Huquqiy munosabat
Fuqarolar o‘ziga tegishli mol-mulkka o‘z ixtiyoriga ko‘ra egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi. Ammo ular vafot etganda, bevosita uning merosxo‘rlari haqli bo‘ladi.
Xo‘sh, bu holatda qancha muddat talab etiladi?
Toshkent davlat yuridik universiteti o‘qituvchisi Javohir Eshonqulov bu borada quyidagicha tushuntirish berdi:
– O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1146-moddasiga muvofiq, merosxo‘rga merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi guvohnoma meros ochilgan kundan boshlab olti oy o‘tgach notarius tomonidan beriladi.
Bu guvohnoma merosxo‘rning mol-mulk ustidan egalik qilish huquqini tasdiqlaydi va shu guvohnomani olganidan keyin merosxo‘r o‘z nomiga rasmiylashtirilgan mol-mulkni, avtomashina yoki uy-joyni sotish huquqiga ega bo‘ladi.

Biroq agar barcha merosxo‘rlar ma’lum bo‘lsa va boshqa da’vogarlar yo‘qligi aniq bo‘lsa, notarius olti oylik muddat tugamasidan oldin ham guvohnoma berishi mumkin (FK 1146-modda, 2-qism).
Meros mol-mulkni ayniqsa, avtomobil yoki ko‘chmas mulkni sotishdan avval ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishi shart. Davlat ro‘yxatidan o‘tkazmasdan turib, mulkni oldi-sotdi qilish mumkin emas. Faqat ro‘yxatga olinib, egasi o‘zgarganidan keyin merosxo‘r u mol-mulkni qonuniy ravishda sotishi mumkin.
Jumladan, avtomashinani yoki boshqa meros mol-mulkini sotish uchun merosga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi guvohnoma olinishi zarur. Odatda bu guvohnoma meros ochilganidan keyin 6 oy o‘tib beriladi. Maxsus holatlarda bu muddatdan oldin ham olish mumkin. Meros davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi kerak.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA
- Qo'shildi: 19.06.2025
- Ko'rishlar: 224
- Chop etish