"Jonajon Vatanimiz timsoli va mustaqilligimiz ramzi bo‘lgan davlat bayrog‘imiz, madhiyamiz va gerbimizga, menga topshirilgan Prezidentlik Oliy nishoni va bayrog‘iga yuksak hurmat bajo keltiraman".
Bu so‘zlar – davlatimiz rahbari joriy yil 6 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining O‘zbekiston Respublikasi saylangan Prezidentining lavozimiga kirishishiga bag‘ishlangan qo‘shma majlisida so‘zlagan nutqidan iqtibos.
Bu so‘zlar – Yangi O‘zbekiston va Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish yo‘lida ezgu niyatlar bilan qadam qo‘yayotgan mehnatkash va bag‘rikeng xalqimiz hurligi, sha’ni, qadr-qimmati timsollariga yuksak munosabat ifodasi.
Bu so‘zlar – mustaqil davlatimiz suverenitetining asosiy belgilarini e’zozlashning yorqin namunasi.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i ana shunday e’zoz va e’tirofga munosib davlat ramzidir. Joriy yil 18 noyabr kuni mustaqil va jonajon O‘zbekistonimizning Davlat bayrog‘i qabul qilinganiga 30 yil to‘ldi.
Bayroq – davlatning tuzumini, shu davlatda yashovchi xalqning tabiati, mentaliteti, iqtisodiy asoslari va boshqa muhim belgilarini anglatadigan gerb, madhiya, milliy valyuta kabi eng muhim timsollardan biri. Tarixiy manbalarga qaraganda, mustaqil davlat va unda yashovchi fuqarolar daxlsizligi ifodasi hisoblanuvchi bu ramzlarni yaratish g‘oyasi ilk bor ming yillar muqaddam qadimgi ovchilar va jangchilar orasida tug‘ilgan.
Dastlabki bayroqlar hayvon terisi yoki qush patlaridan yasalgan. Keyinchalik bayroqlarda turli jonzotlar tasvirini aks ettirish an’anaga aylangan. Shu tariqa bayroq davlatning ramziy belgilaridan biri sifatida shakllanishning uzoq tarixiy yo‘lini bosib o‘tgan.
Hozirgi davrda davlat bayrog‘ining ahamiyati ayniqsa yuksak hisoblanadi. Chunki xalqlarning mustaqillik uchun kurashi va bu yo‘lda erishgan g‘alabasi timsollari, jumladan, ular tuzgan davlatning bayrog‘ida ham o‘z aksini topmoqda.
Bashariyat tarixining barcha davrlarida barcha xalqlar uchun o‘z davlat ramzlari, xususan, davlat bayrog‘i Vatan va istiqlol timsoli sifatida aziz hamda muqaddas sanalgan. Shu ma’noda, O‘zbekistonda – hali sobiq ittifoq, uning kuch-qudrati, siyosati, davlat ramzlari amalda bo‘lib turgan bir paytda – 1990 yil mart oyidayoq davlat ramzlari haqidagi masala parlament sessiyasida muhokama qilingani alohida e’tiborga sazovor.
O‘zbekiston 1991 yil 31 avgustda davlat mustaqilligini e’lon qilgani bu boradagi izchil izlanishlarga yangi kuch va ilhom bag‘ishladi. Natijada mamlakat parlamenti 1991 yil 18 noyabrda davlatimiz suverenitetining ramzlaridan biri – O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘ini tasdiqladi. Shu kuni “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.
Davlat bayrog‘i 1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida konstitutsiyaviy maqomga ko‘tarildi. Asosiy Qonunimizning 5-moddasida: “O‘zbekiston Respublikasi o‘z davlat ramzlari – bayrog‘i, gerbi va madhiyasiga ega”, degan norma mustahkamlandi.
“O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonunning 4-moddasida belgilanganidek, “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i — bayroqning butun uzunligi bo‘ylab o‘tgan to‘q moviy rang, oq rang va to‘q yashil rangli uchta endan tarkib topgan to‘g‘ri to‘rtburchak shaklidagi matodir”. Bunda:
moviy rang – yurtimizdagi barcha millatlar turli xil xavf-xatarlardan xoli, emin-erkin holda ahil-inoq yashab kelayotgan musaffo osmonimiz hamda obi hayot ramzi;
oq rang – davlatimiz fuqarolarining o‘zaro hamjihatlikda, bir-birini hurmat qilib, diniy bag‘rikenglik tamoyillari asosida tinch-totuv yashayotganining timsoli;
yashil rang – tabiatning yangilanishi hamda ona-yurtimizning bepoyon yeru serhosil dalalarining ifodasidir.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining yuqori qismidagi moviy rangli enning yuz tomoni va orqa tomonida dastaga yaqin joyida oq rangli yangi oy va uning yonida o‘n ikkita oq rangdagi besh qirrali yulduz tasvirlangan. Ushbu tasvirlar ham xalqimizning azaliy qadriyatlariga asoslangan muhim timsollar sirasiga kiradi.
Davlat bayrog‘ini ko‘tarish bilan bog‘liq tartib-qoidalar “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan. Shuni ham aytish kerakki, Davlat bayrog‘i xalqaro maydonda: mamlakatimiz rasmiy delegatsiyalarining xorijiy mamlakatlarga safarlari chog‘ida, xalqaro tashkilotlarda, anjumanlarda, jahon ko‘rgazmalarida, sport musobaqalarida O‘zbekiston Respublikasining timsoli hisoblanadi.
Shu o‘rinda mamlakatimiz sportchilari bundan 25 yil muqaddam ilk bor O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i ostida mustaqil jamoa sifatida olimpiya o‘yinlarida ishtirok etganini qayd etish lozim. Joriy yilning ayni paytiga qadar esa yurtimiz bayrog‘i xalqaro sport maydonlarida qariyb 430 marotaba baland ko‘tarildi.
Qonun talabiga muvofiq, Davlat bayrog‘ini o‘rnatishning aniq tartib-qoidasi bor. Davlat bayrog‘i:
- binolarning asosiy kirish joyida yoki buning uchun maqbul bo‘lgan boshqa joyda;
- tegishli tutqichi bo‘lgan dastada;
- flagshtokda bayroqning dastasi binoning old tomoni bilan ko‘pi bilan 45 gradusli burchak hosil qiladigan tarzda o‘rnatiladi.
Bunda Davlat bayrog‘ining matosi yer sathidan kamida 2,5 metr balandlikda bo‘lishi kerak.
Davlat bayrog‘ini hurmat qilishda fuqarolarning zimmasiga muayyan majburiyat yuklanadi. O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari, shuningdek O‘zbekistonda chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ham Davlat bayrog‘ini hurmat qilishlari shart.
O‘zbekistonning mustaqilligi ramzi va Vatanimiz timsoli – Davlat bayrog‘i o‘zida o‘zbek xalqining asriy orzu-istaklari, shon-sharafi va xalqimizga xos mehmondo‘stlikni mujassam etgan. Shu bois u barchamizning faxr-iftixorimiz ifodasidir.
Yanada muhimi, Vatan bayrog‘ini asrab-avaylash, Vatanni sevish, uning uchun jonni fido qilishga tayyor bo‘lish har birimizning eng oliy burchimizdir.
Oydin Ibrohimova,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi Matbuot xizmati xodimi
- Qo'shildi: 18.11.2021
- Ko'rishlar: 3977
- Chop etish