosim va charchoqni kamaytiradi, deya ta’kidlamoqda.
Avstraliya, AQSH, Buyuk Britaniya, Kanada, Irlandiya va Yangi Zelandiyada 141 tashkilotning 2 900 xodimi ishtirok etgan loyiha davomida ish vaqti 20 foiz qisqartirilib, ish haqi o‘zgartirilmagan. Olti oy davomida ushbu xodimlar kamroq charchash alomatini sezib, yaxshi uxlagani, ishga nisbatan ijobiy munosabat shakklanganini qayd etgan.
Boston kolleji professori Ven Fan natija turli mamlakat va kompaniyalarda bir xil ijobiy ko‘rsatkich namoyon bo‘lganiga urg‘u bergan. Kembrij universiteti professori Brendon Berchell esa mazkur tadqiqotni "ish vaqtini qisqartirish bo‘yicha eng asosli isbotlardan biri" deb atadi.
Izlanuvchilar fikricha, hatto ish soati ozroq qisqartirilgan holda ham sog‘liq va ish qoniqishi sezilarli darajada yaxshilangan.
Loyihada yuqori daromadli mamlakatlar ishtirok etgan bo‘lsa-da, natija boshqa mintaqalar uchun ham muhim tajriba sifatida baholanmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA
- Qo'shildi: 22.07.2025
- Ko'rishlar: 417
- Chop etish