Qonun loyihasiga muvofiq, hokim lavozimiga nomzod tegishli xalq deputatlari Kengashida nomzodi koʻrib chiqilayotganda hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi bilan bir qatorda, hududda korrupsiyaning oldini olish boʻyicha harakatlar rejasini ham taqdim etishi lozim boʻladi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi aʼzoligiga nomzodlar Qonunchilik palatasida nomzodi koʻrib chiqilayotganda va maʼqullanayotganda oʻz faoliyat dasturi bilan birga tizimda korrupsiyaning oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini ham taqdim etishi belgilanmoqda.
Yigʻilishda qonun loyihasining qabul qilinishi rahbar lavozimlarga tavsiya etilayotgan shaxslarning davlat xizmatini ochiqlik va hisobdorlik tamoyillari asosida amalga oshirishga boʻlgan masʼuliyatini yanada oshirishga xizmat qilishi alohida qayd etildi. Qizgʻin muhokamalardan soʻng qonun loyihasi qoʻllab-quvvatlandi.
Kun tartibidagi masalalar atroflicha koʻrib chiqilib, tegishli qaror qabul qilindi.
“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati»