UNICEF: G‘azoda 6000 nafar falastinlik bola to‘yib ovqatlanmayapti

BMT Bolalar jamg‘armasi (UNICEF) ma’lum qilishicha, iyun oyida Isroil hujumi tufayli G‘azo sektorida qariyb 6000 nafar falastinlik bolaga to‘yib ovqatlanmaslik tashxisi qo‘yilgan. Ularning mingdan ortig‘i “o‘ta og‘ir holatdagi kamqonlik”dan aziyat chekmoqda. Bunday tashxis qo‘yilgan o‘g‘il-qizlar soni, to‘rtinchi oydirki, uzluksiz oshmoqda.

“Anadolu” yozishicha, UNICEF bayonot berib, jamoatchilikni muntazam ravishda G‘azoda yashovchi falastinliklarga “tezkor, keng qamrovli gumanitar yordam” ko‘rsatishga chaqiryapti.

G‘azo sog‘liqni saqlash idorasi ma’lumotiga ko‘ra, Isroil qo‘llayotgan qamal va tizimli siyosat tufayli mintaqada ocharchilik tobora keng yoyilmoqda. Qariyb 18 yildan buyon sektorga nisbatan cheklov amal qilmoqda. Jami 2,4 million aholisi bor ushbu hududda ayni payt 1,5 million kishi uy-joyini yo‘qotgan yoki uzluksiz hujum tufayli majburiy ko‘chmanchiga aylangan.

BMT tarkibidagi Falastinlik qochqinlarga yordam berish ishlarini muvofiqlashtirish agentligi insonparvarlik yordami yo‘llari to‘sib qo‘yilishi oqibatida mart oyidan buyon G‘azoda to‘yib ovqatlanmaslik holati keskin ko‘payganiga e’tibor qaratgan. Joriy yil 2 martdan boshlab yuzlab yordam yuk mashinasidan juda oz qismiG‘azo chegarasidan o‘ta olgan. Tahlilga ko‘ra, mintaqa ehtiyojini qondirish uchun kuniga kamida 500 yuk mashinasi kirishi lozim.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yil 7 oktyabrdan buyon urush tufayli hududda ko‘pchilik ochlikka mahkum. Harbiy harakat natijasida halok bo‘lgan yoki yaralangan 196 000 dan ortiq falastinlikning ko‘pchiligi ayollar va bolalar. 10 000 dan ziyod insonning taqdiri hamon noma’lum, yuz minglab odam uyini tark etishga majbur bo‘lgan.

B.Xudoyberdiyev, O‘zA

Powered by GSpeech