Turkmaniston matbuoti O‘zbekiston tashabbuslariga e’tibor qaratdi

“Turkmenportal” nashrida “O‘zbekiston Turkmaniston va Qozog‘iston ishtirokida turistik halqa yaratishni taklif qilmoqda” sarlavhali maqola e’lon qilindi.

– O‘zbekiston bir vaqtning o‘zida mintaqaning bir necha davlatiga borish istagidagi xorijlik sayyohlarni jalb qilish uchun Markaziy Osiyoning uch davlatini birlashtiradigan yangi turistik halqa yaratishni taklif qildi, – deyilgan maqolada. – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2025–2026 yillarda sayyohlar oqimini keskin ko‘paytirish va turistik xizmat ko‘lamini jadal kengaytirish orqali turizmning iqtisodiyotdagi o‘rni va ahamiyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida transchegaraviy qo‘shma turistik marshrutlarni kengaytirish maqsadida “Turkmaniston – Xorazm – Qoraqalpog‘iston – Qozog‘iston” yo‘nalishida turistik yo‘lak-halqa yaratish belgilangan.

Ayni payt Turkmaniston va Qozog‘istonning turizm departamenti va kompaniyalari bilan hamkorlikda ushbu tashabbus ishlab chiqilmoqda.

Yo‘nalishlar tarmog‘iga YUNESKO Jahon merosi ob’ektlari maqomiga ega 16 ta, shuningdek milliy va mintaqaviy ahamiyatga ega ob’ektlar kiradi.

Turkmanistonning Qadimgi Marv shahri, "Darvoza" gaz krateri, Ko‘xna Urganch manzillari,  Xorazmdagi Ichan qal’a, Dishan qal’a, Qoraqalpog‘istondagi I.V.Savitskiy muzeyi, Qizil qal’a, Chilpiq qal’a, Tuproq qal’a, Ayoz qal’a, Sulton Uvays Bobo ziyoratgohi, Qozog‘istonning Torish vodiysi, Bo‘zjira vodiysi, Shaqpaq Ota maqbarasi, Sherqal’a tog‘i shular jumlasidan.

Bu xalqa nafaqat sayohat ixlosmandlari, balki madaniyat, tarix, san’at va tabiatni

sevuvchilar uchun ham chinakam kashfiyot bo‘lishi mumkin.

Bu hududlar rivojlangan etnoturizm tizimi, hunarmandlik, gastronomik an’ana va xilma-xil tabiiy landshaft – cho‘l va dashtdan tortib, tog‘ tizmasi va daryolar sifatida mashhur.

Sayyohlar va turistik tashkilotlarga mazkur yo‘nalish bo‘yicha mustaqil ravishda yoki turistik guruhlar tarkibida betakror sarguzashtga boy sayohat tashkil etish tavsiya etiladi.

Muharrama Pirmatova, O‘zA

Powered by GSpeech